Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Rahmatullo Arziyev Shahrixon tumanida mahalla fuqarolar yig‘inlarining raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari, imom-xatib hamda otinoyilar bilan muloqot o‘tkazdi.
Muloqot avvalida hokim o‘rinbosari keyingi yillarda jamiyatda mahallaning o‘rni, roli va vakolatlarini oshirish, mahalla faollari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, shuningdek, mahalla yetakchilari, faollari oldiga mas’uliyatli vazifalar qo‘yilayotganligini ta’kidladi.
— Shunchaki ishlayman, degan odam mahallada rahbar, yetakchi, faol bo‘lib ishlay olmaydi, – dedi viloyat hokimi o‘rinbosari R. Arziyev. – Chunki bugun mahalla mutasaddisidan faollik, tashkilotchilik, fidoyilik talab etiladi. Aks holda u samarali faoliyat yurita olmaydi.
Muloqotda mahalla mutasaddi va mas’ullari faoliyati samaradorligini oshirish, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi. Muhokama doirasida mavzuga oid videorolik namoyish etildi. Shuningdek, muloqotda tinchlik-osoyishtalik ulug‘ ne’mat ekanligi, uni asrab-avaylash lozimligi, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oilalarni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Ayrim mahallalarda mutasaddi va mas’ullar tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga mas’uliyatsizlik va loqaydlik bilan qaralayotganligi tanqid qilindi. Bunday holatlarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
Ishtirokchilar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish bo‘yicha fikr va mulohazalar bildirildi. Muloqotda qayd etilgan yo‘nalishlarda amalga oshirilishi muhim bo‘lgan vazifalar belgilanib, mas’ullarga mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni “xonadonbay” o‘rganish, yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli hamda samarali ish tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA