
Zulfiya siymosi – o‘zbek she’riyatida bahor, muhabbat va sadoqat kuychisi, deb bejiz aytilmaydi.
Zero, shoiraning hayoti har bir o‘zbek ayoliga ibrat bo‘ladigan namunadir. Zulfiyaning butun ijodi – O‘zbekiston diyorining ilhom madhiyasi, inson mehnati, sevgi va yerdagi adolat madhiyasidir.
O‘zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiya Isroilova 1915 yil 1 mart kuni Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. Shoira xotin-qizlar bilim yurtida o‘qigan vaqtlaridayoq adabiy to‘garaklarda she’rlar mashq qila boshladi. 1935—1938 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi.
So‘ngra 1938—1948 yillarda Bolalar nashriyotida muharrir, O‘zbekiston Davlat nashriyotida bo‘lim boshlig‘i, 1950—1953 yillarda esa «O‘zbekiston xotin-qizlari» («Saodat») jurnalida bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritdi. 1953—1980 yillarda esa bosh muharrir bo‘lib ishladi. Zulfiya 17 yoshida yozgan «Xayot varaqlari» birinchi she’rlar to‘plami bilan Oydin, Muzayyana Alaviya, Xosiyat Tillaxonovalar safiga kirib keldi.
Zulfiyaning ijodiy kamolotida o‘zbek va rus mumtoz adabiyoti, xalq og‘zaki ijodiyoti va jahon adabiyoti an’analarining roli benihoya bo‘ldi. Shoira «She’rlar» va «Qizlar qo‘shig‘i» kabi poetik asarlarini ona-Vatan va uning dala, cho‘llarida mehnat qilayotgan paxtakorlar, mexanik, traktorchi qizlarning qaynoq hayotlariga bag‘ishlaydi. Ayni chog‘da mazkur to‘plamlardagi she’rlari shoiraning she’riy mahorat sirlarini egallayotgan davrini xarakterlovchi asarlar sifatida ham muhim edi.
Urush davrida shoiraning «Uni Farhod der edilar» (1943), «Hijron kunlarida» (1944) kabi to‘plamlarining nashr etilishi Zulfiyaning peshqadam shoirlar qatoriga dadil kirib kelayotganligidan nishona edi. To‘plamdagi she’rlar Vatanga muhabbat, dushmanga nafrat va g‘alabaga ishonch ruhida yaratilganligi bilan xarakterlidir. Zulfiyaning «Mening Vatanim», «Qo‘limda qurolu ustimda shinel», «Bizni kut» kabi umidbaxsh she’rlari urush davri o‘zbek she’riyatining jangovar ruhini ifodalovchi asarlar qatoridan o‘rin olgan.
Shoiraning urushdan so‘nggi yillarda yozilgan «Dalada bir kun», «Tong qo‘shig‘i» kabi bir qator she’rlar turkumi, «Men tongni kuylayman», «Yuragimga yaqin kishilar», «Kuylarim sizga» to‘plamlarida Vatan madhi, mehnat jarayonida fidokorlik ko‘rsatayotgan kishilar hayoti jo‘shib kuylanadi. Uni «So‘roqlaydi shoirni she’rim», «Oydin», «Quyoshli qalam» kabi ocherk va dostonlari H.Hakimzoda, Oybek, Oydin, Hamid Olimjon kabi ustozlarning yorqin xotiralariga bag‘ishlangan. Zulfiya H.Olimjonning «Semurg‘», «Zaynab va Omon» dostonlari asosida pesa va opera librettosini ham yaratgan. Zulfiya «Uylar», «Shalola» kabi she’riy majmualari uchun Hamza nomidagi respublika Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan.
Hind mavzuidagi she’rlari uchun Javoharlal Neru nomidagi xalqaro sovrin, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi asarlari hamda taraqqiyparvar Osiyo va Afrika yozuvchilari harakatidagi faol ishtiroki uchun xalqaro «Nilufar» mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning she’rlari rus, ingliz, nemis, hind, bolgar, xitoy, arab, fors va boshqa tillarga tarjima qilingan. Shoira Nekrasov, Lermontov, V.Inber, Lesya Ukrainka, Edi Ognetsvet, M.Dilboziy, Amrita Pritam asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.
Afsonaviy o‘zbek shoiri Hamid Olimjonning turmush o‘rtog‘i, hassos she’riyati bilan millionlab chin so‘z sehriga shaydo qalblarni maftun etgan shoira 1996 yilning 1 avgustida vafot etdi.
2004 yilda mamlakatimizda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilgan. Ushbu mukofot adabiyot, san’at, ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalarida muvaffaqiyatga erishgan qizlarga har yili 8 mart bayrami arafasida taqdim etiladi. bugungi kunga kelib, izdoshlarining safi tobora kengayib borayotgani esa unga bo‘lgan muhabbat va iftixor belgisidir.
Shoira ijodida o‘zbek ayolining taqdiri katta o‘rin egallaydi. Uning mamlakat hayotidagi faol o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Shoira she’rlarida ayollik nafosatini tarannum etishdan charchamaydi. Zulfiya she’riyati tabiatga hamda insoniyatga bo‘lgan jo‘shqin sevgi va mehr bilan burkangan. Misralarida tabiatni och ranglarda, yorqin bo‘yoq va timsollarda tasvirlaydi.
Olijanoblik, jasorat, xalq g‘ururi, samimiy tuyg‘ular, zangori ranglar, kutilmagan yangi timsollar bilan yo‘g‘rilgan lirikasi, kitobxon qalbiga ajib ko‘klamiy halovat baxsh etadi, insonning ezgulikka, poklikka bo‘lgan ishonchiga ishonch qo‘shadi.
Zulfiyaxonim o‘z she’rlarida asosan o‘zbek ayollari, qizlarining baxt va tashvishlari haqida baralla kuyladi. Uning har bir misrasi bahor bilan hamnafas. Bularni shoiraning eng mashhur she’rlari “Hulkar”, “Men tongni kuylayman”, “Yuragimga yaqin kishilar”, “Mening bahorim” kabilarda ko‘rish mumkin.
Turmush sinovlari va adabiyot osmonida kechgan shoiraning hayot yo‘li kelgusi avlodlar uchun ham chinakam sadoqat va vafo timsoli bo‘lib qolaveradi.
Ozoda AKBAROVA,
O‘zDJTSU O‘zbek tili va adabiyoti
kafedrasi uslubchisi
O‘zA