Namanganda kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari va tashkilotlarga elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan o‘tkazilgan mazkur tadbirda “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyati direktori Jahongir Rizayev ommaviy axborot vositalari xodimlari va ijtimoiy tarmoq faollarini ayni shu masalada qiziqtirgan dolzarb savollariga atroflicha javob qaytardi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxonalar Prezidentimizning 2019 yil 27 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq elektr energiyani yakuniy iste’molchilarga taqsimlovchi va sotuvchi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarini boshqarish vazifasini bajarib kelmoqda.
Xususan, Namangan viloyatiga joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida 2 900,6 million kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib berilgan. Boshqacha aytganda bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 410,5 million kilovatt-soat yoki 16,5 foizga ko‘p. Ayniqsa, aholi xonadonlariga 300,3 million kilovatt-soat yoki 88,6 milliard so‘m miqdoridagi elektr energiyasi ko‘p yetkazilgan.
Kuz-qish mavumiga tayyorgarlik doirasida joriy yildagi rejaga ko‘ra, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha Namangan viloyatida 532 kilometr elektr tarmoqlari tortish va 170 dona transformator punkti o‘rnatildi.
Mavsum davomida yuz berishi mumkin turli avariya holatlarini tiklash ishlari uchun har xil quvvatli 6-10/0,4 kVli 37 transformator punkti, 11 tonna transformator moyi, 76 dona 0,4-10 kVli tayanchlar, 5 tonna turli simlar, 6,1 kilometr 0,4-10 kVli kabellar, 0,4-10 kVli 50 dona kabel muftalarining avariyaviy zaxiralari yaratildi. 9 avtokran, 6 maxsus ETL, 9 yamabur shay holatga keltirildi. Avariyalarni tezkor bartaraf etish brigadalari 18 dona “Damas” avtomashinalari bilan ta’minlandi.
So‘nggi kunlarda ob-havoning keskin sovub ketishi, yog‘imgarchiliklar bo‘lishi oqibatida aholining elektr energiyaga bo‘lgan talabi keskin ortdi. Tabiiy gaz yetib bormagan aksar aholi xonadonlarida quvvatdan nafaqat yorug‘lik, balki isitish maqsadida foydalanishi oqibatida ta’minotda uzilishlar, avariya holatlari yuzaga kelmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Namangan viloyatidagi mavjud elektr qurilmalarining 33 foizi yoki 2055 transformator punkti va 8665 kilometr elektr uzatish tarmog‘i 40 yildan ko‘p ishlagan. Hozirda ularni bosqichma-bosqich ravishda modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Qolaversa, o‘chirishlar va avariyalar bilan bog‘liq muammolarni imkon qadar tezlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Anjumanda shuningdek, elektr ta’minoti korxonalaridagi dipetcherlik xizmatlarining telefon raqamlari band qilib qo‘yiladi, degan e’tirozlarga ham aniqlik kiritib o‘tildi:
- Aholidan “Dispetcherlar telefonlarni ataylab o‘chirib qo‘yishadi, ular ishlamaydi”, degan e’tirozlarni eshitamiz. Bunga oydinlik kiritish maqsadida shahar telekomunikatsiya bog‘lamasi va va uyali aloqa orqali kelib tushgan qo‘ng‘iroqlarni tahlil qildik, - deydi “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyati direktori Jahongir Rizayev. - So‘nggi 10 kun ichida iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha shahar-tuman tezkor dispetcherlik xizmatlariga 70 ming 85 marta qo‘ng‘iroq qilingan. Hatto, bir soatning o‘zida 32 bor qo‘ng‘iroq orqali muloqotda bo‘lingan. Murojaatlarning asosiy qismi Namangan shahri, Uychi, Pop va Chust tumanlariga to‘g‘ri kelgan.
Tadbirda jurnalist va blogerlar tomonidan viloyatda qarzdorlik ko‘lami 289 milliard so‘mni tashkil etayotgani, bunda fuqarolarning qarzdorligi 203 milliard so‘mga yetganidan kelib chiqqan holda to‘lov intizomi hamda iste’molchilik madaniyatiga e’tibor qaratish zarurligi haqida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish kerakligi bildirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA