Shuni ta’kidlash kerakki, sifat standartlariga bo‘lgan talabning oshishi barcha Chevrolet modellariga bevosita ta’sir qiladi.
UzAuto mijozlar tomonidan bildirilgan fikrlar va mulohazalar bilan ishlashni davom ettirmoqda hamda ijobiy tomonga o‘zgarishlar qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda, deb yoziladi UzAutoSanoat rasmiy saytida.
«GM kompaniyasidagi hamkorlar bilan samarali ishlar olib borildi, natijada UzAuto Motors rasman BIQ4 (build in quality) sifat standartlari sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Kelgusi yillarda DjiEm tizimidagi eng yuqori BIQ NEXT sifat darajasini olish maqsad qilib olindi. Shuni ta’kidlash kerakki, sifat standartlariga bo‘lgan talabning oshishi barcha Chevrolet modellariga bevosita ta’sir qiladi, shu sababli ishlab chiqarishda barcha zarur modernizatsiya jarayonlarini amalga oshirish maqsadida 2021 yil yanvar oyida Asaka zavodi faoliyatini vaqtincha to‘xtatish rejalashtirilgan.
Shu bilan bir vaqtda, respublikamizning barcha hududlaridagi Shevrole dilerlik tarmog‘i yangi standartlarga o‘tkaziladi. Bundan avval dilerlik tarmog‘ini Chevrolet brendiga o‘tkazish ishlari eksport bozorlarida boshlangan edi. Bu o‘zgarishlar dilerlik markazlarini yangi Chevrolet brendbukiga muvofiq qayta jihozlashni o‘z ichiga olib, amalga oshirilayotgan ishlarni davom ettirish uchun zarur sharoit bo‘lib xizmat qiladi. Yangi standartlarga javob bermaydigan dilerlarning dilerlik shartnomalari bekor qilinadi.
O‘z navbatida, UzAuto Motors yangi xalqaro GM standartlari asosida ishlashga, shuningdek, mijozlar e’tiborini jalb qilish tamoyillariga muvofiq ishlashga tayyor dilerlarni hamkorlikka taklif qiladi. Bundan tashqari, dilerlik tarmog‘i tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlarning sifati xam oshiriladi, yuqori darajadagi kafolatlangan xizmat joriy etiladi. Ushbu xizmatlarning sifat darajasi kadrlarni tayyorlash, sodiqlik dasturlarini joriy qilish, mijozlarning fikrlarini o‘rganish va boshqa ko‘plab amalga oshirilayotgan ishlar evaziga oshirib boriladi.
SAP (System Analysis and Program Development) dasturiy ta’minotini joriy etilishi esa savdo, xizmat ko‘rsatish va marketing jarayonlarini yanada samarali tashkil etishga imkon beradi. Ushbu ijobiy o‘zgarishlarning barchasi kelgusi yilga rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘zgarishlardan asosiy maqsad Chevrolet xaridorlari avtomobilni vakolatli dilerlardan sotib olishlari va ularga xizmat ko‘rsatish jarayonidan qoniqish hosil qilishlari hamda o‘zlarini biz uchun eng muhim va qadrli ekanliklarini his qilishlariga qaratilgan», – deyiladi bayonot matnida.