13 sentyabr kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Dastlab senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 9 va 15-moddalariga hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga muvofiq Murat Kallibekovich Kamalov Oliy Majlis Senati Raisining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Amanbay Tleubayevich Orinbayev Oliy Majlis Senati Raisining o‘rinbosari etib saylandi.

Bu borada Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng Navoiy va Samarqand viloyatlarida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, Navoiy va Samarqand viloyatlarida “Hokim yordamchisi”, “Yoshlar yetakchisi” va “Xotin-qizlar faoli” tizimidan samarali foydalanish hisobiga ishsizlikni kamaytirish borasida muayyan natijalarga erishilgan. Xususan, qariyb 120 ming ishsizlarga mehnat organlari tomonidan bandlik xizmatlari ko‘rsatilgan, 31 ming nafar fuqaro bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirilgan.

Navoiy viloyatida 39,8 ming va Samarqand viloyatida 88,9 ming fuqaro 70 ta faoliyat yo‘nalishida o‘zini o‘zi band qilgan.

Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga Navoiy viloyatida 3,7 ming va Samarqand viloyatida 8,3 ming ishsiz jalb qilinib, ularga 15,8 milliard so‘m ish haqi to‘lab berilgan.

Yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida Navoiy viloyatida qariyb 750 nafar fuqaroga 3,5 milliard so‘m va Samarqand viloyatida 2,3 mingdan ortiq fuqaroga 3,1 milliard so‘m subsidiya ajratilgan.

Amalga oshirilgan ishlar bilan birga, shahar va tumanlarda yangi ish o‘rinlarini yaratishda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilib, mazkur yo‘nalishga oid Senat Kengashi qarorlari ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilganligi ta’kidlandi.

Xususan, soha va tarmoqlarda yaratiladigan ish o‘rinlari va ularning manzilli ro‘yxati, tadbirkorlik faoliyati uchun ajratiladigan subsidiyalar, rejalashtirilgan mehnat yarmarkalari to‘g‘risidagi axborotlar hokimliklarning rasmiy veb-saytlariga joylashtirilmagan.

Ish o‘rinlari to‘g‘risidagi umumiy hisobotni shakllantirishda takrorlanuvchi raqamlarni chegirib tashlash, soliq organi va Yagona milliy mehnat tizimi elektron ma’lumotlari bazasiga muvofiqligini ta’minlash ishlari oxiriga yetkazilmagan.

Jumladan, Samarqand viloyatida turizm yo‘nalishida yakka tartibda tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish hisobiga yaratilgan 5,2 ming ish o‘rni bir vaqtning o‘zida tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida yaratilgan ish o‘rinlarida ham takror qayd etilgan.

Xizmatlar sohasida ish o‘rinlari yaratish ko‘rsatkichlari asosan o‘zini o‘zi band qilish hisobiga bajarilgan bo‘lib, yangi ob’ektlarni tashkil etish hisobiga yaratilgan ish o‘rinlari Samarqand viloyatida atigi 24,8 foizni, Navoiy viloyatida esa 20,3 foizni tashkil qilgan.

Yangi ish o‘rinlari yaratilgan ayrim tadbirkorlik sub’ektlari ro‘yxatdan o‘tganiga bir-ikki oy bo‘lishiga qaramay, faoliyatini to‘xtatib qo‘yganligi qayd etildi.

Hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida belgilangan vazifalar, xususan, ish o‘rinlarini soha, tarmoq va hududlar kesimida inventarizatsiyadan o‘tkazish, asossiz ravishda oshirib ko‘rsatilgan ish o‘rinlarini aniqlab, hisobotlarni qayta shakllantirish, “Shaffof qurilish” platformasida g‘olib bo‘lgan pudrat korxonalari tomonidan o‘z loyihasida ko‘rsatilgan ish o‘rinlarida bandlikni ta’minlash ustidan monitoring modulini yaratish yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, tegishli hokimliklarga tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va qisqa muddat ichida o‘z faoliyatini to‘xtatgan xususiy biznes sub’ektlarining muammo va faoliyatidagi to‘siqlarni o‘rganib, ularning faoliyatini tiklash yuzasidan va har bir ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkor bilan alohida ishlash, natijalari bo‘yicha asoslangan ishlab chiqilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklandi.

Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2022 yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi.

Majlisda ta’kidlanganidek, jahon iqtisodiyotida kechayotgan murakkab jarayonlarga qaramasdan, 2022 yilning birinchi yarim yilligi davomida O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi ta’minlanmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilgan samarali fiskal va monetar siyosat natijasida YAIM hajmi joriy narxlarda qariyb 390 trillion so‘mga yetib, iqtisodiy o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 foizni tashkil etdi.

Hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari 92,6 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,8 trillion so‘mga ko‘paydi. Davlat byudjeti daromadlarining o‘sishiga so‘nggi yillardagi soliq nazorati va ma’muriyatchiligi yangi dastaklarining joriy etilishi, soliq bazasining kengaytirilishi, iqtisodiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar ta’sir ko‘rsatganligi qayd etildi.

Davlat byudjetining 2022 yil birinchi yarim yilligidagi xarajatlari davlat maqsadli jamg‘armalarisiz 103,0 trillion so‘mni yoki YAIMga nisbatan 26,4 foizni tashkil etdi. Hisobot davrida mahalliy byudjetlarning daromadlari 36 trillion 977 milliard so‘mga yetdi.

Senat a’zolari muhokamalar jarayonida asosiy e’tiborni 2022 yilning 6 oyi davomida Davlat byudjeti daromad va xarajatlarining ijrosi, ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, shuningdek, soliq va bojxona idoralari tomonidan belgilangan Davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishida soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha hisoblangan daromadlarning undiruvchanlik darajasiga qaratdilar.

Shuningdek, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish hamda belgilangan prognozdan ortiqcha tushgan daromadlardan maqsadli foydalanilishi borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Senatorlar tomonidan “Ochiq byudjet” portali orqali mahalliy byudjetning prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan jamoatchilik fikrining hisobga olinishi holati yuzasidan ham o‘z munosabatlari bildirildi, bu borada shaffoflikni va fuqarolarning keng ishtirokini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Davlat byudjeti daromadlari hamda xarajatlari ijrosini ta’minlashda, byudjet va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanishda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi qayd etilib, ularni bartaraf etish va oldini olish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Shundan keyin senatorlar “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi 5 yilda elektron tijorat sohasida yalpi ishlab chiqarish hajmi 48 barobarga oshib, 1,1 trillion so‘mni tashkil qilmoqda. Lekin, “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi 2015 yilda qabul qilingan amaldagi qonun ishlab chiqilgan davrda bu imkoniyatlar yetarli darajada rivojlanmagan edi.

Qolaversa, jahon bo‘ylab koronavirusning keng tarqalishi dunyo aholisining elektron tijoratga bo‘lgan talabini yanada oshirdi. Natijada onlayn savdo qilish tizimi yil sayin o‘sib bormoqda. Birgina 2020 yilda elektron tijorat savdo hajmi Xitoyda 24,9 foizga, Janubiy Koreyada 25,9 foizga, AQSHda 14 foizga va Singapurda 11,7 foizga oshgan. O‘zbekistonda esa elektron tijorat hajmi 80 foizga o‘sgan.

Majlisda qayd etilishicha, amaldagi qonunda sohaning rivojlanishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar ko‘zda tutilmagan. Xususan, barcha elektron tijorat sub’ektlari qamrab olinmagan, elektron tijoratga oid hujjatlarni almashish, to‘lov mexanizmlari va tovarlarni qaytarish masalalarini amaliyotda qo‘llashda tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda.

Yangi tahrirdagi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda elektron shartnomalarni tuzishning aniq tartibi belgilanmoqda. Jumladan, elektron hujjatlarning yuridik kuchi, ofertaga qo‘yiladigan talablar, elektron hujjatlarni saqlash xususiyatlari, elektron bitimni amalga oshirish tartibi hamda elektron shartnomalarni tuzish shartlari huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Senatorlarning so‘zlariga ko‘ra, qonun amaliyotda ko‘plab qulayliklarni yaratadi. Xususan, qonun bilan elektron tijoratda xaridorning shartlari to‘liq qondirilmaguncha axborot tizimida pul mablag‘larini ushlab turish imkoniyatini beruvchi pulni deponentlash tizimi joriy qilinmoqda. Yana bir muhim jihat, yuridik shaxslar bilan bir qatorda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga elektron tijoratda ishtirok etish huquqi berilmoqda.

Senatorlar “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun yaqin kelajakda shaffof va ochiq holda sotuvchilar va xaridorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomaviy munosabatlarni o‘rnatish, xalqaro standartlarga javob beradigan texnologik bozor infratuzilmasini yaratishga ko‘mak berishini ta’kidlab o‘tdilar.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlisda “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni ko‘zda tutadigan mazkur qonun senatorlar tomonidan soha ekspertlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida tahlil qilindi va uning ayrim moddalarining normalarida noaniqliklar aniqlangan.

Xususan, qonunning 26-moddasi ikkinchi qismida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan holda O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini olgan shaxslarga tenglashtirilishi va ularga nisbatan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan soliq solish va pensiya miqdorini hisoblab chiqarish tartibi qo‘llanilishi qayd etilgan.

Ushbu moddaning to‘rtinchi qismida esa uyushgan holda ishga joylashtirish doirasida chiqib ketayotgan fuqarolarga ushbu moddada nazarda tutilgan ijtimoiy kafolatlar, basharti ular “Labor-migration” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, berilishi sharti belgilanmoqda.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasiga muvofiq mehnat staji hisoblanishi uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ixtiyoriy tartibda soliq to‘lashi qayd etilgan.

Normativ-huquqiy hujjatlarda ham soliqlarni to‘lash, pensiya miqdorini hamda mehnat staji hisoblashda qo‘shimcha shartlar sifatida vazirlik va idoralarning axborot tizimlarida ro‘yxatdan o‘tish nazarda tutilmagan. Bu mehnat migratsiyasi yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan fuqarolar uchun nazarda tutilgan ijtimoiy kafolatlarni axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng berish sharti O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 15 sentyabrdagi qarorining 12-bandiga zid ekanini anglatadi.

Qonunning 5-moddasida majburiy mehnatning belgilari va ko‘rinishlari to‘liq ochib berilmagan. Xususan, ish bajarishga majburlash deganda biron-bir jazo qo‘llash tahdidi bilangina cheklanib qolishi, zo‘ravonlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanish holatlari mavhumligicha qolgan.

Muhokama jarayonida, shuningdek, qonunning boshqa bironta moddasida fuqarolarni kasbga va chet tillariga o‘qitish hamda ularga xalqaro miqyosda tan olinadigan sertifikatlar berish tartibi to‘g‘risida normalar aks ettirilmagani, ya’ni qonunda fuqarolarni kim tomonidan o‘qitish yoki sertifikatlar berish yoxud qaysi kasblarga o‘qitish kabi mexanizmlar yetarlicha ochib berilmagani aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, qonunda 30 ga yaqin havola qiluvchi normalar mavjudligi uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, muayyan organlarning o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishiga zamin yaratishi ta’kidlandi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini rad qilish to‘g‘risidagi Senat qarori qabul qilindi.

Shuningdek, Senatning o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisida “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonun ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Yil sayin Internet tarmoqlari orqali masofadan (onlayn) xizmatlar ko‘rsatish rivojlanyapti.

Ayniqsa, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan elektron hujjat aylanishi ortib borayotgani tufayli elektron raqamli imzodan foydalanish ommalashdi.

Ma’lumki, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonun 2003 yilda qabul qilingan. bugungi kunda unga qator o‘zgartirishlar kiritishga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, qonun yangi tahrirda ishlab chiqildi.

Jumladan, Avstraliya, Koreya, AQSH va bir qator rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda yuridik shaxslarga elektron raqamli imzodan foydalanishga ruxsat etilmoqda.

Qonunning maqsadi elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, buning uchun sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda.

Bular – elektron raqamli imzodan foydalanish uchun huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy, texnik va boshqa shart-sharoitlar yaratish, elektron raqamli imzoni talab qiladigan virtual xizmatlar turlarining ochiqligi va sifatini ta’minlash, majburiy texnik talablar, normalar va qoidalarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi ilmiy-texnik tadqiqotlarni rag‘batlantirish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish va boshqalar.

Davlat organlarining maxfiy ma’lumotlarining axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida Idoralararo elektron axborot almashinuvida faqat milliy standartlar asosida ishlab chiqilgan elektron raqamli imzodan foydalanishga ruxsat etilmoqda.

Foydalanuvchilarga doimiy ravishda o‘zi bilan ma’lumot tashuvchi qurilmalarni olib yurishga hojat qoldirmaslik maqsadida "bulutli texnologiyalar"da elektron raqamli imzo kalitlaridan foydalanish imkoniyati yaratilmoqda.

Shuningdek, qonunda ro‘yxatga olish markazining faoliyatiga qo‘yiladigan asosiy talablar belgilanmoqda. O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish amaliyoti joriy etilmoqda. Elektron raqamli imzolar kalitlari egalarining huquq va majburiyatlari mazkur qonun bilan mustahkamlanmoqda.

Qonunda yana bir yangilik “Ishonchli uchinchi taraf xizmati” nazarda tutilmoqda. Ushbu xizmat axborot va elektron hujjatlarni almashish paytida elektron raqamli imzoning imzo qo‘yayotgan shaxsga tegishli ekanligini aniqlash imkonini beradi.

Muhokamalar so‘nggida mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan 2023 yilning 1 yanvaridan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobariga oshirish nazarda tutilyapti.

Senatorlarning qayd etishicha, kiritilayotgan o‘zgartishga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarga pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan ortiq bo‘lmagan, ya’ni 3 888 000 so‘m miqdoridagi o‘rtacha oylik ish haqidan hisobga olish belgilanmoqda.

Natijada 352 ming nafar fuqaroning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinib, o‘rtacha oylik pensiya miqdori 400 ming so‘mgacha oshadi. Shulardan, 304 ming nafari yoshga doir pensiya oluvchilar, 25,2 ming nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar va 23 ming nafari boquvchisini yo‘qotgan shaxslardir.

Qonunga muvofiq ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda Pensiya jamg‘armasidan qo‘shimcha ravishda 1,5 trillion so‘mdan ortiq miqdordagi mablag‘lar talab etiladi.

Mazkur qonun bilan taklif etilayotgan tartibning joriy etilishi ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholining unumli mehnat qilib, ko‘proq haq olishiga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar jarayonida senatorlar bu o‘zgarishlar eng avvalo yurtimizda yoshga doir, nogironlik pensiyasini hamda yetim bolalarga tayinlanadigan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini oluvchi fuqarolarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy himoyaning yaqqol dalili ekanligini ta’kidlab o‘tdilar.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy-tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Biroq qonun va qonunosti hujjatlarini yanada tartibga solish doiralarini belgilash, huquqiy normalarda jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlikni, shuningdek, xo‘jalik boshqaruvi organlarining vakolatlariga kiruvchi masalalarni aniq belgilash taqozo etmoqda.

Shu sababli mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Sir emaski, oxirgi paytlarda elektron to‘lov vositalari yoki masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlaridan foydalanib, o‘zgalar mulkini talon-taroj qilish, firibgarlik, o‘g‘rilik jinoyatlari ko‘p sodir etilmoqda.

Birgina misol, 2022 yilning 7 oyi davomida bank plastik kartalaridan pul mablag‘larini firibgarlik va o‘g‘rilik yo‘li bilan talon-taroj qilinganligi holati yuzasidan jami 1 812 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

bugungi kunda ushbu huquqbuzarlik Jinoyat kodeksining firibgarlik, o‘g‘rilik deb nomalangan 168, 169-moddalari bilan tasniflanmoqda. Biroq ayni paytda ushbu moddalarda belgilangan jazo aybdorlarning chin dildan pushaymon bo‘lib, bu yo‘ldan qaytishi, axloqan tuzalish yo‘liga kirishi uchun yetarli emasligi, sodda qilib aytsak, jazo yengillik qilayotgani ma’lum bo‘lmoqda.

Shu boisdan ushbu qonun bilan bunday turdagi jinoyatlar uchun jazo og‘irlashtirilmoqda. Ya’ni, endilikda axborot tizimlariga noqonuniy kirib va ulardan foydalanib sodir etilgan firibgarlik jinoyati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima to‘lanadi. Hozir bu miqdor 100 dan 300 gacha.

Yoki amaldagi normaga ko‘ra, ushbu jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan bo‘lsa, endilikda bu muddat 5 yildan 8 yilgacha etib qat’iy belgilanmoqda.

Qolaversa, amaldagi qonunchilikda xalqimizga xos bo‘lgan milliy va umuminsoniy qadriyatlar, muqaddas qadamjolarimizga, yurtimiz hayotiga oid muhim tarixiy voqealarga bag‘ishlangan, atoqli davlat va jamoat arboblari, milliy qahramonlarimizning xotirasini abadiylashtirish maqsadida o‘rnatilgan yodgorliklarga hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish kabi xatti-harakatlarga nisbatan javobgarlikni belgilashda bo‘shliqlar bor.

Shu bois, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Moddiy madaniy meros ob’ektlariga nisbatan hurmatsizlik qilish, tahqirlash yoki ularga shikast yetkazish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilmoqda.

Shuningdek, shikast yetkazish uchun belgilanayotgan miqdorlar, ya’ni oz miqdor va ko‘p bo‘lmagan miqdor tushunchalari kiritilib, unga ko‘ra, oz miqdorda deganda bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha, ko‘p bo‘lmagan miqdorda deganda bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha bo‘lgan doiradagi miqdor tushunilishi ko‘rsatilmoqda.

Mazkur qonunni ishlab chiqish jarayonida xalqaro tajriba, Hamdo‘stlik mamlakatlari qonunchiligi o‘rganilgan hamda milliy qonunchiligimizga mos keladigan normalar qisman inobatga olingan.

Qonunning qabul qilinishi, birinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning elektron pul mablag‘larini talon-taroj qilish hamda fuqarolarning ishonchiga kirib hisobraqamlari yoki plastik kartalaridan pul mablag‘ini talon-taroj qilish kabi o‘g‘irlik va firibgarlik jinoyatlarining oldi olinishiga, ikkinchidan, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, muqaddas qadamjolarning munosib saqlanishiga, yurtimiz hayotiga oid muhim tarixiy voqealarga bag‘ishlangan, atoqli davlat va jamoat arboblari, milliy qahramonlarimizning xotirasini abadiylashtirish maqsadida o‘rnatilgan yodgorliklarga hurmatsizlik yoki ularni tahqirlashga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng Senatining 32-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2022 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda keyingi yillarda tashqi siyosat sohasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, yurtimizning xalqaro maydondagi salohiyatini kengaytirish va xorijiy davlatlar bilan keng qamrovli hamda o‘zaro manfaatli aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda.

2022 yil birinchi yarim yilligida Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida 500 dan ortiq oliy va yuqori darajadagi tashrif, uchrashuv va muloqotlar amalga oshirilgan.

Buning natijasida joriy yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari kesimida belgilangan tovarlar eksporti prognozi 4 milliard 642 million dollarga bajarilgan.

Qayd etilganidek, oliy va yuqori darajadagi tadbirlar doirasida va diplomatik kanallar orqali 90 ta savdo-iqtisodiy, transport hamda madaniy-gumanitar va boshqa sohalarga oid ikki tomonlama hujjatning imzolanishi ta’minlangan.

Vazir axborotiga ko‘ra, respublika hududlariga biriktirilgan elchixonalar tomonidan umumiy qiymati 13,4 milliard dollarlik 386 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqilgan va hozirgi vaqtda tegishli vazirlik va idoralar bilan ushbu loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, muhokamalar jarayonida vazirlik faoliyatida mavjud bir qator kamchiliklarga ham e’tibor qaratildi.

Xususan, mamlakatimiz 140 dan ortiq davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga qaramay, investitsion hamkorligimiz ularning atigi 25 foiz, ya’ni 35 ta mamlakat bilan olib borilishi salbiy oqibatga ega bo‘lmoqda. Gruziya, Daniya, Niderlandiya, Irlandiya, Braziliya, Portugaliya, Bangladesh, Gretsiya kabi salohiyatli mamlakatlar bilan tashqi savdo aloqalari yo‘lga qo‘yilmagan.

Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda O‘zbekistonning ayrim elchixonalari tomonidan erishilgan natijalar qoniqarli darajada emas. Elchixonalar tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan loyihalarning 50 foizi amaliyotga tatbiq etilmasdan qolib ketmoqda.

Turizmni targ‘ib qilish, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini xorijiy bozorlarga olib chiqish yo‘nalishida elchixonalarimiz tomonidan amalga oshirilgan ishlar sezilarli natija bermagan.

O‘z navbatida, senatorlar keng jamoatchilikning asosli tanqidlaridan biri bo‘lgan xorijdagi mehnat migrantlarimizni qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham e’tibor qaratdi.

Jumladan, O‘zbekistonning mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan normativ-huquqiy asoslarini rivojlantirish ishlari amalga oshirilmagani tanqid qilindi. Xususan, mehnat migrantlari uchun yangi yo‘nalishlar yaratish doirasida Buyuk Britaniya, Polsha, Latviya va Litva kabi xorijiy sheriklar bilan ikki tomonlama hujjatlar imzolanishida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.

Xorijiy sayyohlar uchun E-visa veb-sayti orqali O‘zbekiston elektron vizasini olishda turli texnik nosozlik va qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalarining rasmiy veb-saytlaridagi ma’lumotlar muntazam ravishda yangilanib borilmaydi. Investorlar, ishbilarmonlar va sayyohlar uchun yetarli ma’lumot va havolalar joylashtirilmagan.

Yuqoridagi masalalar inobatga olinib, vazirlik axboroti yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisda davlat organlari va tashkilotlari tizimida 2022 yilning birinchi yarmida murojaatlar bilan ishlash holati tanqidiy muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash hamda ularning muammolarini hal etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari fuqarolar bilan mutasaddi idoralarni bog‘lovchi tizimga aylandi.

Senat tomonidan ayrim davlat organlari va tashkilotlari tizimida 2022 yilning birinchi yarmida murojaatlar bilan ishlash holati o‘rganilib, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid qilindi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy hokimliklarga jami 773 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Hududlarda muntazam ravishda ommaviy qabullar, vakolatli organlar ishtirokida tanqidiy muhokamalar o‘tkazilishi natijasida murojaatlar soni o‘tgan yilga nisbatan 66 mingtaga yoki 8 foizga kamaygan.

Mazkur murojaatlarda respublika aholisi tomonidan eng ko‘p ijtimoiy nafaqalar (80 ming), davlat organlari xodimlari faoliyatidan norozilik (58 ming), majburiy ijro, aliment va qarz summalarini undirish (51 ming), moddiy yordam va homiylik (46 ming), bandlik (35 ming), uy-joy (33 ming), gaz ta’minoti (28 ming), elektr energiyasi (27 ming), sudlarda fuqarolik ishlari (26 ming), bank kreditlari (23 ming), kambag‘allikka qarshi kurash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari, hokim yordamchilari faoliyati (22 ming), yo‘l infratuzilmasi (17 ming), huquqbuzarliklarning oldini olish (17 ming), sog‘liqni saqlash (16,5 ming), huquqni muhofaza qilish (16 ming) hamda ichimlik suvi (15 ming) bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgan.

Ayniqsa, muhtojlarga bir martalik moddiy yordam, sud qarorlari ijrosi, tabiiy gaz va kadastr masalalari bilan bog‘liq murojaatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 baravardan ko‘pga o‘sgan.

Iqtisodiy sohada murojaatlar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tizimida 48 baravarga, Qishloq xo‘jaligi vazirligida 13 baravarga, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligida 2,7 baravarga, Qurilish vazirligida 2,3 baravarga, Davlat soliq qo‘mitasida 2 baravarga oshgan.

Ijtimoiy sohada murojaatlar soni 18 foizga kamaygan bo‘lsa-da, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida 108 foizga, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tizimida 67 foizga keskin ortgan.

Sud-huquq sohasida murojaatlar soni Adliya vazirligi tizimida 58 foizga, Ichki ishlar vazirligida 20 foizga, Majburiy ijro byurosida 20 foizga ortgan.

Bundan tashqari, hokimliklar tizimida eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahar, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariida (14-18 mingta) kuzatiladi.

Hisobot davrida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida (6 foiz), “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (12 foiz), Din ishlari bo‘yicha qo‘mita (18 foiz), Oliy va o‘rta maxsus ta’limi hamda Qurilish vazirliklari (19 foiz),  shuningdek, Andijon viloyati (11 foiz), Namangan (15 foiz), Navoiy (16 foiz) hamda Qashqadaryo (19 foiz) hokimliklarida murojaatlarni ijobiy hal etish darajasi past bo‘lgan.

Senatorlar tomonidan yuqorida qayd etilgan murojaatlarning tahlili ayrim davlat organlari va tashkilotlari tizimida, shuningdek, hokimliklarda murojaatlar bilan ishlash faoliyatida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muammolar saqlanib qolayotganligini hamda bu boradagi murojaatlar tahlili o‘tkazilmagani, ushbu soha bo‘yicha ichki nazorat ishlari talab darajasida tashkil etilmagani tanqid qilindi.

Shuningdek, muhokamalar natijasida vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga aholi murojaat qilishga eng ko‘p majbur bo‘layotgan tizimli muammolar va ularni keltirib chiqaruvchi omillarni mahalla yoki quyi tizimning o‘zida bartaraf etish choralarini ko‘rish, barcha darajadagi rahbarlar muloqotlar va sayyor qabullarni tizimli tashkillashtirish hamda murojaatlarni joyida hal qilish choralarini ko‘rish, ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarni tezkorlik bilan o‘rganish va ularga o‘z vaqtida munosabat bildirish amaliyotini kengaytirish tavsiya qilindi.

Muhokama natijasida berilgan tavsiyalarni inobatga olgan holda Senat qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisda Boyovut, Qarshi, Olot, Bo‘ston va To‘raqo‘rg‘on tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Mazkur hududlarda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish yo‘nalishida qariyb 2,8 trillion so‘mlik 391 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 5,4 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar doirasida 25 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 29 ta umumta’lim maktabi va 21 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, 3 ta kasb-hunar kolleji binolari hamda 6 ta madaniyat va sport ob’ektida qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Majlis jarayonida dasturlar doirasida tadbirlarni amalga oshirishda ayrim muammoli masalalar hamon saqlanib qolayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Xususan, Moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi hisobidan davlat va mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan Olot tumanidagi 28 kilometr, Boyovut tumanidagi 10 kilometr, Qarshi tumanidagi 7 kilometr avtomobil yo‘llari va ko‘priklarni rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash uchun belgilangan mablag‘lar to‘liq ajratilmagan.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, tijorat banklari, mahalliy hokimliklar tomonidan o‘z vaqtida tegishli choralar ko‘rilmaganligi natijasida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati 1,6 trillion so‘m bo‘lgan 55 ta investitsiya loyihasining ijrosi ta’minlanmagan. Oqibatda 5,1 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilmasdan qolgan.

Dasturlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida muddati kechiktirilgan 55 ta investitsiya loyihasini o‘rganib, mavjud muammolarni hal etish chorasini ko‘rish, bunda tashabbuskorlar tomonidan rad etilib, istiqbolsiz deb topilgan loyihalar o‘rniga yangi loyihalarni shakllantirish zarur.

Shuningdek, Olot tumanidagi 4 ta qishloq vrachlik punktini mukammal ta’mirlash tadbirlari joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida iqtisod qilingan mablag‘lar evaziga amalga oshirilishini ta’minlash kerak.

Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi kompleksini qurish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlarini faol jalb qilgan holda manzilli ro‘yxatlarni shakllantirish maqsadga muvofiqdir.

Muhokamalar yakuni bo‘yicha mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani va Namangan shahri Davlatobod tumani, shuningdek, Namangan shahrining chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, mamlakatimizning izchil taraqqiyoti Namangan viloyatida ham ulkan o‘zgarishlarga zamin yaratdi. Shaharu tumanlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari va istiqbolli investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, viloyatda 2021 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 6,8 foizga, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 16,1 foizga o‘sgan. Bunda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlarining o‘rni alohida ahamiyatga ega.

2020 yilda Namangan shahri tarkibida 4,9 ming gektar yer maydoni hamda 151 ming aholini o‘z ichiga oluvchi Davlatobod tumani tashkil etildi.

Natijada urbanizatsiya jarayoni jadallashib, Davlatobod tumanida yangi infratuzilma ob’ektlari barpo etilmoqda va aholiga xizmat ko‘rsatish tizimini yanada rivojlantirish imkoniyatlari kengaymoqda.

Qayd etish lozimki, bugungi kunda Namangan shahar aholisi 670 ming kishini tashkil etmoqda.

Shaharda bir yilda aholining o‘rtacha o‘sishi 30,3 ming kishini tashkil etishi hisobga olingan holda, 2040 yilga kelib aholi soni tabiiy ravishda 1,2 million kishiga yetishi kutilmoqda.

Namangan shahrining o‘sib borayotgan aholisi ehtiyojlarini qondirish maqsadida 2022 yil 11 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Namangan shahrida “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidan 472,2 gektar (shundan 276 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydonini Namangan shahri Davlatobod tumani tarkibiga o‘tkazish va o‘tkazilgan yer maydoni hududida “Yangi Namangan shaharchasi” kompleksini barpo etish taklifi ilgari surildi.

Shaharchani bunyod etish uchun aynan shu hudud tanlanishiga esa hududning o‘ziga hos salqin iqlimi, “Namangan” xalqaro aeroportiga yaqinligi, viloyatni Toshkent shahri bilan bog‘lovchi 4R-112 yo‘li yoqasida joylashganligi hamda eng oxirgi me’moriy yechimlar yordamida quriladigan shaharcha viloyatning ma’muriy markaziga kiraverishda mehmonlar uchun alohida kayfiyat bag‘ishlashi, shuningdek, hududda tabiiy gaz, elektr energiyasi, oqova suv tarmog‘i hamda aloqa liniyasi kabi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjudligi kabi qator sabablarni keltirish mumkin.

Mazkur masalaning ijobiy hal qilinishi Namangan shahrida zamonaviy infratuzilma ob’ektlari barpo etilishi va aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi yanada rivojlanishiga va, eng asosiysi, aholining turmush farovonligini oshirishda, shuningdek, Namangan shahrining me’moriy qiyofasini zamonaviylashtirish, investitsiya va turistik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani va Namangan shahri Davlatobod tumani, shuningdek, Namangan shahrining chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala Senat qo‘mitasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan atroflicha o‘rganildi.

Ushbu masala xalq deputatlari Davlatobod va To‘raqo‘rg‘on tumanlari hamda Namangan viloyati Kengashlarining tegishli qarorlari bilan ma’qullangan.

Muhokama etilgan masala bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Bundan tashqari, senatorlar  Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik, O‘zbekiston, Dang‘ara, Qo‘shtepa, Toshloq, Farg‘ona tumanlari va Qo‘qon, Marg‘ilon, Farg‘ona shaharlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. 

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Farg‘ona viloyati shaharlari va tumanlarining chegaralarida muammoli masalalar mavjud bo‘lib, ushbu hududlarda istiqomat qilayotgan aholi hayotida turli qiyinchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Xususan, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlari tarkibiga kiritilishi rejalashtirilgan hududlarda yashovchi aholining aksariyat qismi shaharlardagi ijtimoiy soha (maktab, bog‘cha, kasalxona) muassasalariga qatnashiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu bilan birga, muhandislik-kommunikatsiya tizimlari (elektr tarmoqlari, tabiiy gaz, ichimlik suvi ta’minoti) korxonalari ham shaharlar hududidan tortilgan bo‘lib, Qo‘qon, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlari tarkibiga o‘tkazilayotgan hududlarga ushbu korxonalar tomonidan xizmat ko‘rsatilmoqda.

Bundan tashqari, Qo‘qon, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlarida aholi juda zich joylashganligi bois, shaharlarni rivojlantirish, ularning hududini yanada kengaytirish kabi muammoli masalalarni yuzaga chiqarmoqda.

Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi qonunga asosan Farg‘ona viloyatining yuqorida qayd etilgan tuman va shaharlari chegaralarini o‘zgartirish taklifi ilgari surilmoqda.

Ta’kidlanganidek, Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston, Dang‘ara va Uchko‘prik tumanlaridan jami 2,6 ming gektar yer maydoni Qo‘qon shahri tarkibiga, Farg‘ona, Qo‘shtepa va Toshloq tumanlaridan jami 1,1 ming gektar yer maydoni Marg‘ilon shahri tarkibiga, Farg‘ona tumanidan 812 gektar yer maydoni Farg‘ona shahri tarkibiga o‘tkazilmoqda.

Bunda ushbu shahaplar hududi tapkibiga qo‘shimcha kipitilayotgan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jalik korxonalariga qapashli 1 673 gektar yep vaqtincha qishloq xo‘jaligi kopxonalapi ixtiyopida qolishi va ushbu yeplapni qishloq xo‘jaligi ehtiyojlapidan boshqa maqsadlap uchun ajpatish shaharlar bosh reja loyihasi, bosqichma-bosqich O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshipilishi nazarda tutilgan.

Farg‘ona, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari chegaralarining o‘zgartirilishi viloyatda zamonaviy infratuzilma ob’ektlari barpo etilishi va aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi yanada rivojlanishiga va, eng asosiysi, aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Alohida qayd etish lozimki, tumanlardan shaharlarga o‘tkazilayotgan aholining uy-joy kadastr hujjatlari va propiskasini qayta rasmiylashtirish talab etiladi. Bunda kadastr hujjatlari va propiskani rasmiylashtirishda fuqarolardan qo‘shimcha mablag‘lar talab etilmaydi.

Senatorlar yalpi majlis davomida 13 ta masalani, shu jumladan, 5 ta qonunni ko‘rib chiqdilar.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT