O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar bilan videokonferensiya shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muzokarada ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi kun tartibi, ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi sheriklikni kengaytirish istiqboli muhokama qilindi.
Joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida kelishilgan va agrosanoat kompleksi, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, yengil, kimyo va farmatsevtika sanoati hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida 22 sanoat kooperatsiyasi loyihasini o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish masalasiga alohida urg‘u berildi. Tomonlar, kelishilgan tadbir va loyihalarni ilgari surish uchun tegishli vazirlik, idoralar, tadbirkorlar o‘rtasida tezkor hamkorlik qilish mexanizmini belgilab oldilar.
Suhbat davomida ikki mamlakat agrosanoat korxonalari o‘rtasida ayrim turdagi ekinlarni yetishtirish, qo‘shma chorvachilik majmualari hamda intensiv bog‘lar yaratish bo‘yicha sheriklikni yo‘lga qo‘yish choralariga e’tibor qaratildi. Meva-sabzavot eksportini amalga oshirish maqsadida qo‘shma ulgurji-tarqatish markazlari tashkil etish dasturini ishlab chiqishga kelishildi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Hukumatlari o‘rtasida texnik tartibga solish, metrologiya va mahsulot muvofiqligini baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim loyihasini kelishishni tezlashtirish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda urug‘chilikni rivojlantirish sohasida o‘zaro tajriba almashish hamda don va moyli ekinlarning yuqori mahsuldor navlarini yetishtirishni jadallashtirish maqsadida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot institutlari darajasida aloqalarni tashkil etish istiqboli alohida ko‘rib chiqildi.
Muzokara yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini kuzatib borish, yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilish va ko‘p qirrali ikki tomonlama sheriklikning yangi tashabbus va yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida videokonferensiyalar o‘tkazish amaliyotini muntazam ravishda davom ettirishni ma’qulladilar.