Matbuotning kuchi, zalvori haqida ko‘p o‘ylayman.
Bola edik. Odamlar dala-dashtdan kun bo‘yi bo‘shamaydigan davrlar esimga tushadi. Kunda-kunora qishloqqa gazeta va jurnallarni olib keladigan pochtachi amaki obuna mavsumida sal o‘zgarib qolardi. Chunki unga hammaning ishi tushardi-da. Eng kambag‘al oila ham hech bo‘lmaganda uch-to‘rtta nashrga obuna bo‘lardi. Holbuki, o‘sha payti odamlarning ahvoli, yashash tarzi haminqadar edi. Televizori bo‘lsa, sayisxonasida ikkita qo‘yi bo‘lsa, bas u odam baxtiyor sanardi o‘zini. Aksariyat uylar shifersiz bo‘lgani uchun avgust-sentyabr oylarida biz bolalar ham tom suvash hasharidan ortmasdik. Hashardagi gap so‘zlar, albatta, biror asar yoki gazetada chop etilgan bir maqola haqida bo‘lardi. Tuman gazetasining muharriri hech kimga ko‘rinmasdi, mabodo birovning to‘yiga borib qolsa, o‘sha to‘y sohibi uch-to‘rt kun gerdayib yurardi. Chunki muharrir degani adolatning timsoli edi. U haqni haq, nohaqni nohaq deb yozgani bois odamlar orasida o‘zi ham, gazetasi ham obro‘li hisoblanardi.
Qodiriyni, Aytmatovni, Qahhorni, Oybekni, G‘afur G‘ulomni, Abdulla Oripovu Erkin Vohidovni kitoblardan, gazetalardan tanib, o‘qib, uqib ulg‘aygan avloddan istalgan odamni to‘xtatib, diktant yozdiring, bitta ham xato qilmaydi. To‘yda so‘z bering, she’rsiz gapirmaydi. Ma’rakada duo qildiring, esingizdan chiqmaydigan qilib fotiha o‘qiydi. Chunki savod zo‘r, farosat joyida. Bu nimadan? Gazeta o‘qiganlikdan, kitob mutolaasidan!
Bugun esa, tan olaylik, yoshlarimiz chalasavod, og‘ziga nima kelsa valdiraydiganlarga ergashyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda tanilish, maqtov eshitish uchun hech narsadan toymayapti ayrimlar. Ularga ergashayotgan bolalarning o‘zini tutishini ko‘ring, gapiga quloq soling, har ikki jumlaning bittasi “onangni...” bilan tugaydi. Qaysi kuni ishga kelayotib, moshinada “O‘zbekiston” radiokanali orqali berilgan bir suhbatni eshitib qoldim. Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining bir o‘qituvchisi til haqida gapirar ekan, bir paytlar Afg‘onistonda talabalarga dars berganini esladi. U afg‘on talabalarining o‘zaro gap-so‘zlarini tinglab, guvoh bo‘lib ular mutlaqo so‘kinmasligini hayrat bilan gapirib berdi. Domla buning sababini so‘raganida, afg‘on yoshlari so‘kinish gunoh ekanligini aytishgan ekan. Bizda ahvol qanaqaligini yaxshi bilasiz. Malimdan kaltak yeb odam bo‘lgan ota-onaning bolasi bugun o‘qituvchisi sal ovozini ko‘tarib gapirsa, internetga tarqatvoryapti. Ilgari bir qishloqda yengiloyoq ayol paydo bo‘lishi o‘sha qishloq ahli uchun isnod edi. Bugun esa OAV deganda ko‘plar palonchining eri xotinini pismadonchi bilan ushlab olibdi, so‘yib tashlabdi, bolasini sotibdi, o‘zini osibdi, o‘quvchi qiz tug‘ibdi, degan xabar tarqatadiganlarni tushunadi. Bunday “axborotchi”larning kasriga odamning qulog‘i shu narsalarga o‘rganyapti. Or, g‘urur, hamiyat yo‘qolyapti. Bora-bora xiyonat, buzuqlik, nevarasi tengiga suykalish, qaynotaning kelinga tegajog‘lik qilishi odatga aylanib qolmasinda, ishqilib...
Uquvsiz, savodsiz ham, ishdan haydalganu qaynonasi bilan kelishmaydigan ham bloger. Ularga qo‘yib bersa, er-xotinning to‘shagiga ham kirib reportaj qiladi. Maqsad bitta: nima bo‘lsayam, tezroq tanilsa, ijtimoiy tarmoqdagi kanalini reklama qilsa, pul topsa. Shu o‘rinda bir gap, nega allakimlarning tajovuzi, qabih harakatlari bilan ming, ikki ming nusxada chop etilayotgan, zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan nashrlar soliqning hamma turini to‘laydiyu, kuniga million-million daromad topadigan telegram kanallari davlatga bir so‘m bermaydi? Qani bu yerda mantiq? Axir, ular ham shu xalqning pulidan foyda ko‘ryapti-ku...
Asl OAV hech qachon pul ilinjida bo‘lmagan. Odob so‘zi adabiyotning o‘zagi bo‘lganidek, chin matbuot hamisha adolatga, ma’rifatga xizmat qilgan. Men shu paytgacha gazetada yoki tele-radioda ishlab, shu yerdagi oyligi orqali boyib ketgan ijodkorni ko‘rmadim. Ko‘rganim odmi, xokisor, kamtarinlar bo‘ldi.
Gazeta kimga kerak, hozir internet zamoni bo‘lsa, gazeta nimani qoyillatayapti, deydiganlar ko‘p. Nashrlar – sayt emas. Ulardek tezkor ishlash, biror xabarni shu ondayoq tarqatish qiyin. Ammo gazetalarning saytlardan ustun va afzal farqlaridan biri shundaki, chop etilgan biror tanqidiy maqola uchun bosh muharrir kimlardandir gap eshitishi, ishdan ketishi mumkin, lekin maqolani olib tashlashning iloji yo‘q. U qoladi, yuz yil, ming yildan keyin ham turadi. Saytlarda esa ko‘ryapmiz, ba’zi tanqidiy materiallarning umri bir kunga ham bormayapti. Sayt rahbari “tepa”dan tanbeh eshitsa, o‘sha zahoti o‘chiradi maqolani. Vahima bilan tarqatilgan maqolani izlash uchun saytga kirsangiz, 404 turadi tirjayib. Shu jurnalistikami, qani bu yerda ijtimoiy pozitsiya? Jurnalistikani tanqid ushlab turadi, aytgan, yozgan gapiga javob bermasa, uning uchun kurashmasa, bunday kasb nimaga kerak o‘zi?
Bosma nashrlarning “ketmoni uchmay” qolishiga ko‘p holatlar sababchi.
O‘tgan yilning boshida “Hurriyat” gazetasi uch-to‘rt oy chiqmay qolganida, ustozlar, hamkasblar o‘z munosabatlarini bildirishdi. Ayniqsa, yozuvchi va muharrir Xurshid Do‘stmuhammadning yozganlari achchiq va ochiqligi bilan yodimda qolgan. Ustoz o‘z maqolasida gazetalarning chiqmay qolishi yoki obunasi keskin tushib ketishining sabablaridan biri sifatida xalqdan uzoqlashish deb aytgan edi. Bu judayam to‘g‘ri gap. Yashirib nima qildik, o‘zimiz ishonmaydigan gaplarni yozdik, birovlarning nomidan dil so‘zlari to‘qidik, Prezident rahnamoligida, boshchiligida deb boshlanmaydigan maqolalar o‘tmay qoldi, natijada shu darajada maddohlik avj oldiki, o‘zimiz ishlaydigan gazetani o‘zimiz o‘qishga betimiz chidamasdi. Biz xuddi poyafzal ishlab chiqaradigan ishchilardek haftalik, oylik, rejalar qilardik. Hozir o‘ylasam, kulgim qistaydi: ilhom va biror turtki bilan yozilishi kerak bo‘lgan maqola oldindan buyurtma qilinsa-ya... Markaziy nashrlardagi bu holat viloyat, tuman va boshqa nashrlarga ham yuqdi. Shunday bo‘lgach, bunday gazetalarni kim o‘qiydi? Rasmiy matbuotdan zada bo‘lgan odamlar ko‘plar sariq matbuot deb ataydigan, aslida esa gazetxonni ko‘p yillar ushlab turgan nashrlar – “Darakchi”, “So‘g‘diyona”, “Bekajon”ga o‘zini urdi. Ishi faqat maqtov bo‘lgan gazetadan ko‘ra biror artistning yoki o‘yinchining hayoti bilan tanishish o‘quvchiga ma’qul bo‘ldi. Ko‘rsatma shunday edi, deb o‘zini oqlashga uringanlarga ishonmayman. Zero, Abbosxon Usmonov, Ahmadjon Meliboyev, Jabbor Razzoq, Xurshid Do‘stmuhammad, Qulmon Ochil, Karim Bahriyev kabi muharrirlar har qanday holatda ham gazetani odam o‘qiydigan qilib chiqarishganiga hamma guvoh.
Yaxshiki, boshqaruv o‘zgardi. Keyingi to‘rt yilda chop etilayotgan nashrlarda tanqid, tahlil avj oldi. Ma’naviy-ma’rifiy maqolalar soni ko‘paydi. Biroq obuna masalasi osilib qoldi. Ura-urachilikka yo‘g‘rilgan avvalgi nashrlar qiyofasi hozir ham o‘zgarmagan, degan kayfiyat xalqimizni obuna bo‘lishdek ma’rifiy ishdan uzoqlashtirib tashladi. Avval “Majburiy obuna” degan mashina shunchalar g‘alati ishlardiki, natijada osh yegisi kelgan odamning oldiga lag‘mon, tuxum yemoqchi bo‘lgan mardumning dasturxoniga atala qo‘yilardi. Odamlar o‘zi istamagan, korxona va tashkilotlar o‘zlari uchun mutlaqo keragi bo‘lmagan gazeta va jurnallarga obuna bo‘lishardi. Bu holat hozirgi kunda ham bor, afsuski. Mavridi kelganda aytay, gazetamizning besh olti oylik taxlamini olib bir katta tashkilot rahbariga berdim. O‘qing, ma’qul bo‘lsa kelasi yilga obuna bo‘lasiz, dedim. U odam biror hafta o‘tgach telefon qildi, gazetangiz menga juda ma’qul, ammo “Soliq” so‘zi bilan boshlanuvchi qaysidir nashrni obuna qilish majburiyatini olganini, qilmasa bo‘lmasligini, o‘shandan mablag‘ orttirsa, bizning gazetaga ham obuna bo‘lishini uqtirdi.
Bugun amallab, yanayam ochiq aytsak, azbaroyi sharmanda bo‘lmaslik uchun chiqib turgan ko‘pgina nashrlarning “janoza”sini ayrimlar intiqlik bilan kutayotganida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yilning 30 sentyabrida O‘qituvchi va ziyolilarga yo‘llagan murojaatida gazetalarning ahamiyati va o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladilarki, biz bundan behad quvondik. Nafaqat soha xodimlari, so‘zning qadrini, savodning ulug‘ligini, ma’rifatning charog‘bon ekanligini his etgan yurtdoshimiz borki, davlat rahbarining bu e’tirofini chin yurakdan olqishladi.
Bosma nashrlar va u yerda ishlayotgan fidoyi, kamtarin hamkasblarga qanot bergan so‘zlardan keyin umid qilamizki, tahririyatlar albatta qo‘llab-quvvatlanadi, davr talabiga mos tarzda sohada takomillashuv ro‘y beradi.
Maqsud JONIXONOV,
“Jamiyat” gazetasi bosh muharriri