Sohibqironning Samarqanddagi saroyi: Amir Temur davlatni qaysi binodan turib boshqargan?
Amir Temur Samarqand shahrini oʻzining koʻrki va salobati bilan barcha talablarga javob beradigan siyosiy markazga aylantirishni maqsad qilgan edi.
Amir Temur Samarqand shahrini oʻzining koʻrki va salobati bilan barcha talablarga javob beradigan siyosiy markazga aylantirishni maqsad qilgan edi. Temur davlati tashkil etilib, Samarqand uning poytaxtiga aylantirilgach, 1370-yilning iyunida ushbu shaharda qurultoy chaqirilib, unda poytaxtdagi ulkan shaharsozlik tadbirlari belgilab olindi.
ARKI OLIYDAGI KOʻKSAROY
Natijada, dastavval 1371-yilda qisqa muddat ichida shahar tevaragi mustahkam qalʼa devori bilan oʻraldi. Shahardagi ayrim xiyobon va maydonlar yangicha qiyofaga ega boʻldi. Qurilish-bunyodkorlik ishlari koʻlami kengayib, Samarqandda bir qator masjidlar, maqbaralar, meʼmoriy majmualar qad koʻtardi.
Samarqandning kunbotar tomonidagi qalʼa – Arki Oliy qiyofasi ham ancha oʻzgardi. Amir Temur bu yerda atrofi mustahkam oʻralgan qalʼa bunyod ettirdi. Mahobatli darvozaxonalar qurdirdi, qalʼa ichiga maxsus obmoʻri orqali suv keltirdi.
Temurning Samarqanddagi qalʼasi shunchaki istehkom emas, balki avvalambor poytaxtning mustahkamlangan maʼmuriy-harbiy markazi edi. Uning qudratli devori tashqarisida hukumatning asosiy qarorgohi boʻlgan Koʻksaroy va chamasi, ancha xususiy xarakterdagi Boʻstonsaroy joylashgan edi.
Tarix fanlari doktori, professor Sh.M. Oʻljayevaning akademik A.R. Muhammadjonov maʼlumotlariga tayanib qayd etishicha, Samarqand shahri arkida bunyod etilgan Amir Temur qarorgohi – Koʻksaroy toʻrt qavatli boʻlib, gumbazlari va devorlari zangori koshinlar, naqshinkor va guldor parchinlar bilan qoplangani uchun u shunday atalgan. Koʻksaroyning toʻrt qavatli ulkan imorat boʻlganligi uning naqadar ulugʻvor va noyob ekanligidan darak beradi.
1497-yil noyabrda Boʻstonsaroyda toʻxtab oʻtgan Bobur oʻzining “Boburnoma” asarida Koʻksaroy haqida aniq maʼlumot qoldirgan. Uning qayd etishicha: “Samarqand Arkida Temurbek ulugʻ bir koʻshk solibdur, toʻrt oshiyonlik (toʻrt tarafidan kirish yoʻli peshtoq darvozalik). Koʻksaroygʻa maʼlum va mashhur oliy imoratdur”. Bobur, shuningdek, Boʻstonsaroy – Koʻksaroy koʻshki atrofidagi chamanzor haqida ham yozib qoldirgan.
KOʻKSAROYNING KOʻKTOSHI HOZIR QAYERDA?
Koʻksaroyda xonlarni podsholik taxtiga oʻtqizish marosimi vaqtida ularni oq kigiz ustiga olib oʻtqiziladigan toshdan taxt-kursi – Koʻktosh qoʻyilgan edi. Alohida maydonchaga qoʻyilgan Koʻktosh – yaxlit toshdan taroshlangan baland supa – hozirda Goʻri Amir maqbarasining hovlisida turibdi. Mamlakatning siyosiy hayotida amalda hech qanday rol oʻynagan navbatdagi qoʻgʻirchoq moʻgʻul xonini taxtga chiqarish marosimi anʼanaga koʻra ana shu toshda oʻtkazilgan.
Bulardan tashqari arkda davlat devonxonasi, qurol-yarogʻlar ustaxonasi va aslahaxona, tangalar soʻqiladigan zarbxona, qamoqxona kabi imoratlar joylashgan edi. Akademik B.Ahmedov ham Koʻksaroyga davlat xazinasi, podshohga qarashli korxonalar (asosan qurol-yarogʻ ishlab chiqaruvchi korxonalar) va qamoqxona joylashtirilgani, Boʻstonsaroy esa podshohga asosiy qarorgoh boʻlib xizmat qilgani haqida maʼlumot beradi.
Koʻksaroydagi yirik xazina jamgʻarma – aslahaxonalarda Amir Temur Toʻxtamishxonni tor-mor qilgandan keyin Tabriz va boshqa shaharlardan, Oltin Oʻrda xazinalaridan qoʻlga kiritilgan ashyolar, Dehlidan keltirilgan, aslida hind hunarmandlari yuksak did bilan yasagan jozibali osori atiqalar, hatto Turkiya sultonlari salib yurishlari ishtirokchilaridan musodara qilgan va boshqa xilma-xil noyob tarixiy anjomlar mavjud boʻlganligi bir qator tarixiy manbalarda tilga olingan.
Jumladan, ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo oʻz kundaliklarida Koʻksaroy qasri va undagi podshoga tegishli qurol ishlab chiqaruvchi ustaxona haqida quyidagicha qayd etgan: “Shahar chetida bir qasr boʻlib... tevarak-atrofi suv oqib turgan xandaq bilan oʻralgan, qasr yoʻlab boʻlmaydigan istehkomga aylangan edi. Qasrda podshoning xazinasi saqlanar, shu sababdan qoziyu quzzot (qozikalon) va uning mulozimlaridan boshqa hech kim kirolmas edi. Bu yerga podshoning farmoyishiga binoan, bir mingga yaqin hunarmand asirlar joylashtirilgan. Ular saltanat uchun yil boʻyi sovut, dubulgʻa, kamon, nayza yasaydilar”.
SOHIBQIRON IBN SINO QABRINI HAM ZIYORAT QILGANMI?
Manbalar Koʻksaroyda Temurning ulkan kutubxona barpo qilganligi haqida ham xabar beradi. Unga dunyoning turli burchaklaridan noyob bitiklar, bebaho qoʻlyozmalarni toʻpladi. Ulardan foydalanish ustidan qattiq tartib oʻrnatdi. Munshiylik, xattotlik, bezak solish namunali ravishda yoʻlga qoʻyildi. Kutubxonadan olimu fozillar, mudarrislar, toliblar, umuman ijodkorlar, saltanat amaldorlari, ularning farzandlari keng foydalandilar. Shu tariqa Amir Temurning Koʻksaroy kutubxonasi boy ilm oʻchoqlari sifatida mashhur edi.
Unda arab, turk, fors, lotin va boshqa tillarda 13,5 mingdan ziyod turli fanlarga oid kitoblar toʻplangani maʼlum. Sohibqiron qaysi mamlakatlarga yurish qilmasin, u yerdagi ilm ahli bilan suhbat qilishga, mavjud kitoblarni yigʻishga intilgan. Ibn Sinoning Hamadondagi maqbarasini ziyorat qilgan va buyuk alloma asarlarini toptirib Samarqandga yuborgan.
Amir Temur 1404-yil kuzida Xitoyga yurishidan oldin Koʻksaroyda soʻnggi bor boʻlgan. Sohibqironning vafotidan soʻng saroy uning avlodlari tomonidan foydalanilgan. Tarixiy manbalarda ayrim temuriyzodalar hayotining Koʻksaroy bilan bogʻliq hodisalari haqidagi maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Davlatshoh Samarqandiyning 1486-yilda yozib tugallangan “Tazkirat ush-shuaro” (“Shoirlar tazkirasi”) asaridan temuriy Xalil Sulton hukmronligi davri (1405–1409-yilar) da oʻtgan yetuk shoir Bisotiy Samarqandiy (1412-yil vafot etgan) haqida keltirilgan parchada bayon etilishicha:
“Shohruh sulton Samarqand taxtiga oʻltirgandin keyin Amir Temurning Koʻksaroyda yashiringan xazinasiga kirdi. [Lekin] ablahlar dimogʻi aqldin, johillar qalbi bilimdin xoli boʻlganiday, [Shohruh sulton ham] oʻsha xazinani ganjdin holi topdi. Tasodifan mirzo asosining uchi [yerda yotgan] bir dirhamga tegdi, uni olib [artib koʻzlariga surdi, soʻng] hamyoniga soldi. Soʻng hamrohlariga yuzlanib dedi: «Biz ushbu dirham haqqi otamizdin qolgan xazina va merosdin bahramand boʻldik”. Shundan keyin u boʻshab qolgan xazinadan chiqdi...».
TAXTGA KOʻTARISH HAM, TAXTDAN TUSHIRISH HAM
KOʻKSAROYDA BOʻLGAN
Mirzo Ulugʻbekning oʻgʻli Abdullatif Mirzo Samarqand taxtini egallagach, mamlakatda mustabid tartib oʻrnatiladi. U otasi Ulugʻbekka yaqin turgan kishilarning koʻpini qatlga buyuradi. Amakivachchasi Abdullo Mirzoni Koʻksaroydagi zindonga tashlaydi. Shuningdek, jangda asirga olingan temuriyzoda Abu Said Mirzoni ham Koʻksaroy qamoqxonasida tutqunlikda saqlaydi. Ammo 1450-yil bahorida Abu Said Mirzo qamoqxonadan qochib, Buxoroga ketadi (ayrim adabiyotlarda Abu Saidning Buxoro zindoniga tashlangani haqidagi maʼlumotlar ham uchraydi). Abdullatif Mirzoning fojiali halokatidan soʻng, Arkoni davlat birlashib, Abdullo Mirzoni Koʻksaroy qamoqxonasidan olib chiqib, saltanat taxtiga oʻtqizib, podshoh deb eʼlon qiladi.
Britaniyalik sharqshunos va tarixchi Lourens Frederik Vilyam Rashbruk (1890–1978) ning maʼlumot berishicha, Temuriyzodalarga xos anʼanaga koʻra, ulardan qay biri toj kiyib taxtga chiqsa yoki taxtdan mahrum qilinsa, qatl ettirilsa yoki koʻzlariga mil tortiladigan boʻlsa, bu ishlarning barchasi Koʻksaroyda amalga oshirilgan. Muallif Koʻksaroy bilan bogʻliq holda Sulton Mahmud Mirzoning oʻgʻli Boysungʻur Mirzoning hibsga olinib Koʻksaroyga olib kelingani, ammo Boysungʻur Mirzo jazodan qutulib qolishga muvaffaq boʻlganini qayd etadi. Boysungʻur
Mirzoning baxtiqaro ukasi Sulton Ali ham oʻz navbati kelganda Koʻksaroyga olib kelinadi. Ammo omadli tasodifga koʻra omon qoladi. Uning koʻzlariga mil tortilganda uning koʻrish qobiliyati qisman saqlanib qoladi, u Buxorodagi tarafdorlari yoniga qochib ketadi.
Yuqorida nomi qayd etilgan Koʻktosh 1868-yilgacha Koʻksaroyda turgan. XV asrdan XIX asrga qadar ushbu tosh-kursida temuriylardan boshlab to mangʻitlar sulolasi hukmdorlarining taxtga oʻtirish marosimlari boʻlib oʻtgan. Garchi Buxoro amirligining poytaxti Samarqand emas, balki Buxoro boʻlsada, uning amirlari – Haydar, Nasrullo hamda Muzaffarlar taxtga oʻtirish marosimini Samarqandda, aynan ushbu Koʻktoshda amalga oshirganlar. Koʻktosh bilan bogʻliq soʻnggi taxtga oʻtirish marosimi 1860-yilda Amir Muzaffarning taxtga chiqishi chogʻida boʻlib oʻtgan.
BESH ASR QAD ROSTLAB TURGAN SAROYNI KIMLAR
YAKSON QILGAN?
Yozuvchi, olim Sadriddin Ayniy oʻzining “Eski osorlar. Chil ustun, Koʻksaroy, Chinnixona va Koʻktosh” nomli tadqiqotida: “Koʻksaroy – bu imorat Samarqandning arkida (oʻrda – hozirgi Tuproqqoʻrgʻon) boʻlib, Amir Temur tomonidan solingan toʻrt oshyona (toʻrt qavatli) yuksak bir bino edi. Koʻktosh hozirgacha Samarqandning qoʻrgʻonida salomat qolgan katta bir toshdir”, – deb qayd etadi.
Oʻlkashunos Abdumoʻmin Sattoriy oʻzining “Koʻktosh” maqolasida Samarqanddagi osori atiqalar orasida Koʻktosh deb ataladigan bir tosh borligi va u tosh shaharning Tuproqqoʻrgʻon ichida joylashganligi, tevarak va atroflarida turli-tuman uylar boʻlib, eski va yangi shahar orasida saqlanayotganligi bilan bogʻliq maʼlumotlar beradi. Muallif u uzoqdan oq boʻlib koʻrinishi, lekin oʻsha paytda tashlandiq holda ekanligini ham alohida taʼkidlaydi.
Koʻksaroyning asosiy binosi XVIII asrning birinchi yarmidagi siyosiy kurashlar va inqiroz davrida vayron etilgan. XIX asrda mangʻitlar sulolasiga mansub Buxoro amirlari saroyni qisman tiklashgan. Buxoro amirligi sharqiy qismida mustaqillikning qoʻldan boy berilishi hamda Samarqand rus qoʻshinlari tomonidan bosib olinib, Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritilganidan keyin Rossiya imperiyasining mustabid hukumati 1880-yillarda saroyni butunlay buzib tashladi. Bugungi kunga qadar Koʻksaroydan faqatgina Koʻktosh saqlanib qoldi. Boʻstonsaroy kabi Koʻksaroy ham yer bilan yakson qilindi.
Xulosa qilib aytganda, Arki Oliy ichida joylashgan, toʻrt qavatli mustahkam va mahobatli qasr hisoblangan Koʻksaroy Amir Temur davrida ham, uning vorislari davrida ham muhim davlat ahamiyatiga ega boʻlgan joy sifatida xizmat qildi. Unda davlatning bosh xazinasi hamda qoʻrxona (qurol-aslahalar saqlanadigan joy) joylashgan edi. Koʻksaroy davlatning maxsus qamoqxonasi ham hisoblanib, unga koʻproq davlat jinoyatchisi deb topilgan mahbuslar qamalgan hamda shu yerda qatl etilgan.
Qasrning yana bir qanotida podshohning xos korxonalari joylashgan boʻlib, bu yerda harbiy qurollar yasalardi. Bundan tashqari, Amir Temur Koʻksaroyda ulkan kutubxona ham bunyod ettirgan. Sohibqiron dunyoning turli burchaklaridan noyob bitiklar, bebaho qoʻlyozmalarni Koʻksaroy kutubxonasida toʻpladi. Natijada bu yerda 13,5 mingdan ziyod turli fanlarga oid kitoblar jamlandi.
Koʻksaroy ham, Amir Temurning Samarqanddagi shaxsiy saroyi Boʻstonsaroy ham Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida buzib tashlangan boʻlsada, Sohibqironning Samarqanddagi ushbu qarorgohlari tavsifi manbalardagi maʼlumotlar asosida oʻzining salobati va koʻrki bilan avlodlarni lol qoldirishda davom etaveradi.
Alisher EGAMBERDIYEV,
Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi