Isajon Sulton adabiyot bo‘stoniga talabalik kezlari – o‘tgan asrning 90 yillari arafasida kirib keldi. Ammo undan muqim joy egallashi birmuncha qiyin kechdi.
Aniqrog‘i, avvaliga «Iltijo» va «Oydinbuloq» kitoblari bilan ijod maydonida yarq etib ko‘zga tashlandi-yu, keyin iqtisodiy-siyosiy evrilishlar davri tashvishlari bilan andarmon bo‘lib, uzoq vaqt «jimib» ketdi. 2010 yildan e’tiboran esa qator hikoya, qissa va romanlarini o‘quvchilar e’tiboriga peshma-pesh havola etishga kirishdi. Shuning barobarida diqqatga molik yutuqlarga erisha boshladi.
Avvalo, uning «Boqiy darbadar» asari O‘zbekistonda yilning eng yaxshi romani sifatida e’tirof etildi. Oradan ikki yil o‘tgach, Yozuvchilar uyushmasi tashkillashtirgan «Vatan uchun yashaylik!» tanlovida «Ozod» romani nasr yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblikka loyiq ko‘rildi. «Oydinbuloq» va «Kosa tagida nimkosa» asarlari esa “XX asr o‘zbek hikoyasi antologiyasi»ga kiritildi. Shuningdek, «Genetik», «Bilga Xoqon» romanlari, «Munojot», «Onaizorim», «Robiya Balxiy» qissalari adabiyot ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Isajonga xalqaro adabiy tanlovlarda ham bir necha bor omad kulib boqdi. Chunonchi, uning qalamiga mansub «Qismat» Chikagoda chop etiladigan «Leksikon» jurnali 2011 yili uyushtirgan tanlovda postmodernistik uslubda yaratilgan o‘nta eng sara hikoyadan biri sifatida tan olindi. «Bog‘i Eram» Turkiyaning Antaliya shahrida chiqadigan “Güncel Sanat” jurnali 2015 yili e’lon qilgan xalqaro tanlov sovrindori bo‘ldi. «Todd” hikoyasi esa Rossiya madaniyat, ta’lim va mudofaa vazirligi 2017 yili tashkillashtirgan «Buyuk G‘alaba qahramonlari» tanlovining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, adibning «Hazrati Xizr izidan» asari Shvetsiya poytaxti Stokgolmda “Open Eurasia literature festival & Book Forum” VI xalqaro adabiyot festivali doirasida o‘tkazilgan “Open Eurasia – 2017» nomli, «Tuman» hikoyasi esa 2018 yili Turkiyada bo‘lgan Mahmud Koshg‘ariy nomidagi tanlovda yuqori baholandi.
Isajon Sulton «Adabiy Vena» (Avstriya), «Sehrgarlar hadyasi» (AQSH), «Organik proza» (Rossiya), “Open Eurasia” (Angliya) kabi xalqaro miqyosdagi ijodiy bellashuvlarda ham faol qatnashdi. Shuning sharofati o‘laroq, bir nechta kitobi rus, ingliz, nemis va turk tillariga tarjima qilindi. Masalan, «Boqiy darbadar» romani “The Eternal Wanderer” nomi bilan AQSHda, «Bog‘i Eram» hikoyalar to‘plami Turkiyada nashrdan chiqarildi. Ayrim asarlari Rossiya va Moldova adabiy-badiiy jurnallarida bosildi. Tabiiyki, 30-40 ta mamlakatdan yuzlab shoir-yozuvchilar o‘z iqtidorini namoyish etgan tanlovlarda basma-basiga bunday yaxshi natijalarni qo‘lga kiritish va kitoblari Yevropada nashr etilishiga erishish har qanday ijodkorga ham nasib etavermaydi
Yana bir gap. Isajon Sulton badiiy asarlar yozish bilan kifoyalanib qolmay, jahon adabiyoti durdonalarini tarjima qilish bilan ham shug‘ullanmoqda. Natijada hozirga qadar atoqli davlat, siyosat va jamoat arbobi Javoharla’l Neru Hindiston tarixiga bag‘ishlab yozgan kitobning Zahiriddin Muhammad Boburga taalluqli qismini, yapon adiblari Ryunoske Akutagava, Yasunari Kavabata, italiyalik Dino Bussati, turkiyalik Umar Sayfiddin asarlarini o‘zbek tiliga o‘girdi.
Albatta, har ikkala sohadagi yutuqlari zamirida ijodkorning tinimsiz izlanishlari va katta mehnatlari yotibdi. Eng muhimi, uning asarlari o‘ziga xos uslubda va yuksak mahorat ila yozilgani bilan keskin ajralib turadi. Masalan, «Ozod» romanini mag‘ziga sharqona mumtoz falsafa, milliy-falsafiy uslublar va zamonaviy postmoderncha dunyoqarash singdirilgan asar deyish mumkin. Unda balog‘at yoshidagi yigitning ma’nolar va hikmatlar olamiga kirib kelib, o‘zligini teran anglab yetishi timsolida bugungi kunda aslida kim ekanligini unutayozgan insoniyatning saodatga erishish yo‘llari haqida so‘z yuritiladi. Shu asno har qanday vaziyatda dunyoning yuksalishidan ko‘ra, insonning ruhiy yuksalishi muhim degan g‘oya ilgari suriladi.
Tabiat hodisalari va turli mavjudotlarga ma’nolar yuklash, barcha narsalar o‘z o‘rnida qandaydir betakror timsol vazifasini o‘tashi, professor Abdug‘afur Rasulov alohida uqtirganidek, Isajon Sulton asarlariga xos muhim xususiyatlardan biridir. Ulardagi asosiy yutuq ruhiy-ma’naviy, intellektual ijobiy, iqtidoriy kashfiyot uyg‘unligidan iboratdir.
Adabiyotshunos Islom Yoqubovning ta’kidlashicha, «Ozod» yurak tubidagi po‘rtanalardan bahs etadi. Basirat so‘qmoqlarida o‘z yo‘lini topmoq ilinjida sarosar kezayotgan tasavvur orzu, havas, armon, pushaymonlik, hasrat, nadomat kabi turfa tuyg‘ular iskanjasida qoladi. Adib fikricha, inson taqdiri uning Muhabbati va Iymoni darajasiga ko‘ra o‘zgaradi. Shu ma’noda bu romanni tasavvur va tafakkur, inson umrining qadri to‘g‘risidagi asar desak, yanglishmaymiz.
«Boqiy darbadar» ham ramziy-falsafiy roman bo‘lib, badiiy-g‘oyaviy va ifodaviy jihatdan o‘ziga xos usulda yaratilgani, bashariyatning azaliy muammolariga yangicha yo‘nalish, ya’ni Sharq va G‘arb estetik tafakkuri an’analarining o‘zaro sintezi orqali badiiy yechim topilgani bilan e’tiborni jalb etadi. Eng muhimi, muallif postmodernizm usulidan mohirona foydalangan holda, atigi 80 sahifalik kitobga jumlai jahonning bugungi keng qamrovli global muammolarini, jar yoqalab borayotgan insoniyatning mudhish qismatini sig‘dira olgan. Shu bois adabiyotshunoslar «Boqiy darbadar»ni o‘zbek romanchiligidagi yangi hodisa deya baholashdi. Shvetsiyaning OHO-Press adabiy agentligi esa «Ozod» romani singari bu asarga ham qiziqish bildirdi.
Isajon Sulton samarali mehnatlari evaziga 2014 yili «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi. O‘tgan yil boshida esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi tarkibiga kiritildi. Hayal o‘tmay Innovatsion rivojlanish vazirining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. U xizmat vazifalarini sidqidildan ado etish asnosi ijodiy izlanishlarini ham izchil davom ettirdi. Samarasi chakki bo‘lmadi. Yangi yil arafasida buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy haqidagi romanini yozib tugatdi. Bu asar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining «Ijod» jamoat fondi homiyligida «Adabiyot» nashriyoti tomonidan nashr etildi.
To‘g‘ri, bizda hazrat Alisher Navoiyning hayoti hamda ijodiy merosiga doir badiiy va ilmiy asarlar, monografiya va risolalar talaygina. Bunga misol tariqasida Oybek domlaning «Navoiy» romanini, Omon Muxtorning trilogiyasini, Mirkarim Osimning turkum qissa va hikoyalarini, ko‘plab she’r va dostonlarni, taniqli adabiyotshunos va tanqidchi Izzat Sultonning hujjatli qissasi hamda Uyg‘un bilan hammualliflikdagi dramasini, faylasuf va publitsist Vohid Zohidov, akademik Aziz Qayumov, O‘zbekiston Qahramoni, professor Suyima G‘aniyeva va boshqalarning ilmiy tadqiqotlarini, yuzlab nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini keltirish mumkin. Qolaversa, buyuk bobokalonimiz sharafiga spektakllar sahnalashtirilgan, 1947 yili badiiy film, 80 yillarda ko‘p qismli videofilm suratga olingan.
Darvoqe, Oybek 1942 yili yaratgan «Navoiy» asari bilan o‘zbek adabiyotida tarixiy-biografik roman janrini boshlab va uning asosiy tamoyillarini belgilab berdi. Bu asar keyinchalik Odil Yoqubovning «Ulug‘bek xazinasi», «Ko‘hna dunyo», Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar», «Avlodlar dovoni» singari tarixiy-biografik romanlari yozilishiga zamin hozirladi. Lekin o‘sha kezlar madaniy merosimiz ko‘pincha mustabid tuzumning millatimizga yot mafkurasi nuqtai nazaridan talqin qilindi. Bu usul ulug‘ ajdodlarimizga nisbatan munosabatda ham yaqqol o‘z ifodasini topdi. Ular haqida yoki xalqimiz o‘tmishiga oid salmoqli asar yozgan adiblarimiz esa ming bir balo-qazolarga, ta’na-malomatlar-u ta’qiblarga giriftor bo‘ldi. Qay birlari qatag‘onga uchrab, qatl etildi yoki uzoq muddatga qamaldi, qay birlari nohaqlik va mafkuraviy tazyiqdan ruhan ezilib, sog‘lig‘idan ayrildi yoxud uzoq yillar xavotir va hadik ichra yashadi. Alaloqibat, bunday «nozik va qaltis mavzular»da qalam tebratuvchilar kamayib, o‘rtada allanechuk uzilish paydo bo‘ldi.
Taassufki, Istiqlolga erishganimizdan keyin ham ayni sohada tayinli o‘zgarish sezilmadi. Yanada lo‘ndaroq qilib aytsak, biz turli jabhalarda jahonga mashhur shoir va olimlarimiz, sohibqiron-u sarkardalarimiz bilan keyingi o‘ttiz yil davomida ham odatdagidek obdon g‘ururlanishda davom etdik. Jumladan, ularning tavallud kunlari va yubileylari munosabati bilan o‘z yurtimizda va chet ellarda turli-tuman tadbirlar o‘tkazdik. Haykallarini yasab, suratlarini chizdik. O‘zlariga atab ash’orlar-u maqolalar bitdik, asarlarini qayta-qayta chop etdik. Biroq ularning hayoti, ijodiy, ilmiy yoki siyosiy faoliyatiga daxldor yirik epik janrdagi badiiy asarlar, filmlar, spektakllar va teleseriallar yaratishga kelganda ancha sustkashlik qildik. Bu borada faxr bilan tilga olinadigan, chet elliklar ham tan beradigan ishlarni amalga oshirolmadik. Xususan, Navoiy bobomiz siymosini kino va teleekranlarda yangicha talqinda gavdalantirolmadik.
Ana, oqibati: «O‘zingda yo‘q – olamda yo‘q!» deganlaridek, ba’zilarimiz hozir ham 74 yil oldingi badiiy va 40 yilcha burungi videofilm borligiga shukr qilamiz, ularni onda-sonda takroran ko‘rib, ko‘nglimizga taskin-tasalli beramiz. Ko‘pchiligimiz esa uzzukun televizor orqali efirga uzatilayotgan xorijiy seriallarni tomosha qilib, ularga mahliyo bo‘lishdan va havas qilishdan nariga o‘tmaymiz.
Baralla aytish mumkinki, mana shunday bir vaziyatda Isajon Sultonning ustozlar an’anasini davom ettirib, yangi «Alisher Navoiy» romanini bitgani nihoyatda ulug‘ va buyuk bobokalonimiz ruhini shod etadigan o‘ta savobli ish bo‘ldi.
Albatta, asrlar osha butun dunyo ahlini hayratga solib kelayotgan ulug‘ zotlarga atab asar yozish har qanday ijodkordan, avvalo, katta jur’at va jasorat talab qiladi, ikkinchidan, bosh qahramonlar kechmishidan to‘liq xabardor bo‘lishini taqozo etadi. Aks holda, yozuvchi ezgu maqsadini to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqara olmaydi.
Men yangi romanni o‘qish jarayonida Isajon zimmasidagi bu mas’uliyatni teran his etganiga amin bo‘ldim. U asarni yozishdan oldin tarixiy mavzuda qalam tebratadigan boshqa shoir-yozuvchilar singari uzoq vaqt puxta hozirlik ko‘rgan. Ayniqsa, hozirga qadar mutafakkir shoirimizga bag‘ishlab yozilgan badiiy asarlar va ilmiy risolalarning aksariyatini sinchiklab o‘qigan. Shu jarayonda hazrat Alisher Navoiy yashagan yurtdagi va davrdagi ijtimoiy-siyosiy hayotni, hukmdorlar o‘rtasidagi o‘zaro nizolar-u taxt talashishlarning tub sabablari va xunuk oqibatlarini chuqur o‘rgangan. Bu esa uni olis o‘tmishda ro‘y bergan voqea-hodisalarni qalban his etgan holda qo‘liga qalam olishga undagan. Asar qahramonlarning fe’l-atvorlarini, gap-so‘zlari va xatti-harakatlarini xuddi yaqindan ko‘rib-bilib va eshitib turganday ishonarli qilib yoritishida, o‘z tasavvuridagi alloma shoir obrazini gavdalantirishida juda qo‘l kelgan.
Binobarin, yozuvchining uzoq yillik mehnatlari natijasida dunyoga kelgan yangi kitobda hazrat Navoiyning hayot yo‘li, asarlarining yaratilishi tarixi, muhrdor va saroy bosh vaziri sifatidagi faoliyati, turli sohalarni rivojlantirish, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, adolatni qaror toptirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari qalamga olingan. Shoir Husayn Boyqaro, ustozlari va shogirdlari bilan munosabatlari, hamkasblari va oddiy xalq bilan muloqotlari ishonarli tarzda yoritilgan. Shu niyatda ko‘plab tarixiy dalillar va iqtiboslardan o‘rinli foydalanilgan.
Alqissa, katta bilim va tajribaga ega yozuvchidagi jur’atga jasorat esh bo‘ldi, ularga ijodiy mahorat qorishib ketdi. Bu o‘z samarasini berdi. Isajon Sulton go‘zal ifoda usulini qo‘llab, yangi «Alisher Navoiy» romanini yaratdi. Shu zayl noyob va betakror iste’dod egasi ekanligini yana bir bor namoyon etdi.
Albatta, vaqt – xolis hakam! Qolaversa, yangi asarning saviyasiga va yozuvchining mahoratiga haqiqiy bahoni kitobxonlar berishadi. Shu nuqtai nazardan yondashganda, dastlabki e’tiroflar ham chakki emas. Masalan, romanga so‘ng so‘z bitgan taniqli yozuvchi Xayriddin Sulton o‘z fikr-mulohazalari nihoyasida Isajon Sulton badiiy jihatdan yetuk, muhtasham roman, ta’bir joiz bo‘lsa, go‘zal badiiy obida yaratish sharafiga muyassar bo‘lganini mamnuniyat ila ta’kidlagan.
Biz romanni o‘qigan boshqa kitobxonlar ham bu xulosaga qo‘shiladilar, degan umiddamiz.
Abdunabi HAYDAROV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist
Manba: «Ishonch» gazetasi