Jahon ayollari qashshoqlikka qarshi kurash, yaxshi sharoitlarda ishlash, o‘z sha’ni va huquqlarini himoya qilish, tenglikka erishish va tinchlik yo‘lidagi tashabbuslarni hamisha qo‘llab-quvvatlaydi.
1910 yilda Kopengagenda o‘tgan xalqaro konferensiyada 8 martni Xalqaro xotin-qizlar kuni sifatida nishonlash taklifi ko‘tarildi. Bu kun birinchi marta 1911 yilda nishonlandi. Asta-sekin ushbu sanani u yoki bu darajada nishonlaydigan mamlakatlar soni ko‘payib bordi. 1957 yilda BMTda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar ijtimoiy huquqlari uchun kurash kuni, degan yozuv paydo bo‘ldi.
1965 yildan boshlab dam olish kuni sifatida belgilandi. Shundan so‘ng hukumat tantanali tadbirlarda ayollarga nisbatan davlat siyosatida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida hisobot bera boshladi. Asta-sekin xalqaro xotin-qizlar kuni ayollarning o‘z huquqlarini talab qilganliklari uchun emas, balki ularni qadrlash, hurmat qilish va e’zozlash kuni sifatida nishonlana boshlandi.
Yurtimizda ham xotin-qizlar uchun keng imkoniyatlar, qulayliklar yaratilgan. O‘zbekiston aholisining 50,3 foizini xotin-qizlar tashkil etsa, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, san’at va madaniyat sohalarida faoliyat olib borayotgan ayollar ulushi 72 foizdir. Bu esa xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi natijasidir.
Ayol zakovati jamiyatning eng murakkab muammolaridan tortib, oilaviy tashvishlar, ro‘zg‘or ikir-chikirlarini oqilaligi bilan hal eta olishga qodir. Alisher Navoiy «Mahbub ul-qulub» asarida oilada ayolning mavqeyi haqida mulohaza yuritish barobarida, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini alohida e’tirof etadi va ulug‘laydi. Ul zotning ta’rificha, ayol agar oqila, saranjom, ko‘ngilga yoqimli bo‘lsa, oilani gul qiladi. Shuning uchun ayolni qadrlash, oilaning tayanchi, deb e’zozlash lozim. Quvonarlisi, Navoiy bobomizning ayolni e’zozlash haqidagi o‘gitlari bugungi hayotimizda yaqqol o‘z ifodasini topmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida «bugungi farovon hayotimiz ham, yorug‘ kelajagimiz ham ayollarga bog‘liq. Agar xalqimiz bizdan rozi bo‘lishini xohlasak, avvalo, mo‘’tabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlari yaratishimiz kerak. Ona rozi bo‘lsa, oila rozi bo‘ladi, oila rozi bo‘lsa, jamiyat rozi bo‘ladi», degan edi.
Ayollarga bo‘lgan e’tiborning yana bir isboti xorijdan qaytgan mehnat migrantlari va probatsiya hisobida turgan xotin-qizlar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanmoqda, ularga maslahatlar va ishga joylashishda ko‘mak berilmoqda.
Sudlanganlik holatini tugatish yuzasidan murojaat qilgan opa-singillarimizning masalasi ko‘rib chiqilayotgani, ularga huquqiy tushuntirishlar berilayotgani ham yurtimizda har bir ayol e’tiborda ekanidan dalolat. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 23 avgustdagi farmoniga asosan Jahon bankining «Ayollar, biznes va qonun» indeksi O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar ro‘yxatiga kiritildi. bugungi kunda mazkur indeks 190 mamlakatni qamrab olgan bo‘lib, 8 ta (Harakatlanish erkinligi, mehnat qilish, mehnat sharoitlari, nikoh, ota-onalik qilish, tadbirkorlik, mulkka egalik qilish, pensiya) ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatda erkaklar va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanish salohiyati o‘rtasidagi huquqiy tafovutlarni baholaydi. Ayni vaqtda mamlakatimiz Jahon bankining «Ayollar, biznes va qonun» indeksida 100 balldan 70,6 ball to‘plab, 120-o‘rinni egallab turibdi. Mana shunday xulosalardan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda gender tenglikka erishish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirishga ham e’tibor berilmoqda.
Har qanday mamlakatda gender tenglik qanchalik ta’minlanganligi xotin-qizlarning davlat boshqaruvida eng yuqori pog‘onalarni egallagan o‘rni bilan ham belgilanadi. Nega deganda, ularning mamlakat taqdiri bilan bog‘liq muhim qarorlar qabul qilinadigan davlat idoralarida yetarlicha vakillikka ega bo‘lishi manfaatlari samarali ilgari surilishida katta rol o‘ynaydi. Parlamentlararo Ittifoq ma’lumotiga ko‘ra, unga a’zo 130 ta davlat ichida O‘zbekiston 45-o‘rinni egallagan.
Davlatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash masalalari hamisha dolzarb vazifa sifatida kun tartibidan joy olmoqda.
Prezidentimizning 2019 yil 7 martdagi «Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya tuzilganidan keyin bu boradagi ishlar yangicha yo‘lga qo‘yildi. Xususan, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar mazkur qonunlarga muvofiqlashtirildi. Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.
Ayollarning davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni, nufuzini oshirish, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, farzandlarimizni milliy, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, sog‘lom va ma’n n barkamol etib tarbiyalash borasida ularning ulkan xizmatlari munosib qadrlanmoqda. Zero, ma’rifatli ayollar, ilmli xotin-qizlar ertangi avlod, millat tarbiyachisidir.
Shoira Ermetova,
Toshkent viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha
Chirchiq tumanlararo sudi sudyasi.
O‘zA