Noyabr oyi boshida kuchga kirgan Angliyadagi karantin 2 dekabrda yakuniga yetadi. Bu haqda Buyuk Britaniya Bosh vaziri dushanba kuni parlamentda so‘zlagan nutqida ma’lum qilgan edi. Boris Jonsonning ta’kidlashicha, oktyabr oyida amalda bo‘lgan va o‘z samarasini ko‘rsatgan uch bosqichli cheklov choralari tizimiga qaytish rejalashtirilmoqda.
Britaniyadagi shved farmatsevtika kompaniyasi "AstraZeneca" tomonidan Oksford mutaxassislari bilan hamkorlikda yaratilgan vaksina haqidagi xushxabar ham hukumat rahbarini mamnun etdi. Jonson 100 million doza vaksinaga buyurtma qilinganini aytdi.
"2020 yil ko‘p jihatdan fojiali yil bo‘ldi. Ko‘pchilik yaqinlarini yo‘qotib, moddiy jihatdan yomon ahvolga tushib qoldi. Qish qiyin bo‘ladi va Rojdestvo bayrami har yilgidek bo‘lmaydi, bahor esa hali juda uzoq. Ammo, biz eng keskin burilishlardan o‘tdik va najot yo‘li allaqachon ko‘z oldimizda turibdi", - dedi Jonson.
Bosh vazirning uch bosqichli tizimga nisbatan fikrlarini leyboristlar muxolifati yetakchisi Kir Starmer ma’qullamayapti: "Bosh vazir uch bosqichli tizimga qaytishni taklif qilmoqda. Bu xavfli, ya’ni tizim ishlamadi. Birinchi darajadagi zonalar ikkinchi darajaga o‘tdi; ikkinchi darajadagi zonalarning deyarli barchasi uchinchisida tugadi va ikkinchisi o‘sha yerda qoldi, biz karantinni joriy qilishimiz kerak edi", dedi u.
Barselonada 40 kunlik karantindan so‘ng epidemiya holati barqarorlashishi munosabati bilan bar, restoran va kafelar ochildi. Hozirgacha bu yerda faqat paketli mahsulotlar sotilardi. Biroq, komendantlik soati Kataloniyaning asosiy shahrida amal qiladi. Mahalliy hokimiyat ogohlantirishicha, kasallik yuqtirish darajasi ko‘paygan taqdirda cheklovlar qaytadi.
Madrid avtonom hamjamiyati ma’murlari Rojdestvo bayrami arafasida cheklovlarning qisman bekor qilinishini ham istisno etmadi.
Va nihoyat, Fransiyada karantin bosqichma-bosqich yumshatilishi kutilmoqda. Uning birinchi bosqichida do‘konlar ochiladi, Ehtimol, bu kelayotgan dam olish kunlari bo‘lishi mumkin.