Olingan tezkor ma’lumotga asosan Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB hamda DXX xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Urgut tumani Qolduvoyjar mahallasida yashovchi B.I. o‘zining yashash uyining xonasida, noqonuniy ravishda o‘ziga tegishli bo‘lgan rangli printeri orqali 100.000 so‘mlik kupyuradagi qalbaki pullarni ishlab chiqarib, muomalaga kiritib kelganligi aniqlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, B.I.ning qarindoshi D.ning yashash uyi ko‘zdan kechirildi. Ushbu shaxs ham uyida 3 million 500 ming so‘m miqdoridagi qalbaki pullarni saqlab kelayotganligi aniqlanib, daliliy ashyolar xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.