O‘zbekiston Respublikasining “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi qonuni 2020 yil 25 yanvarda matbuotda e’lon qilindi. Qonun 2023 yildan boshlab kuchga kiradi.
Yangi qonun
Adliya vazirligi mutaxassislari fikricha, genom axborotini olish, to‘plash hamda undan foydalanish sohasida milliy qonunchilikda bo‘shliq bor edi. Ushbu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida sohaga oid qonun ishlab chiqildi va qabul qilindi.
- Qonunda genom axboroti ma’lumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni fosh etishda sohaga zamonaviy usul va texnologiyalarni joriy etish masalasi qamrab olingan, - deydi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva. - Bu esa jinoyatchilikka qarshi kurashishda samarali usul hisoblanadi. Qonunga ko‘ra, vakolatli organlar va muassasalar biologik materialni va genomga oid axborotni yig‘ish, hisobga olish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, undan foydalanish hamda uni yo‘q qilish va muhofaza qilish kabi ishlarni amalga oshiradi. Bu genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish hisoblanadi.
Ya’ni, ushbu faoliyat yagona ma’lumotlar bazasidagi genomga oid axborotdan foydalanish orqali odamning shaxsini, tanib olinmagan murdani identifikatsiya qilish va biologik qarindoshlikni aniqlash maqsadida amalga oshiriladi.
Genom bo‘yicha faoliyat ixtiyoriy yoki majburiy ravishda amalga oshirilishi mumkin. Ixtiyoriy ravishda O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda yashayotgan yoki vaqtincha yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bundan foydalanadi. Ixtiyoriy ravishda davlat ro‘yxatiga olish mazkur shaxslarning yozma arizasiga asosan pulli asosda amalga oshiriladi. Buni istalgan bosqichda rad etish ham mumkin.
Bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirishga ko‘maklashish maqsadida ularning biologik qarindoshlari bepul asosda genom bo‘yicha ixtiyoriy ravishda davlat ro‘yxatiga olishdan o‘tishi mumkin.
Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida jalb qilingan shaxslar; og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy munosabat qilish va 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar; biologik materiali tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov jarayonida olingan aniqlanmagan shaxslar; tanib olinmagan murdalar (tana qoldiqlari, qismlari) majburiy ravishda davlat ro‘yxatiga olinadi.
Genomga oid axborotdan jinoyatlarning oldini olish, ularni ochish va tergov qilish, shuningdek ularni sodir etgan shaxslarni fosh etish va aniqlash; bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish; tanib olinmagan murdalarning (tana qoldiqlarining, qismlarining) shaxsini aniqlash; biologik qarindoshlikni aniqlash maqsadlarida foydalaniladi.
M.Burhonova, O‘zA