Ma’lumotlarga ko‘ra, 1965 yilda o‘z mustaqilligiga erishgan Singapur korrupsiya botqog‘ida bo‘lgan. Jamiyatda qonunsizlik avjiga chiqqan, mamlakat o‘ta og‘ir iqtisodiy kunlarni boshdan kechirgan. O‘sha vaqtdagi bosh vazir Li Kuan Yuning qat’iyati tufayli XX asr oxiriga borib Singapur korrupsiya keskin kamaygan va rivojlangan mamlakatga aylandi.
Har bir mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Singapurda mamlakat va xorij oliy o‘quv yurtlarida ilm-fanning eng zamonaviy yo‘nalishlari va ilg‘or texnologiyalar sohasida mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida Singapur ilmiy-texnik rivojlanish sohasida jahonda yetakchi mamlakatlardan biriga aylandi. Ayni paytda bu mamlakat Yer sharida 10 ming kishi hisobiga olimlar ko‘pchilikni tashkil etadigan besh mamlakat qatoridan joy olgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Singapur ta’lim tizimi yutuqlari, o‘ziga xos jihatlari va ta’lim usullari haqida fikrlarini bildirdi:
– Singapur ta’lim tizimining taraqqiy etishida davlat tomonidan mustaqillikka erishgan paytdan boshlab olib borilgan islohotlarning o‘rni beqiyosligini ta’kidlab o‘tish lozim. Yil boshidan chet davlatlarga tashrif aynan Singapurdan boshlangani bejiz emas. Bu — yil nomi bilan uzviy bog‘liq. Eng asosiy maqsad sifatli ta’lim va inson kapitalini rivojlantirishdan iborat. Inson kapitali degan masalada so‘z ketganda, avvalo ta’lim birinchi ahamiyatli jihat sifatida yuzaga chiqadi. Davlatimiz rahbarining Singapurga davlat tashrifi munosabati bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasi qator davlat va nodavlat tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalariga tashrif buyurib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha muloqot o‘tkazdi. Davlat ta’lim tizimidagi ko‘plab jihatlar menda katta taassurot uyg‘otdi.
Singapurda oliy ta’limga mudofaa tizimi darajasida e’tibor berilishi diqqatga sazovordir, ya’ni qat’iy tartib-intizom, nazorat yo‘lga qo‘yilgan. Hatto, mamlakat rivojlanishining ilk bosqichlarida ta’lim tizimiga rahbarlar mudofaa tizimidan tayinlangan.
Singapurda turli millatlar, ijtimoiy qatlamlar vakillari istiqomat qilgani sababli maktablardagi barcha fanlar ingliz tilida o‘qitiladi. Shu bilan birga, o‘quvchilarga ona tili chuqur o‘rgatiladi. Demak, hozirda mamlakatimiz maktablarida ingliz tilining o‘rgatilishiga katta e’tibor berilayotgani, birinchi qadamlar sifatida magistratura va doktoranturaga kiruvchilardan chet tillarni bilish talabi qo‘yilishida ham aniq maqsadlar belgilangan.
Ta’lim dasturlariga albatta tillarni o‘rganish, tabiiy fanlar, matematika va gumanitar fanlar kiritilarkanki, bu talabalarning mantiqiy fikrlashiga va butun umri davomida mustaqil o‘qib, o‘rganishiga zamin yaratadi. O‘quvchi va talabalarning ijodkorligini rivojlantirish o‘ta muhim sanaladi. Yoshlardan ko‘plab fanlarni emas, balki bir yo‘nalishni chuqurroq o‘rganish talab etilishi lozim. Singapurda barcha maktablarda umumiy imtihonlar emas, turli predmetlar bo‘yicha baholash o‘tkazilib, natijalarga ko‘ra, o‘quvchilar predmetlar bo‘yicha iqtidori aniqlanadi. Shunga ko‘ra, ular yo‘nalishlarga ajratilib, alohida dasturlarda o‘qitiladi. Shu paytning o‘zidayoq qaysidir ma’noda bolalarning taqdiri belgilanadi.
Ta’lim siyosati davlatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi bilan baravar yurishi kerak, degan tamoyilga amal qiladigan davlatning har bir OTM bitiruvchisi ish joyiga ega bo‘lishi shart. QS reytingiga ko‘ra, dunyoda 11-o‘rin, Osiyoda 1-o‘rinni egallab kelayotgan Singapur Milliy universiteti rahbarlari bilan suhbatlashganimizda, ularning birorta bitiruvchisi ishsiz emasligi meni hayratga soldi. Universitet bitiruvchilarining ishga joylasha olmasligi bu oliy o‘quv yurtining nufuzi, sha’ni va qadriyatlariga putur yetkazadi, deb hisoblanadi. Oliy ta’lim muassasalari ishchi o‘rin yaratilmagan sohalarda o‘qish tashkil etmaydi. Ishchi o‘rni bor sohalarga mos ravishda ta’lim dasturlari ishlab chiqib, har bir universitet o‘z navbatida ishchi o‘rin uchun kurashadi. Bu ta’limda raqobat muhitini yaratadi.
bugungi kunda yurtimiz oliy ta’lim muassalarida ixtirochilarga yetarlicha sharoitlar yaratilib, izlanuvchilarning g‘oyalarini mahsulotga aylantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Tadqiqotchilar tomonidan katta muammolarga yechim bo‘ladigan loyihalar yaratilsa, seriyali ishlab chiqarishgacha yetib borish ta’minlanmoqda. Amaliyotda samaradorligi isbotlangan texnologiyalarni joriy etish, rivojlanish imkoniyatlari katta bo‘lgan mahsulot yoki xizmatni yaratish g‘oyasini amalga oshirib, bozorga olib chiqish uchun sharoit yaratilayotgani singapurliklar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Mana shu jihat yaqin besh yil ichida o‘zining katta natijalarini berishi ta’kidlandi.
Joriy yil boshida 4 ta ikki tomonlama hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Singapur Respublikasi Hukumati o‘rtasida hamkorlik bitimi, shuningdek, “Temasek Polytechnic” (Singapur) instituti, Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti, “TMC Academy” instituti bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Singapur Ta’lim vazirligi bilan hukumatlararo bitim doirasida umumiy-o‘rta, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, pedagogik kadrlar tayyorlash, baholash tizimi bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishga kelishildi. Singapur fan, texnologiyalar va tadqiqotlar agentligida ikki davlat olimlari, ilmiy muassasalari, idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, o‘zbekistonlik talaba hamda olimlar tadqiqotlari uchun grant mablag‘larini jalb qilish, laboratoriyalar o‘rtasida hamkorlikda ishlarni tashkil qilish muhokama etildi.
Iqtidorli yoshlarga alohida e’tibor qaratilib, har bir bir iqtidor egasiga individual yondashish muhim jihat. Singapurda tahsil olayotgan va ilmiy tadqiqot olib borayotgan bir guruh o‘zbek yoshlari bilan tashkil etilgan davra suhbatida angladimki, bu yoshlar ikki davlat ta’lim tizimidagi farqni biladi, muammolarni ko‘ra oladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan “Temasek Polytechnic” (Singapur) o‘rtasida oliy ta’lim va innovatsiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga ko‘ra, mazkur oliygoh bilan O‘zbekistonning tegishli oliy ta’lim muassasalari startap va inkubatsiyalar bo‘yicha hamkorlik qiladi. Qolaversa, vazirlik va Singapur “TMS” akademiyasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumidan Toshkent shahridagi “TMS” instituti uchun yangi bino qurish, bino uchun joy ajratish, professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar almashinuvi, o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlarni birgalikda tayyorlash va nashr etish kabi masalalar o‘rin olgan.
Singapur ta’lim tizimidan olgan xulosalarimizdan kelib chiqqan holda shuni alohida ta’kidlardimki, talaba va o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish, oliy ta’lim muassasalaridan malakali mutaxassislarning yetishib chiqishlarini ta’minlash lozim. O‘qishga kirgan talaba bilim olishda mas’uliyatli bo‘lishi, o‘qiy olmasa, fanlarni o‘zlashtira olmasa, o‘qishdan chetlashtirilishini bilishi kerak. Professional ta’limni rivojlantirish, dual ta’lim (o‘qish+amaliyot) orqali qisqa vaqtda ishlab chiqarish jarayonlariga tayyor kadrlar tayyorlash mumkin.
Diplomli, ammo bilimsiz kadrlarni yetishtirishga barham berish vaqti keldi, deb hisoblayman. Shu bilan birga, ilmiy darajali kadrlar tarmoq, ilmiy muassasalar ehtiyojidan kelib chiqib tayyorlanishi ham muhim. Bakalavrlar, magistrlar, ilmiy darajali olimlar ish bilan ta’minlanishi shart.
Hozir mamlakatimizda ishsiz bitiruvchilar ko‘p, yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj katta. Yaqinda paydo bo‘lgan yoki endi paydo bo‘ladigan kasblarga o‘rgatish kabi yuqori marralarni oldimizga qo‘yishimiz kerak. Interfeyslar dizayni, kompyuter xavfsizligi, ma’lumotlar to‘g‘risidagi fanlar kabi sohalarga yaqin kelajakda talab kuchayishini inobatga oladigan bo‘lsak, ta’lim sifati bilan ajralib turadigan Singapur kabi davlatlarning tajribalaridan foydalanishimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, iqtisodiyotimiz o‘sishiga xizmat qiladi, – dedi vazir.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,
O‘zA