Kadastr agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi va tuman, shahar bo‘limi inspektorlari joriy yilning 8 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilgan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olishga doir 2 ming 500 ta qonun buzilishi holatlarini aniqladi.
Kadastr agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi Ma’muriy amaliyot bo‘lim boshlig‘i Murod To‘raqulovning ma’lum qilishicha, bu holatlarga nisbatan "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy ishlar yuritilgan.
– Mazkur ishlar yuzasidan 1 748 nafar huquqbuzarga nisbatan 2 mlrd. 978 ming 600 so‘m jarima jazosi qo‘llanilgan. Shuningdek, jarimalarning 1 milliard 433 million so‘mi undirilgan, – dedi Murod To‘raqulov.
Majburiy ijro organlari tomonidan hisobot kuniga qadar 189,4 million so‘m undirilib, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun hisob raqamlariga proporsional tartibda yo‘naltirilgan.
Bundan tashqari, "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksning 60-moddasi 2-qismiga asosan yuritilgan ishlarning 604 tasi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan birinchi marta sodir etilganligi va o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasini qaytarganligi, oqibatlarini bartaraf etganligi uchun huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy javobgarlik ishi tugatilgan va ma’muriy jazodan ozod etilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA