Vatanimiz tarixidagi 25 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
907 yil (bundan 1113 yil oldin) – Somoniylar davlati hukmdori Ismoil Somoniy vafot etdi. Bu haqda tarixchi Narshaxiy shunday yozadi: “Amir Ismoil bemor bo‘lib bir qancha vaqt yotdi. Uning kasalligi ko‘proq rutubatdan edi. Tabiblar: “Jo‘yi muliyonning havosi xushroq”, – dedilar. Uni o‘zining xos mulkidan bo‘lgan Zarmon qishlog‘iga olib bordilar: “Bu yerning havosi unga muvofiqroq keladi”, – dedilar. Amir bu qishloqni yaxshi ko‘rar va ov qilish uchun hamma vaqt o‘sha yerga borar edi; u yerga bog‘ qurgan edi. Bir muddat u yerda bemor yotib, oxiri ikki yuz to‘qson beshinchi yili safar oyining o‘n beshinchisida xuddi shu bog‘da katta bir daraxt tagida vafot etdi. U yigirma yil Xuroson amiri bo‘ldi. Hukmdorlik muddati o‘ttiz yil edi.
Xudoyi taolo uni rahmat qilsin, negaki uning davrida Buxoro poytaxt bo‘ldi, somoniylar sulolasidan chiqqan hamma amirlar Buxoroda turadigan bo‘ldilar. Undan oldingi Xuroson amirlarining hech biri Buxoroda turgan emas. U Buxoroda turishni o‘zi uchun muborak deb hisoblar, uning ko‘ngli Buxorodan boshqa hech bir yerda orom topmas va u qayerda bo‘lmasin: “Bizning shahar, ya’ni Buxoro, ana bunday, ana shunday”, – der edi. Amir Ismoil vafot etgandan keyin o‘rniga o‘g‘li o‘tirdi. Unga “Amiri moziy” – “Dunyodan o‘tgan amir” degan laqabni berdilar”.
1221 yil (bundan 799 yil oldin) – hijriy 618 yil shavvol oyining sakkizinchi kunida (milodiy 1221 yil 25 noyabr) Sind daryosi bo‘yida Jaloliddin Manguberdi va Chingizxon o‘rtasida jang bo‘lib o‘tdi. Bir qator o‘rta asr musulmon tarixchilarining ta’kidlashlaricha, bunday qonli, keskin va dahshatli jang bungacha tarixda ro‘y bermagan.
Tarixchilar Bahodir Eshov va Abror Odilovlarning qayd etishicha, Jaloliddin va uning qo‘shini misli ko‘rilmagan darajada jasorat va bahodirlik namunalarini ko‘rsatdi. Faqat uchinchi kunga kelib, Chingizxon qo‘shini ustunlikka erisha boshladi. Jaloliddinning taxminan 7–8 yoshli o‘g‘li Chingizxon otryadi qo‘liga tushib qolib, o‘ldiriladi.
Jangda mardonavor kurashgan Amin Malik va boshqa ko‘plab sarkarda, navkarlar ham halok bo‘ldilar. Chingizxon qanday qilib bo‘lmasin Jaloliddinni tiriklayin qo‘lga olishga buyruq berdi. Jaloliddin esa uni qo‘lga olishga intilayotgan mo‘g‘ul qo‘shi qurshovini faqat shaxsiy bahodirligi tufayli yorib chiqib, Sind daryosi bo‘yiga yetib kelishga muvaffaq bo‘ladi. Daryo bo‘yida uni onasi Oychechak va haramdagi boshqa ayollar kutib turishar edi.
Shundoq ham bu jangdan ruhan va jismonan ezilgan Jaloliddinga ular “bizni o‘ldiring va mash’um asirlikdan qutqaring” deya murojaat qilishadi. Jaloliddin barcha haram ayollarini suvga cho‘ktirishga ko‘rsatma berishdan boshqa iloji qolmaydi. O‘zi esa oti bilan suvga sakrab, daryoning narigi qirg‘og‘i – Hindiston tomonga suzib o‘tadi.
Jaloliddinning har qanday vaziyatda ham o‘zini yo‘qotmasligi, uning jasorati va mardligiga, metindek irodasiga Chingizxon ham tan beradi. Tarixchilardan Juvayniy, Rashididdin va boshqalarning yozishlariga qaraganda, Jaloliddinning jasoratiga qoyil qolgan Chingizxon o‘z o‘g‘illariga qarata “Otaning faqat shunday o‘g‘li bo‘lishi lozim. U olovli jang maydonidan o‘zini qutqarib, halokatli girdobdan najot qirg‘og‘iga chiqdimi, undan hali ulug‘ ishlar va qiyomatli isyonlar keladi”, – deydi va uning orqasidan ta’qib etishni ta’qiqlaydi.
1902 yil (bundan 118 yil oldin) – injener-gidrotexnik, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi Rahmatulla Alimov tavallud topdi (vafoti 1987 yil).
1910 yil (bundan 110 yil oldin) – Rus Arxeologiya jamiyati “Turkiston arxeologiya boyliklarining taniqli tadqiqotchisi” sifatida va Ulug‘bek rasadxonasi qoldiqlarini topganligi uchun o‘lkashunos olim Vasiliy Vyatkinni mashhur sharkshunos, akademik Viktor Rozen nomidagi oltin medal bilan mukofotladi.
1911 yil (bundan 109 yil oldin) – harbiy arbob, general-leytenant Fayzulla Norxo‘jayev dunyoga keldi (vafoti 1983 yil). U “50 yil jangovar safda” asari muallifi hisoblanadi.
1975 yil (bundan 45 yil oldin) – Toshkent viloyatida Toshkent tumani tashkil etildi.
2005 yil (bundan 15 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirish masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi.
O‘zA