Yangi lavozimda Marsel Krauze UGTL zavodini ishga tushirish va loyiha quvvati bilan ishlashni ta’minlashda, ishga tushirish, sozlash ishlarini muvofiqlashtirish ishlarini amalga oshiradi, deb ma’lum qildi Energetika vazirligi matbuot xizmat.
“Uzbekistan GTL” kompaniyasining Direktorlar Kengashi qarori bilan yuqori malakali mutaxassis, Kanada fuqarosi bo‘lgan - Marsel Yurgen Krauze joriy yilning 18 yanvaridan boshlab kompaniyaning texnik direktori lavozimiga tayinlandi.
O‘tgan 10 yil davomida Marsel Krauze Qatardagi OryxGTL zavodining texnik menejeri bo‘lib ishlab kelgan, neft va gazni qayta ishlash va neft-kimyo sanoatida jami 33 yillik yuqori tajribaga ega.
U Kanada, Chili, Tailand va Qatar kabi mamlakatlarda neft-gaz-kimyo, neft va gazni qayta ishlash sanoatidagi qator yirik xalqaro ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish va sozlash ishlarida ishtirok etgan.
"Uzbekistan GTL" kompaniyasining axborot xizmati xabariga ko‘ra, Marsel Krauze dunyoning Top-50 universitetlar reytingiga kiradigan “British Columbia” (Kanada) universiteti bitiruvchisi, shuningdek Britaniya Kolumbiyasining professional muhandislar va geologlari uyushmasini a’zosi hisoblanadi.
O‘zA