Oʻzbekiston – Rossiya: munosabatlar mustahkam
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasiga keldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasiga keldi. Moskva shahridagi “Vnukovo” aeroportida davlatimiz rahbarini Rossiya hukumatining rasmiy shaxslari kutib oldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, 23-iyun kuni kechqurun Kremlda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi. Unda koʻp qirrali Oʻzbekiston - Rossiya hamkorligining dolzarb masalalari koʻrib chiqildi. 24-iyun kuni davlatimiz rahbari fashizm ustidan qozonilgan Buyuk Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi.
Rossiya va MDHga aʼzo mamlakatlar bilan hamkorlik Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi eng ustuvor yoʻnalishlardan. Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasida savdo, iqtisodiyot, energetika, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir ikki yuzdan ziyod hujjat qabul qilingan. 2004-yil 16-iyunda imzolangan “Strategik sheriklik toʻgʻrisida”gi shartnoma, 2005-yil 14-noyabrda imzolangan “Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisida”gi shartnoma ularning eng muhimlaridir.
Mamlakatlarimiz BMT, MDH, SHHT kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mintaqalararo aloqalar ham jadal rivojlanyapti. Rossiya Prezidentining 2018-yili mamlakatimizga tashrifi chogʻida Toshkentda ikki davlat rahbarlari ishtirokida Oʻzbekiston — Rossiya hududlararo hamkorlik forumi oʻtkazildi. Bu Rossiya Federatsiyasi subyektlari va Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy-hududiy birliklari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot uchun doimiy maydonga aylandi. Buning amaliy tasdigʻi oʻlaroq, Rossiya mintaqalari rahbariyatlari darajasida, jumladan, Checheniston Respublikasi va Tatariston rahbarlari, Sankt-Peterburg, Chelyabinsk, Ivanovsk, Orenburg va boshqa viloyatlari gubernatorlari bilan 20 dan ortiq ikki tomonlama tashriflar amalga oshirildi.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonning viloyatlari Rossiyaning 70 dan ziyod subyektlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yoʻlga qoʻygan. 2019-yilda Oʻzbekiston tashqi savdosida Rossiyaning ulushi 17 foizni tashkil etdi. Binobarin, Rossiya Oʻzbekistonning yetakchi savdo sherigi boʻlib qolmoqda. Oʻzaro tovar ayirboshlashning ijobiy dinamikasini inobatga olgan holda, savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilayotir.
Rossiya Federatsiyasi bilan fan, taʼlim, madaniyat, sanʼat, sport, turizm sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Ikki davlat xalqlari bir-birining madaniyati va adabiyotiga hurmat bilan qaraydi. Moskva shahrida buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy, poytaxtimizda rus shoiri Aleksandr Pushkin haykali qad rostlagan. Mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallari ochilgan. Taʼlim sohasidagi hamkorlik tufayli 2019/2020 oʻquv yilida 100 nafarga yaqin mamlakatimiz yigit-qizlari Rossiyadagi oliy taʼlim dargohlarida tahsil oladigan boʻldi.
Oʻzbekiston Rossiya oliy oʻquv yurtlarida talabalarning tahsil olish koʻrsatkichlari boʻyicha yetakchilar qatorida turadi. 2017-yilda oʻzbekistonlik 5500 dan ziyod abituriyent Rossiya oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirdi. Ularning 170 nafari Rossiya hukumati tomonidan ajratiladigan taʼlim kvotalari boʻyichadir. 2018-yilda mazkur kvota 203 oʻringa koʻpaytirildi. Oʻz navbatida, oʻzbekistonliklar uchun, jumladan, ijodiy yoʻnalishlar boʻyicha ham byudjet kvotalarini kelgusida yana-da koʻpaytirishga doir kelishuv mavjud.
Yurtimizda samarali faoliyat yuritayotgan M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti hamda I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti qatoriga Olmaliqda Moskva poʻlat va qotishmalar institutining Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti filiali ham qoʻshildi. Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti va Moskva muhandislik-fizika instituti filiallari ochildi. Shuningdek, respublikamiz hududlarida A. Pushkin nomidagi Rus tili davlat instituti filiallari hamda oliy taʼlim muassasalari bazalarida “rus tili va adabiyoti” mutaxassisligi boʻyicha taʼlim olib boradigan rus tili markazlarini ochishga ham qiziqish katta.
Toshkentda mamlakatlarimiz tarixida ilk bor Taʼlim forumi boʻlib oʻtdi. Unda Rossiyadagi 80 dan ortiq yetakchi oliy oʻquv yurtlari vakillari qatnashdi. Dunyoning biror bir mamlakati bilan Rossiya bilan boʻlgani kabi madaniy-gumanitar aloqalar bu qadar keng emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil aprel oyida Rossiyaga davlat tashrifi chogʻida qiymati 16 milliard dollarlik hujjatlar imzolangan edi. Tasdiqlangan loyihalarning koʻpchiligi sanoat va energetika sektorida roʻyobga chiqarilyapti. Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha ikki tomonlama dastur doirasida hududlar va ishbilarmonlar darajasida umumiy qiymati 13 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bugun Rossiyaning “Gazprom”, “Lukoyl”, “Forus”, “Tatneft”, “Silovыye mashinы”, “Kamaz”, “Yevrotsement”, “Ekokultura”, “Gazprombank”, “VEB” va boshqa koʻplab yetakchi kompaniya va banklari Oʻzbekiston bilan faol hamkorlik qilmoqda.
Rossiyaning “Yevrotsement” xoldingi tarkibidagi “Ohangaronsement” OAJ Oʻzbekistonda sement ishlab chiqarish quvvati boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadi. Hozirgi kunda xolding tomonidan Toshkent viloyatida “quruq usul” bilan sement ishlab chiqariladigan yangi zavodni barpo etish boʻyicha loyiha amalga oshirilmoqda. Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi bazasida “Rostselmash” zavodi ishtirokida kombaynlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi parlamenti bilan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat dumasi oʻrtasidagi aloqalar boʻyicha parlamentlararo doʻstlik guruhi tuzilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlarining siyosiy irodasi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishda poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.