O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tomonidan poytaxtimizda o‘tkazilayotgan ommaviy qabullar haftaligi doirasida 24 noyabr kuni Toshkent shahri tumanlarida Xalq qabulxonalari, tuman darajasidagi sektorlar, hududiy boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida jonli muloqotlar tashkil etildi.
Poytaxtimizning Bektemir tumani madaniyat saroyi ham “dardini yorish”ga kelgan aholi bilan to‘lib- toshdi.
Sayyor qabulda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi Elyor Rahmonov,tuman sektorlar rahbarlari Bektemir tumani korxona, tashkilot, muassasa va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirok etdi.
Elyor Rahmonovning “ Bugun qabulga kelgan har bir fuqaro o‘z muammosiga yechim topadi, har bir murojaat nazoratga olinadi.Hech bir fuqaro e’tibordan chetda qolmaydi”, degan so‘zlari murojaat bilan kelganlar qalbida o‘zgacha umid paydo qildi.
Mas’ul mutasaddilar tomonidan har bir murojaat atroflicha o‘rganildi.Murojaatlaring aksariyati ishsizlik, uy-joy, moddiy ta’minot masalalari haqida edi.
Aksariyat murojaat qiluvchilar bildirishicha,tuman hokimligiga,tegishli idoralarga qilingan murojaatlar ijobiy yechim topmaydi.Mas’ul shaxslar tomonidan sansolarlik, ortiqcha ovoragarchilik yoki aholiga qo‘pol munosabatda bo‘lish kabi ko‘ngilni xira qiluvchi holatlar ham uchraydi.O‘z tumanida muammosiga yechim topa olmagan fuqaro “yuqoriga” murojaat qilishga intiladi.
– Boquvchisini yo‘qotgan yolg‘iz ayolman, –deydi Viloyat Zulfiqorova.– Turmush o‘rtog‘im vafot etgach, 4 nafar voyaga yetmagan farzandim bilan ota hovlimga qaytdim.2016 yildan buyon men o‘z tumanimizga, Prezident portaliga moddiy ko‘mak so‘rab murojaat qilib kelaman. Bir hovlida 15 jon istiqomat qilamiz.Bugun sayyor qabulda men o‘z tumanimda uchragan nohaqliklar haqida so‘zlab berdim.Men yotib olib tekin non yeyishni hohlamayman.Qo‘limda hunarim bor.Ozgina qo‘llov bo‘lganida men ham o‘z tirikchiligimni yaxshilab olgan bo‘lardim.Karantinda ishsizlik, moddiy ko‘makka bo‘lgan ehtiyoj sababli farzandlarim bilan og‘ir kunlarni boshdan kechirdik.Mahalla raisi hech qachon oilamdan, farzandlarimdan xabar olmagan.Oilaviy sharoitim juda og‘ir. Farzandlarim muntazam ko‘z yoshlarimga guvoh bo‘lib ulg‘ayishayotgani menga alam qiladi. Elyor Rahmonovga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.Avvalo, dardimni tinglashga, yuragimdan kechganlarni tushunishga harakat qildi. Hozirgi kunda arzon uy-joylar qurilmayotgani sababli, subsidiya orqali uy olish bo‘yicha tavsiya berdi.Bandligim ta’minlanishini nazoratga olishini aytdi. Nega biz muammolarimiz yechimini o‘z hududimizdan topa olmaymiz? Nega tuman hokimining xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha mutasaddilari ayol dardini, ona qayg‘usini o‘z vaqtida anglab yetmaydi?
– Har bir rahbar o‘z ishining har qancha ustasi, jonkuyari bo‘lmasin, u avvalo psixolog bo‘lishi, xalq dardini tinglab, qalban tushuna olishi lozim, – deydi E.Rahmonov.–bugungi murojaatlarning har biri nazoratga olinadi.Aksariyat fuqarolarda boqimandalik hissi shakllanib qolgan. Ularda go‘yoki davlat mendan qarz, men uchun sharoit qilishga majbur degan noto‘g‘ri qarashlar bor.Har bir murojaat atroflicha o‘rganilishi zarur.Odamlar noto‘g‘ri tasavvurlarni, boqimandalik hissini yo‘qotishda hokimiyat organlari ham to‘g‘ri yo‘nalishlar ko‘rsatib, tushunchalar berishi kerak.
Mutasaddilarning bir og‘iz taskini aholi qalbida ishonch uyg‘otdi. Mas’ullar va’da berganidek, bugungi muammolar o‘z yechimini topsa, qaysi bir dardmanning istagi amalga oshsa, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalq oldiga borib o‘z vazifalarini a’lo darajada uddalaganliklarining isboti bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA