2026-2027 yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida rasmiy tovar aylanma 3 baravarga oshadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2026-2027 yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida rasmiy tovar aylanmasini kamida 3 baravar oshirish belgilandi.
Qarorga binoan 2026 yil 1 yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (bundan paxta va g‘alla mustasno) realizatsiyasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining "nol" stavkasi joriy qilinadi.
2026 yil 1 yanvardan:
a) qo‘shilgan qiymat solig‘ining "nol" stavkasi qo‘llaniladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi va ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi;
b) Ro‘yxatga kiritilgan mahsulotlarni yetishtirish uchun xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qoplash (qaytarish) tartibi amal qiladi;
v) Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga (bundan paxta va g‘alla mustasno) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 3 kun muddatda avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.
2026 yil 1 yanvardan Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan tovarlarni aynan bitta yetkazib berish zanjiri bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olishda elektron hisobvaraq-fakturalarni xavf darajasiga qarab real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan tarzda tahlil qilish tizimi joriy qilinadi.
Yuqori xavf darajasiga ega elektron hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha:
a) ularning ulushi hisobot davrida rasmiylashtirilgan jami elektron hisobvaraq-fakturalar sonining 10 foizidan oshmasligi;
b) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi sotuvchi (yetkazib beruvchi) yoki xaridor (buyurtmachi) tomonidan byudjetga to‘liq to‘langandan keyin hisobga olinadi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab "Space Gov Monitoring" markazlashgan yagona platformasini Soliq qo‘mitasining axborot tizimlariga integratsiya qilish orqali davlat kosmik monitoringi doirasida qishloq xo‘jaligi yerlarida haqiqatda ekin ekilgan maydonlar bo‘yicha ma’lumotlarni muntazam ravishda taqdim etib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA