Poytaxtimizdagi ko‘p qavtatli uylar atrofida arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining savdosini yo‘lga qo‘yish maqsadida 2006 yil Toshkent shahar hokimining qarori bilan “Barakali zamin” MCHJ orqali ko‘p qavatli uylar atrofida dala do‘kon qurishga ruxsat berilgan.
“Barakali zamin” MCHJ do‘konlarni qurib berishi qarorda belgilangan edi. MCHJ esa dala do‘konlarni qurishni tadbirkorlarning zimmasiga yuklaydi. Ushbu shartga rozi bo‘lgan tadbirkorlar dala do‘konni o‘zlari qurib faoliyatlarini boshlagan. Oradan besh yil o‘tib “Barakali zamin” MCHJ faoliyati tugatilib, ba’zi rahbarlariga jinoiy ish ochiladi.
Natijada esa dala do‘konga egalik huquqini olishga ulgurmagan 36 nafar tadbirkor hech qanday hujjatsiz arosatda qolib ketadi.
15 yil mobaynida barcha to‘lovlarni to‘lab faoliyat yuritgan tadbirkorlar 2020 yilga kelib egalik huquqini rasmiylashtirish uchun harakatni boshlaydi.
Tadbirkor Botir Bobonazarovning aytishicha, 2020 yil 16 - mart kuni sud orqali do‘kon uchun egalik huquqini qo‘lga kiritgan. Oradan 6 oy o‘tib “Mahalla” xayriya jamoat fondi Yashnobod tuman bo‘limi dala do‘konlarni “Barakali zamin” MCHJ qurgan degan vaj bilan kassatsiya bergan.
“Barakali zamin” MCHJ mas’ullari “dala do‘konni o‘zlaring hisoblaringdan qurib turinglar, besh yil mobaynida biz aytgan mahsulotlarni biz taklif qilgan narxda sotib tursanglar 5 yildan so‘ng do‘konga egalik huquqini beramiz” deyishgan edi. Ular aytgan ishlarni ortig‘i bilan bajardik, hattoki, chirib ketgan kartoshka piyozlarni ziyoniga bo‘lsa ham sotib berdik”, – dedi tadbirkor Botir Bobonazarov. – Ammo va’dalarini bajarishmadi. Bu vaqtga kelib esa, “Barakali zamin” MCHJ faoliyatini olib bora olmaganligi bois likvidatsiya bo‘lib, rahbarlarining ko‘pchiligi qamalib ketdi.
Shundan so‘ng Toshkent shahar hokimining qarori mahallalardagi ko‘pgina xususiylashmagan bino va inshootlar vaqtinchaga operativ boshqaruv huquqi bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondiga o‘tkazib berildi.

Shundan buyon uch tomonlama shartnoma asosida o‘zimiz qurgan do‘konga o‘zimiz ijarada turibmiz.”
Toshkent shahar hokimiyatining 2006 yil chiqargan 79-sonli qaroriga asosan ish boshlagan 36 nafar tadbirkor bugun sudlar eshigi oldida vaqt o‘tkazmoqda. Toshkent shahar hokimining qarori bilan tadbirkorlarga kafolat sifatida biriktirilgan “Barakali zamin” MCHJ esa allaqachon tugatilib ketgan.
2006 yil chiqargan 79-sonli qaroriga asosan va Barakali zamin” MCHJning va’dalari bo‘yicha Yashnobod tumanida ish boshlagan 36 nafar tadbirkor o‘zlari qurgan dala do‘konlarini xususiylashtira olmayapti.
Sababi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar hokimining 2012 yildagi 424-son qarori qarorini ro‘kach qilmoqda.
Mazkur qarorda “1-ilovaga muvofiq mahallalardagi bo‘sh hamda xususiylashmagan bino va inshootlar “Mahalla” xayriya jamoat fondining tuman bo‘limlariga operativ boshqaruv huquqi bilan topshirilsin” deyilgan. Vaholanki, 1-ilovada bugun sarson bo‘lib yurgan Yashnobod tumanidagi 36 nafar tadbirkor do‘konlari kiritilmagan.
Qisqasi, 36 nafar tadbirkor qarorlarni inkor etuvchi qarorlar va yolg‘on va’dalar ortidan jabr chekishga majbur bo‘lishmoqda.
<iframe width="1920" height="912" src="https://www.youtube.com/embed/PFSk6JG_V-Q" title="Toshkentda 36 ta dala do‘kon muammosi qachon yechim topadi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
M.Eshmirzayeva, N. Abduvoitov (video), O‘zA