Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, joriy yilning 14 noyabr kuni Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida Buxoro shahar Beruniy ko‘chasi 16-uyda yashovchi, fuqaro A.Q.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, xonadondagi uylarning biridagi shkaf ichida o‘q dorilar turkumiga kiruvchi, 5,6 kalibrli ov miltig‘idan otish uchun mo‘ljallangan 99 dona patron qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi aniqlangan. Holat bo‘yicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, patronlar olib qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-son Ichki ishlar bo‘limi tergov guruhi tomonidan fuqaro A.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 248-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif KOMILOV, O‘zA