Mangu bitik toshlar ilhomi
Oʻzbek xalqiga ham, boshqa turkiy xalqlar qatori, oʻzligini anglatish yoʻlida ijodkorlarimizning mehnatlari tahsinga loyiq.
Oʻzbek xalqiga ham, boshqa turkiy xalqlar qatori, oʻzligini anglatish yoʻlida ijodkorlarimizning mehnatlari tahsinga loyiq.“Sharq yulduzi” jurnalining 2019-yil 9 va 10- sonlarida taniqli yozuvchi Isajon Sultonning “Bilga xoqon” tarixiy romani bosilib chiqdi. Albatta, bu tarixiy mavzuga har qanday ijodkor ham jurʼat qilib qoʻl uravermaydi. Chunki oʻsha tarixiy davr murakkab. Romanga munosabat bildirishim uchun kitob boʻlib bosilib chiqishini kutish ham mumkin edi. Mavzu ham, roman qahramonlari ham menga qariyb 40 yildan beri hamroh boʻlib kelyapti. Endi qahramonlarimni yana bir bor eslagim keldi. Qolaversa, Isajon Sultonning “Bilga xoqon” romani haqidagi ayrim mulohazalarim kitob holida bosilib chiqishidan oldin asqatishi mumkin, deb oʻyladim.
Misr shohi Psammenit fors shohi Kambiz bilan boʻlgan jangda magʻlubiyatga uchrab asirga tushganda, asirlar qatorida turgan qiziga koʻzi tushib qoldi. Qizni suv olib kelish uchun joʻnatdilar, qiz choʻri libosida otasining yonginasidan oʻtib ketdi. Shoh Psammenitning yonida turgan ayonlari qizning bu ahvolini koʻrib, yigʻlab, oh-voh qilib nola chekdilar. Shoh esa pinagini ham buzmay, koʻzlarini yerga tikkanicha, miq etmay turaverdi. Bir ozdan keyin Kambizning jallodlari Psammenitning oʻgʻlini qatl qilish uchun olib ketdilar. Psammenit buni ham koʻrdi, ammo oʻzini dadil tutib turaverdi.Endi Psammenitning yonidan bir toʻda asirlarni haydab olib oʻtib ketdilar, Psammenitning koʻzi asirlar orasida ketayotgan yaqin doʻstiga tushib qoldi. Bu ahvolni koʻrgan shoh boshlariga mushtlab, qattiq faryod qildi. Kambiz Psammenitdan:”Nega oʻgʻling va qizingning ogʻir qismatini yuragingga ogʻir olmadingu, doʻstingning boshiga tushgan kulfatni oʻzingga juda ogʻir olding?” deb soʻradi. Psammenit shunday javob berdi: “Doʻstimning boshiga tushgan koʻrgilikdan chekkan qaygʻularimni koʻz yoshlarimni toʻkish bilan izhor qila oldim. Sen bergan oldingi ikki zarbadan esa qaygʻularimni ifodalashga soʻz topa olmadim”.
.“Bilga xoqon” romani – turkiy xalqlarning oʻn uch asrdan narigi davrdagi qaygʻulari ifodasi.Romanning debochasida Bilga xoqon faqat inisi Kul tiginning halok boʻlganidan qaygʻuribohunola chekdi, Bilga xoqon Kul tigin timsolida butun turk xoqonligi alplari halokati uchun koʻz yosh toʻqib, oʻz qaygʻusini izhor qildi. Yozuvchi imkon qadar qadimgi turk davridagi manzarani, qahramonlarning turkona tabiatini, hech narsadan tap tortmas botirligini saqlashga harakat qilgan. Roman boshlanishidagi Ishbara yamtar va Bulut obrazlari turk boʻduniga xos boʻlgan ayni ana shu qirralarni oʻzida ifoda etgani bilan diqqatga sazovor.Zotan, samimiylik va haqqoniylik qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, hamma zamonlarda ham oʻrinli va mavridida qilingan.
Isajon Sulton quyidagi voqeani hikoya qilar ekan, Ishbara va Bulut obrazlari orqali vatanni qutqarib qolish yoʻlida turk xoqonligining vatanparvarlari or-nomus uchun hatto oʻlimga ham tik borishga oʻzlarida zarurat sezgan degan gapni aytmoqchi boʻladi: “– Shumi yigitlik? – dedi Ishbara. – Hoy siz! Eltarish xoqonning oʻgʻli Bilga xoqon soʻzi qulogʻingizga kelmadimi?
– Keldi oz-moz!
– Unda xotin-bolangizni qoʻyib, Bilga xoqon soʻziga kirsangiz boʻlmaydimi? Boraylik, ne desa uni qilaylik. Qishda tirishib oʻlib yotmaylik.
– Qaygʻudamiz, – dedi qorachadan kelgan, qoshi ustida tigʻ izi bor Toʻfon degan yigit. – Tegra uluslarga soʻz yoʻllaylik. Bilganing qoshiga elchi yuboraylik. Tinglaylik-chi, ne der ekan?
Boyogʻi puturdan ketgan ulus erlari oʻt atrofida tizilishib, biri olib, biri qoʻyib “Ha, shunday boʻlsin. Oʻlsak oʻlaylik, biroq yer bilan bir boʻlmaylik”, deyishardi”.
Roman qahramonlari Ishbara bilan Bulut to Oʻtukanga borgunlariga qadar kechgan voqealarda Bilga xoqon obrazi koʻrinmaydi, faqat Bilga xoqonning oʻgitlari, elga qilgan ezgu ishlari, ana shu ezgu oʻgitlarini qalblariga jo qilgan vatanparvar Ishbara yamtar, Bulut obrazlari hukm suradi.Voqealarning bu tarzda qurilishiga hayotiy maishiy detallar xalaqit berishining oldini olish edi. Bilga xoqon katta maqsadni – otasi Eltarish xoqon barpo qilgan Ikkinchi turk xoqonligini mustahkamlashni, bir-biriga dushmanlashgan turkiy qabilalarning boshini qovushtirishni koʻzlagan edi. Maishiy detallar roman voqealariga xalaqit berishi mumkin edi. Isajon Sulton mayda-chuyda maishiy detallarga Bilga xoqonni oʻralashtirib qoʻymaydi.Romanning qaysi oʻrnida davlat va qabilalarni yakdil qilish manfaatlari turgan boʻlsa, Bilga xoqon obrazi yetakchilik qiladi.
Romandagi tabgʻach xalqi tarixda kuch-qudrati bilan emas, balki makkorligi, turkiy qabilalarni bir-biriga dushman qilib parchalab tashlagani bilan nom qoldirgan. Birinchi Turk xoqonligi tanazzul arafasida turgan paytda parchalanib ketgan turk qabilalaridan Bilga xoqon singari donishmand, mustaqil fikriga ega boʻlgan xoqon chiqmagani uchun, mugʻombir tabgʻachlarning tuzogʻiga ilindi. Isajon romanda turk boʻdunining bunday ayanchli ahvolini, faqat qorin tashvishi bilan yashaydigan boʻlib qolganini koʻrsatadigan taʼsirli lavhalarni topadi. Quyidagi parcha turk boʻdunining ayni oʻsha holatini tasvirlaydi: “Kishilar yoʻqsillikda tubanlashib ketgan edilar! Birov birovni koʻzga ilmas, oshliq oʻyi, kun kechirish qaygʻusi shu koʻyga solib qoʻygan, boʻlar-boʻlmas qush eti yo meva uchun urishib-soʻqishadigan turumga kelgan, qon toʻkishdan-da tap tortmas, yovqurligi, tikboshligi tugab bitgan edi. Yigit-yalang oshliq izlab olis ellarga ketib qolishar, tabgʻach yo qitanga yollanib, er otiga toʻgʻri kelmaydigan yumushlarni qilib yurishardi. Yilqi, yo mol boqib, qorovullik qilib, cherikka yollanib topganlarini oyda-yilda bir ena-otasiga yuborib, oʻzlari oʻsha yurtlarda esankirab, yerdayin boʻlib yashashardi.” Qorin tashvishi nafaqat bir guruh odamlarni, balki butun boshli xalqlarni ana shunday tanazzulga olib kelishi mumkin ekan. Ishonuvchan, sodda turk qabilalari tabgʻachning nafis ipagiga, shirin soʻzlariga mahliyo boʻlib, aldanib bir-biri bilan dushmanlashganini yozuvchi Bilga xoqon boshchiligida oʻn oʻq qabilasi ustiga yurish qilgani haqidagi voqealar orqali koʻrsatadi. Bilga xoqonning oʻz ismiga munosib ravishda dono, mard xoqon ekanini Isajon koʻrsatishni maqsad qilgan va Toʻnyuquqning “Toʻqqiz oʻgʻuz oʻz qardoshimiz, qonimiz bir. Tuyqusdan bossak-chopsak, er kishini ishi boʻlmas” degan maslahatiga rozi boʻladi.Shuning uchun u qarindoshlari toʻqquz oʻgʻuz, oʻn oʻq, qirgʻiz qabilasi ustiga qoʻqqisdan hujum qilishni oʻziga ep koʻrmaydi.Ha, bu adolatli ish boʻlmas edi. Bilga xoqonning qarori bilan Toʻnyuquq va El Boʻgʻu toʻquz ugʻuz qabilasi boshliqlari makoniga, sizlarga hujum qilish uchun keldik, deb ogohlantirish uchun boradilar. Bunday mardonavorlik faqat turk boʻduniga yarashadi va ularning azal-azaldan qonida bor boʻlgan mardlik va adolatparvarlikni yozuvchi juda oʻrinli topib tasvirlaydi. Adolatparvarlikning mezoni omma qabul qilgan qoidalarga rioya qilish boʻlib, insondagi gʻazab va nafratni rad qiladi.Qolaversa, adolat ehtiroslardan ham xolidir. Ehtiroslar aql-idrokning amriga itoat etmasdan, oʻz burchini unutib qoʻyadiganlarga xos xususiyatdir.
Roman tarixiylik tamoyili asosiga qurilgani uchun, yozuvchi ortiqcha dabdababozlikka, romantik kayfiyatlarga berilmaydi. Bilga xoqon. Toʻnyuquq va Kultigin obrazlarini yozuvchi ideallashtirmagan holda, ularning real qiyofasini chizadi.
Bilga xoqon, Ishbara yamtar qadimgi turk davriga bagʻishlangan badiiy asarlarda yangi obraz deb baholanishga loyiq qahramonlardir. Ayniqsa, “Tabgʻachning oʻtmishi” haqida hikoya qilganda, Isajon Sultonasli turk qavmidan boʻlgan tabgʻach xalqi chinliklarning hadyalariga uchib ularning qizlariga uylanganini va oʻz xalqiga xiyonat qilganini, qoʻliga doʻmbirasini olib, “Alpomish”ni kuylayotgan baxshini shunchalik jonlantirganki, kitobxon koʻz oʻngida oʻzbeklar, oltoy va qozoqlar, qoraqalpoqlarning baxshilari-yu oqinlari, chanqovuz chalayotgan ayollari gavdalanadi.
Romanda tabgʻach xalqi bilan turk xalqi tamomila bir-birining ziddi sifatida tasvirlanadi,ayniqsa tabgʻach va turk ayollari tasviridagi ziddiyat romandagi Meyli chur obrazida yorqin ochib beriladi. Oʻsha sahifalarni oʻqigan kitobxon turk qavmi orasida qorin tashvishida yurgan narsaparast vatanfurushlar hamon borligi haqiqat ekanini roʻyi rost koʻrsatadi. Darvoqe, oʻziga oʻzi ishonmagan odam oʻz xalqiga, hukmdoriga sadoqatini koʻrsata olmaydi, albatta xiyonat qilish uchun payt poylab turadi.Meyli Chur obrazida ayni shunday toifadagi odamlarni koʻramiz. Bunday kimsalar yolgʻonning quroli boʻlib xizmat qilib kelganlar va bugun ham oʻsha vazifalarini bajaryaptilar, ularning qoni azaldan aynigan.Meyli churning tabiatidagi qoʻrqoqlik, vatanga xiyonat qilishga har doim tayyorligi qoni ayniganligidan. Millatning qoni aynisa oʻzligini unutadi, xiyonatkorlikka moyilligi kuchayadi. Oʻzlikni doimo yodida tutgan xalq esa hatto ochdan oʻlar ahvolga tushsa ham vataniga xiyonat qilmaydi. Vatanfurushlar deymizmi, millatfurushlar deymizmi- xullas har qanday “furushlar” – keyingi zamonlarda ham maʼlum toifa insonlarda pinhon boʻlgan yovuzlikning inʼikosidir,
Meyli Chur va Ishbara, Bulut bir-biriga zid obrazlar sifatida romanda doim kitobxonni hushyorlikka chorlab turadi.El Boʻgʻu tilidan aytilgan “Qorin-qursoq, oshliq qaygʻusi er kishini tuban qilib qoʻyar ekan-da” degan gapi romanning asosiy maqsadiga ishora qiladi. Turkiy qavmlarning parokanda boʻlib ketishlariga, qovushib. birlasha olmayotganlariga qorin tashvishi sabab ekanini koʻrsatadi. “Bizning urugʻlar yer yuzini yarmini toʻldirgan, dedi. Toʻgʻri, Toʻqqiz oʻgʻuz, qirgʻiz, qitan oʻz urugʻimiz. Naryoqda Tinsi oʻgʻli yotadigan toqqacha, bu yoqda Temir Qopqagacha bizning qondoshlar esa, nega buncha yoʻqsillikda yuribmiz?” deb oʻyladi.
Uning oʻyi shungacha yetdi”
Isajon xoqonlikning tanazzuliga aql noqisligi – el peshvolarining uzoqni koʻra bilmasliklari, “Bundan keyin nima qilishimiz kerak?” degan savolni oʻz oldilariga qoʻya olmaganlari sabab ekaniga ishora qiladi.
El Boʻgʻuning yosh bola (joʻjuq)larga aytgan rivoyatlari romanga alohida mazmun bagʻishlagan.Zotan, oʻzining kelib chiqishini, shajarasini bilmagan xalq boshqalarga mute boʻlishga moyil ekanini mazkur rivoyatlar koʻrsatib turadi. Turk xalqining magʻrurligi, oʻzining kimligini bilishga boʻlgan ishtiyoqini El Boʻgʻuning rivoyati ifodalab turadi.
Romanning ilhom bilan bayon qilingan “qiz quvdi”. “koʻpkari” lavhalari, baxshi doʻmbira bilan kuylagan qoʻshiq lavhalari qadim udumlarimiz va anʼanalarimizni jonlantirishga xizmat qilgan.Qadim anʼanalarimizga yozuvchining muhabbat bilan yondashganidan bu lavhalar dalolat beradi.
Tabgʻach xalqi bilan bogʻliq voqealarni Isajon tasvirlar ekan, bu qavmning feʼl-atvorini, ayyorligini ularning oʻz tilidan hikoya qilish orqali ochib beradi. Jumladan, jangju yabgʻularidan biri oʻz xoqoniga “turklarga qarshi urush boshlaymizmi?”degan savoliga xoqon “Nega urush qilamiz? – Oʻz etlarini oʻzlari yeyaverishsin... Turkiylarning qonini qizdirmaylik. Chuchuk soʻz ila avrasak tuzuk... ,”, deb oʻn oʻq, qirgʻiz, toʻquz oʻgʻuz qabilalari oʻrtasidagi birodarkushlik urushlarini avj oldirishga ishora qiladi.Dushmanning xatti-harakati ochiqchasiga raqib tomonga maʼlum boʻlsa kurashish va ular keltiradigan kulfatlarning oldini olish oson kechadi. Ammo tabgʻachlar singari pismiqlik bilan harakat qiladigan boʻlsa, buning oqibati juda yomon boʻlishi muqarrarligi tabgʻach xoqonining yuqoridagi gaplaridan maʼlum boʻlib turibdi.
Ellik yil tabgʻachning zulmini chekkan turk boʻduni uchun erk tushunchasi nihoyatda muqaddas ekanini Isajon romanning soʻnggi sahifalarida – turk qoʻshini tabgʻachlarni kunpayakun qilib magʻlub qilish arafasida yaralanib jon berayotgan Bulutning Ishbara yamtar bilan qilgan quyidagi savol-javobida anglatadi:“– Ishbara! – dedi Bulut arang shivirlab. – Biz yengdikmi?
– Yengdik, Bulut! Tabgʻachni enasini koʻrsatdik!
– Ulus endierklimi?
– Endi tugalerkli, Bulut!”
Bilga xoqonning, umuman turk boʻdunining hatto dushmaniga nisbatan ham bagʻri keng, shafqatli, ayni paytda qatʼiyatli inson zoti ekanini yozuvchi tabgʻachlar parokanda boʻlgandan keyin, asirlarni oʻldirmay, tiriklayin ozod qilib qoʻyib yuborganlarida, tabgʻach lashkarboshisi Ishang Likan esa Bilga xoqonning tamomila aksi – asirga tushgan oʻz odamlaridan ham voz kechgan olchoq ekanini anglatadi. Isajon Sulton bu ikki toifa lashkarboshi va qavmning taqdiriga quyidagicha yakun yasaydi: “Birozdan soʻng tutqunlarni Ishang Likayga topshirishga buyruq boʻldi. Qoʻllari boʻyniga ters boylangan tutqunlar qor kecha-kecha, istar-istamay oʻz eldoshlariga qarab yurishdi. Shunda bir ish boʻldi: tabgʻachlar ularni urib-surib, qoʻyday haydab olib keta boshlashdi. Anchasini esa oʻsha turumida qoldirishdi.
Xoqon oʻz qoʻshinini, oʻz budunini nechuk tashlab ketsin? Bilga xoqon tutqunlarni yigʻishga buyruq berdi. Ular qarshisiga chiqib, shunday dedi:
– Xoqoningiz sizni, istasang oʻldirib yuboraver, istasang qul qilib olib ket, dedi. Men Bilga xoqon, soʻzimni tugal aytaman: orada qon toʻkilmasa, qon toʻkmagayman. Tangrim dediki, xoqon toʻgʻri boʻlsa, eliga ega chiqsin. Chiqmasa, buzuq xoqon ekan. Sizning qoningizni oqizmayman, qoramol, echki, qoʻy qoldiraman, shu yerlarda yashaybering.” Qadimgi hamma xalqlarda boʻlgani singari tabgʻachlar ham oʻz xalqiga nisbatan boʻlgan illatlarini qonuniy deb qadrlaganlar; turk boʻdunining yaxshi va kechirimli xatti- harakatlarini tamomila noqonuniy deb hisoblaganlar. Ikki xalqning mana shu bir-biriga tamomila zid boʻlgan qonunlari ularning maʼnaviy qiyofasini aks ettirib turadi.
Har qanday davlatni tutib turadigan tayanchi yasa, yaʼni qonunlaridir. Hamma zamonlarda boʻlgani singari, Bilga xoqon yuksaltirgan Turk davlatini mustahkam barpo qilgan narsasi Bilga xoqon yaratib bergan yasadir. Isajon romanda keltirgan yasa qadim turklarning mardonavorligi, erligi,halolligi, toʻgʻriligi, vatanparvarligi va boshqa qator fazilatlarini qamrab olgan. Zotan, har qanday qonun xalqning maʼnaviy qiyofasiga asoslanganini roman nihoyasida keltirilgan matn isbotlab turadi.
Nazarimizda, romanda biroz qayta ishlanishi, toʻldirilishi lozim boʻlgan oʻrinlar ham yoʻq emas. Jumladan, Eltarish xoqonga, Kul tiginga oid voqealar bir oz kengaytirilsa, Bilga xoqon hukmronligi davri haqida kitobxonning tasavvuri toʻlishgan boʻlardi.Ayni paytda Bilga xoqonning tarixdagi adolatli, millatparvar xoqon sifatidagi obrazi Eltarish xoqon va Kul tigin obrazlarisiz mukammal boʻla olmaydi. Kul tigin bilan bogʻliq lavhalar Bilga xoqonning romandagi obrazidan uzilib qolganday taassurot qoldiradi. Romanda Kul tiginga oid voqealar tasviri koʻpkari sahnasida qisqacha lavhada bor, xolos. Ammo turk xoqonligi tarixida Bilga xoqon singari iz qoldirgan lashkarboshining obrazi toʻlaqonli ochib berilishi kerak. Qolaversa, qadimgi Xan sulolasi yilnomalarida Parkana haqida berilgan tarixiy voqealar, xususan, Parkananing uchar otlari haqidagi maʼlumotlar Turk xoqonligiga begona boʻlishi mumkin emas. Isajon romanda Fargʻonaning uchar otlari haqida qisqacha aytib oʻtgan. Zotan, qadim turklar oʻzlarining tarixi haqida Xan va Tan sulolalari yilnomalarida yozilganidan yaxshi xabardor boʻlganlar.
Romanda turk boʻduni bilan tabgʻach boʻduni haqidagi ayrim maʼlumotlar chalkashib ketgan. Bilga xoqon turk boʻduniga ularning boshidan oʻtgan voqealarni eslatar ekan, yozuvchi quyidagi voqeani keltiradi: Tabgʻach budunning qattiq oʻgʻillari qul boʻldi.” Aslida qul boʻlgan tabgʻach boʻdun oʻgʻillari emas, balki tabgʻach boʻduni turk boʻdunining oʻgʻillarini qul qilgan,yaʼni dalillar teskarisiga almashib qolgan, buning natijasida jabr koʻrgan turk boʻduni emas, tabgʻach boʻdunidir degan mazmun anglashilib qolgan. Bu mazmun Kul tigin bitik toshidagi Bilga xoqon tilidan hikoya qilingan real tarixiy voqeaga ziddir.
Xalqning ahvol — ruhiyasi, turumi haqida Bilga xoqonning qaygʻu ichida dard bilan soʻzlagan nutqi bitik toshlarda ham badiiy parchalarni eslatadi. Biz bundan oʻttiz besh yil ilgari oʻrxun-yenisey yozuvi yodgorliklari boʻyicha doktorlik dissertatsiyasi yozgan paytlarimizda Bilga xoqonning bu nutqini monologik nutq Bilga xoqonning bu nutqi notiqlik sanʼatining ajoyib namunasidir, deb qarab tahlil qilgan edik..Yozuvchi oʻsha parchalarni romanning tub magʻziga singdirib yuborganda, romanning badiiyati yana-da jonliroq chiqqan boʻlardi. Shuningdek, qadim turk qabilalarining shajarasi haqida tarix asarlarida koʻplab rivoyatlar, afsonalar bor. Ana shu rivoyat va afsonalar romanning badiiy mukammal boʻlishiga katta xizmat qilishi mumkin.
Kelgusida Isajon Sulton bu tarixiy mavzuni davom ettiradi. Boʻmin xoqon, Istami xoqon toʻgʻrisida ham oʻz asarlarini xalqimizga inʼom qiladi, deb kutib qolamiz. Zotan shijoatli, mard xoqonlar, lashkarboshilar faqat tarix asarlarida va darsliklarda, dissertatsiyalarda qolib ketmasligi, keng oʻquvchilar ommasiga yetib borishi lozim.
Nasimxon Rahmonov,
filologiya fanlari doktori,
Oʻzbekiston Milliy universiteti professori