Davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2022 yil 12 apreldagi “Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer uchastkalarini ajratish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 avgustdagi “Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Qashqadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasiga qarashli viloyat hududidan o‘tgan umumfoydalanishda bo‘lgan avtomobil yo‘llari xatlovdan o‘tkazilib, ularga kadastr pasportlari tayyorlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmoqda.
– Hozirga qadar Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat hududidagi 2 ming 303 kilometr avtomobil yo‘li xatlovdan o‘tkazilib, ularga kadastr pasporti tayyorlanib, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, – deydi viloyat boshqarmasining Topografik va kartografik xaritalarni tayyorlash sektori boshlig‘i Adham Qodirov.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan avtomobil yo‘llari hududlar kesimida tahlil qilinganda Qarshi shahridan 29 kilometr, Chiroqchi tumanidan 300 kilometr, Dehqonobod tumanidan 173 kilometr, G‘uzor tumanidan 193 kilometr, Kasbi tumanidan 46 kilometr, Kitob tumanidan 162 kilometr, Koson tumanidan 166 kilometr, Muborak tumanidan 102 kilometr, Yakkabog‘ tumanidan 238 kilometr, Mirishkor tumanidan 121 kilometr, Nishon tumanidan 135 kilometr, Qamashi tumanidan 293 kilometr, Qarshi tumanidan 173 kilometr, Shahrisabz tumanidan 172 kilometr avtomobil yo‘llari xatlovdan o‘tkazilgan va belgilangan tartibda Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA.