Ijtimoiy tarmoqlarda Singapur davlatidagi "Profil trading PTE LTD" kompaniyasi rahbari M.A.Prem Nazirning unga tegishli bo‘lgan 1 317 096 dollar miqdoridagi pul mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasidagi MCHJdan (ishbilarmonlik obro‘siga putur yetkazmaslik maqsadida nomi oshkor qilinmaydi) undirishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab Bosh prokuraturaga qilgan murojaati muhokamaga sabab bo‘ldi.
"Profil trading PTE LTD" kompaniyasi va O‘zbekistondagi MCHJ o‘rtasida 2015 yilda 498 900 doza, ahamiyatlisi, maqolada keltirilgan 1 317 096 AQSH dollari miqdorida emas, balki qiymati 1 097 000 AQSH dollari bo‘lgan gepatit B virusiga qarshi vaksina yetkazib berish haqida import shartnomasi mavjud.
Mazkur shartnomaga muvofiq qiymati 1 097 000 dollarlik gepatit B virusiga qarshi vaksinalar, nomi oshkor etilmayotgan MCHJga o‘z vaqtida yetkazilgani haqida Bosh prokuraturaning veb-saytida ma’lum qilinmoqda.
Vaksinalarni qabul qilib olgan MCHJ hech qanday to‘lovni amalga oshirilmaganligi natijasida xorij firmasi va yurtimizdagi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt o‘rtasida nizo kelib chiqib, M.A. Prem prokuraturaga ariza bilan murojaat qilganligi bayon etilgan.
E’tiborli jihati, "Profil trading PTE LTD" kompaniyasi rahbari M.A.Prem Nazir oradan qariyb uch yil o‘tib yuqoridagi holat yuzasidan prokuraturaga murojaat qilgan, deyiladi Bosh prokuratura saytida chop etilgan boyonotda.
M.A.Prem Nazirning ushbu nizo yuzasidan prokuratura organlariga bergan murojaatlaridagi barcha vajlari atroflicha, shu jumladan, tergov o‘tkazish, sud qarorlarini o‘rganish va unga huquqiy yordam ko‘rsatish orqali o‘rganilgan.
Jumladan, M.A.Prem Nazirning nizo yuzasidan bergan arizasi asosida Bosh prokuratura tomonidan 2018 yilning may oyida JKning 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uning barcha vajlari tergov yo‘li bilan tekshirilib, Tergov natijasida MCHJ mansabdor shaxslarining harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmaganligi sababli jinoyat ishi harakatdan tugatilgan va M.A.Prem Nazirga nizo yuzasidan iqtisodiy sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
Shu orada "Profil Trading PTE LTD" kompaniyasi shartnoma bo‘yicha qarzini talab qilish huquqini "Profil Enterprise" MCHJga o‘tkazib berganligi sababli, Savdo-sanoat palatasi "Profil Enterprise" MCHJ manfaatida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat etib, javobgar MCHJdan penyani qo‘shib 1 317 096 AQSH dollari undirishni so‘ragan.
Sudning 2019 yilning sentyabr oyidagi hal qiluv qarori bilan da’vo arizasi da’vo muddati o‘tganligi vaji bilan rad etilgan, apellyatsiya instansiyasi sudi ham ushbu qaror bilan kelishgan.
Ammo, Bosh prokuratura tomonidan M.A.Prem Nazirning murojaati asosida ish o‘rganilib, uning manfaatida Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga keltirilgan protest 24.09.2020 yilda qanoatlantirilib, sud qarorlari bekor qilingan va ish yangidan ko‘rish uchun Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilgan, lekin Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yilning sentyabr oyidagi hal qiluv qarori bilan da’vo arizasi yana rad etilgan.
Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi O‘zbekistondagi MCHJ manfaatida yuqorida qayd etilgan qarzni talab qilish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomasini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida iqtisodiy sudga da’vo arizasi kiritgan.
Ushbu da’vo arizasi sudlarda ko‘rilib, oxirgi marta Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 12.11.2020 yildagi qarori bilan shartnoma MCHJning yozma roziligisiz tuzilganligi sababli haqiqiy emas deb topilgan.
Hozirda, yuqoridagi sud qarorlarining qonuniyligi M.A.Prem Nazirning murojaati asosida Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda.
Shu o‘rinda aytish joizki, M.A.Prem Nazir sud qarorlari ustidan bevosita yuqori sud instansiyalariga shikoyat berish yoki da’vo arizasi bilan sudga murojaat etish huquqiga ega, vaholanki prokuratura organlarining fikri qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, nizo yuzasidan yakuniy qaror sud tomonidan qabul qilinadi deyiladi xabarda.