1404 yil (bundan 617 yil oldin) – hijriy 807 yil rabiulavval oyining birinchi kuni (milodiy 1404 yil 7 sentyabrda) Amir Temur Konigildagi Bog‘i dilkushoda katta to‘yu tomosha boshladi.
To‘y qirq kun davom etdi. To‘y tantanalarida Amr Temurga tobe’ barcha mamlakatlarning podshohlari, shahzodalari ishtirok etdi. To‘yning oxirida Shohrux Mirzoning farzandlari Mirzo Ulug‘bek bilan Ibrohim Sulton, Mironshohning o‘g‘li Iyjal Mirzo, Umarshayxning o‘g‘illari Saydi Ahmad bilan Pirmuhammad, shular qatori Mirzo Boyqaro ham uylantirib qo‘yildi. Mirzo Ulug‘bekka marhum Muhammad Sultonning qizi O‘gay begimni olib berdilar.
1897 yil (bundan 124 yil oldin) – aktyor va rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti Abduvahob Azimov tavallud topdi (vafoti 1964 yil). U Hamza bilan birga Andijon teatrini tashkil qilishda qatnashgan. Truppaning tashkiliy davrida Hamzaning “Boy ila xizmatchi”, “Farg‘ona fojiasi” spektakllarida rejissyorlik va aktyorlik qilgan. Abduvahob Azimov hajviy xarakterli rollarni zo‘r mahorat bilan o‘ynagan. Mubolag‘a, mimika va sahna nutqi vositalaridan ustalik bilan foydalangan. U Toshkentdagi Muqimiy nomli musiqali drama va komediya teatrining tashkilotchilaridan biri bo‘lgan.
1908 yil (bundan 113 yil oldin) – faylasuf olim, jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Ibrohim Mo‘minov tavallud topdi (vafoti 1974 yil). U 1956 yildan akademiyaning vitse-prezidenti bo‘lgan. Ibrohim Mo‘minov Navoiydan tortib, Ahmad Donishgacha bo‘lgan yirik mutafakkirlar ijodini tahlil qildi. Uning “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli” asari (1968), umuman Amir Temur shaxsini ilmiy o‘rganish tashabbusi bilan chiqishi olimning ilmiy jasorat va yuksak vatanparvarlik fazilatining yorqin ifodasi bo‘ldi. Ibrohim Mo‘minov O‘zbekistonda falsafa maktabiga asos soldi. U vafotidan so‘ng, 2003 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
1991 yil (bundan 30 yil oldin) – xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasida mustaqil siyosatni ro‘yobga chiqarish, tashqi iqtisodiy faoliyatga xizmat ko‘rsatishni ta’minlash va uning samaradorligini oshirish, respublikaning valyuta mablag‘larini jamlash va ulardan aniq maqsadni ko‘zlab foydalanish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tashkil etildi.
1995 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Kambodja Qirolligi bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi.
1995 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston alpinizmi tarixida birinchi marta respublikamiz alpinistlari guruhi ikkita baland cho‘qqi – Xontangri (6995 metr) va G‘alaba (7439 metr) cho‘qqilarini zabt etishdi.
2000 yil (bundan 21 yil oldin) – o‘zbekistonlik hunarmandlar Germaniyaning Hannover shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon ko‘rgazmasi “EKSPO–2000”da qatnashdi. Unda jumladan, marg‘ilonlik atlas to‘quvchi hunarmand Muhammadjon Karimov qo‘lda to‘qilgan atlaslarini namoyish etdi. Bundan tashqari buxorolik zardo‘z Shoira Soibova, xivalik yog‘och o‘ymakor hunarmand Shavkat Jumaniyozov yasagan milliy hunarmandchilik buyumlari yevropaliklarda katta taassurot qoldirdi.
2000 yil (bundan 21 yil oldin) – o‘zbek matbuotida Angliyadan kelgan xushxabar e’lon qilindi. O‘zbek kurashi xalqaro uyushmasi tashkil etilgan kunning ikki yilligini nishonlash yuzasidan Britaniya kurash uyushmasida 1 oktyabrda barcha yoshdagi erkak va ayollar o‘rtasida kurash turniri o‘tkazishga qaror qildi. Turnir London yaqinidagi Bedford shaharchasida o‘tkazildi.
2004 yil (bundan 17 yil oldin) – o‘zbek jurnalistikasi tarixida birinchi marta nodavlat telekanallar ikki palatali parlament saylovlari jarayonini yorita boshladi. Ya’ni saylov jarayonida aholining faolligini oshirish, ularning mamlakat hayotiga daxldorlik hissi bilan yondashishini ta’minlash maqsadida teledasturlar tayyorlandi.
2007 yil (bundan 14 yil oldin) – Marg‘ilon shahrining 2000 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
2017 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
2017 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida “Eski shahar” turizm zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi
O‘zA