Fikrlarim yozildi, ora-orada issiqqina xonada orom olayotgan farzandimning beshigini tebratdim. Qaysidir jamiyatda fikrlar aytilib, beshik tebratilsa, o‘sha millat yashaydi.
Hademay tong otadi...
Bolaligimni eslayapman. Romitanning chekka qishlog‘ida ulg‘ayganman. O‘sha davrlar qishlog‘imizda bir-ikkitagina oila to‘qroq yashardi. Qishda ko‘pchilikning tomidan chakki o‘tardi. Men uzoq tarixni emas, atigi 15-18 yil oldinni gapiryapman. Qish kunlari onaginam tonggacha tog‘oradagi chakki suvlarni ko‘chaga tashirdilar. Chakki tovushi yillar o‘tsada, hali ham qulog‘im ostida “chik-chik-chik”lab turadi...
Orzularimiz imkoniyatimizga yarasha edi. Kattaroq maqsadlar haqida o‘ylashga ham jasorat qilolmasdik. To‘rtinchi sinfga o‘tar paytda oilamiz bilan Buxoro shahriga aylanishga keldik. Dadam shaharni ko‘rsatdilar. O‘shanda O‘zbekiston qishlog‘imdan iborat emas ekanda, deb o‘ylaganman.
Yosh motivator va biz
8-sinf. Qish. Bir kun maktabimizga avtobusda o‘sha paytdagi Yoshlar tashkilotining tumandagi rahbari keldi. Kutib oldik. “Zakovat” o‘yini bo‘ldi. Shundan so‘ng u “Sizlarda chiroqlar buncha ko‘p”, dedi kitoblarimizga ishora qilib. “Sovqotmasangizlar kerak, ha... Axir bunaqa ahil jamoa bilan o‘qiganda xonaning sovuqligi qaydan bilinsin”, dedi. U asta-sekinlik bilan vaqt kelib, shu qishloqning “qahramoni” biz bo‘lishimiz mumkinligini anglatdi. Ko‘pchiligimiz unga ishondik. Haqiqat, bora-bora kitoblarimiz nur socha boshladi...
Poytaxt juda uzoqda emas...
9-sinf. Bitiruv kechasiga yaqin qolgan... Tumanimiz stadioniga sevgan xonandam keladi degan xabarni eshitdim. Bitiruvchilarga arzonlashtirilgan bilet – 1000 so‘m. Jamoamiz bilan avtobusda bordik. Quvonchimiz cheksiz edi. Axir biz qo‘shiqlarini sevib tinglaydigan xonandaning “tirigi”ni ilk marta ko‘rish imkonimiz bor edi. U bolalik xayollarimizning “qahramoni” edi. Konsert boshlandi. Xonanda qo‘shiq kuylashdan oldin poytaxtda OTMlar juda ko‘pligini, u yerda o‘qisak, yaxshi mutaxassis bo‘lishimizni aytdi. Va “Poytaxt juda uzoqda emas...”, deb qo‘shib qo‘ydi. O‘sha kun men poytaxtda o‘qishga qaror qildim va o‘qidim. Ustozlarim qo‘llab-quvvatladi.
Nega bularni esladim. Ota-onamdan boshlab, shu 4-5 inson men uchun motivator bo‘lgan. Aniq bilaman, bugun amaldagi aksar rahbarlar ham vaqtida kimlardandir kuch va motivatsiya olgan.
Yaxshi yashash va yomon yashash haqida
Yaqinda diniy bir kitobda o‘qib qoldim. Mazmuni shunday: “Agar biz yomon yashayapmiz desak, Yaratgan yomon yashash qanaqaligini ko‘rsatarkan. Agarki, biz yaxshi yashayapmiz deb shukrona qilsak, Yaratgan “Bu yashash nima, mana bu yaxshi hayot” deya farovon va to‘kis kunlarni hadya qilarkan”.
Pandemiya va xalq
Pandemiya davlatimiz iqtisodiga ta’sir qildi. Afsuski, xalqning ruhiyatini ham ezib qo‘ydi. Yo‘qotishlar bo‘ldi, bo‘lyapti. Kovidga chalingan paytim (unda qattiq karantin edi) o‘zim ham salkam bir oy axborot maydonida yashadim. Meni infolar boshqarardi. Tushkunlik, yashashning mazmunsizligi, kelajakka umidsizlik... Hozir 5-6 nafar atrofimdagi insonlarda shunday holat... Bunday paytlarda har qanday davrda va davlatlarda ham kuchli motivatorlardan, xalq ergashadigan taniqli insonlardan foydalaniladi. Umid va ishonch – kelajak uchun yagona yo‘l. Va bizda shu yo‘l tanlandi.
Har qanday g‘oya qaysidir shior ostida beriladi. Xo‘p, ushbu loyiha qanday boshlandi... Xalqimizning turmush tarzi, kayfiyati, iqtisodiy ahvoli inobatga olinib, Konsepsiya ishlab chiqildi. Tarmoqlar bo‘yicha mutasaddilar takliflarini berdi. Loyiha 9 mingdan ortiq mahallada yil davomida o‘tkazilishi belgilandi. Siyosatchilar, olimlar, madaniyat arboblari, san’atkorlar, psixologlar, iqtidorli yoshlar jalb qilindi. 14 ta hududiy targ‘ibot guruhlari shakllantirildi. Maqsad qo‘yildi: joylardagi aholi yurtimiz va dunyoda bo‘layotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan xabardor bo‘lishi kerak. Oddiy, xalqchil tilda. Shuningdek, aholining kayfiyatini ko‘tarish, ularda mehr-oqibat, shukronalik, o‘zaro yordam kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yanada kuchaytirishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi lozim.
Loyihaning boshqa targ‘ibot tadbirlaridan farqi nimada?
– Loyiha bugun 4 ta hududga boshlanib, ertaga tugamaydi, bir yilga mo‘ljallangan, tizimli, maqsadli.
– O‘z vaqtida amalga oshirilgan tadbir. Qish kunlarida joylarda yurgan targ‘ibotchilar sabab ham hududdagi mas’ullar sergak turadi. Aholining ijtimoiy muammolarini hal qilishni kunlik rejalashtiradi.
– Loyiha tumanlar kesimidamas, “mahallabay” rejimida ishlab chiqildi. Ya’ni, hech kim e’tibordan chetda qolmaydi.
– Xalqni ergashtira oladigan, motivatsiya bera oladigan ziyoli, taniqli qatlamdan foydalanildi.
– Mas’ul tashkilotlarni bir maqsad yo‘lida jipslashtirdi...
Gap targ‘ibotning maqsadli ishlashida
Targ‘ibot – kitobdan ma’ruza o‘qish degani emas. Bu – xalq bilan samimiy gaplashish, ruhiyatini ko‘tarish, uning Vatan uchun kerakligini o‘ziga anglatish, islohotlarning ishtirokchisi bo‘lishga tavsiya etish va albatta, kelajakka ishonchini kuchaytirishga erishishdir. Targ‘ibotchi obrazidan tashqari xalqimizga taqdim qilish uchun loyiha doirasida qo‘llanmalar, minglab audio va video mahsulotlar, ijtimoiy roliklar tayyorlandi va joylarda tarqatilmoqda.
Mexanizm bir paytda ishlashi kerak...
Targ‘ibotchilar guruhi faoliyatini olib borayotgan bir paytda, qaysidir vazirlik ish o‘rni yaratish, qaysidir vazirlik narx-navo masalasi, yana qaysidir tashkilot korrupsiya va shunga o‘xshash illatlarimiz bilan kurashishi, qay bir tizim esa ijtimoiy masalalar bilan band bo‘lishi kerak. Barmoqlar ham jipslashganda musht bo‘lib, kuchga to‘ladi.
Olim, shoir, yozuvchi va san’atkorlarning xalq ichida yurishining nimasi yomon...
Bir-ikki marta ijtimoiy tarmoqlarga ko‘zim tushdi. Targ‘ibotga ketgan pulga “Ovqat, kiyim-bosh olib beringlar, maktabini ta’mirlatinglar, uyini isitinglar va hokazo fikrlar... Targ‘ibotga ketgan pul bilan bu ishlarni bir oy, nainki borsa, 2 oy qilsa bo‘lar... Keyinchi? To‘q qorin ochiqadi, kiyim eskiradi, devorlar yana nuraydi...
Agar targ‘ibot maqsadli yo‘naltirilsa, ertaga bu ishlarning barchasini motivatsiya olgan, hayotini o‘zgartirishga kuch topgan yoshlarning, xalqning o‘zi qiladi. Maktab quradi, yo‘l ta’mirlaydi, Vatanini obod qiladi... O‘zimning hayotim bunga misol.
O‘tirgan tengdoshlarimizni yurishga, yurganini yugurishga, yugurayotganini esa to‘xtamaslikka undaganmiz.
Biz oldinroq “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” targ‘ibot tadbirlarida ishtirok etganmiz. Saralashdan o‘tish uchun bor ilmimiz va salohiyatimizni ishga solardik. Joylarga chiqib, o‘tirgan tengdoshlarimizni yurishga, yurganini yugurishga, yugurayotganini esa to‘xtamaslikka undaganmiz. Chekka-chekka qishloqlardagi tengdoshlarimizga ishonch va umid berganmiz. Targ‘ibot bir yil, uch yilda natija bermasligi mumkin. Lekin sekin-asta o‘zini namoyon qiladi. Bugun minglab mas’ul lavozimlarda o‘tirgan yoshlarning aksari vaqtida o‘sha targ‘ibot tadbirlari ishtirokchilari bo‘lgan.
Biz keyingi paytlarda faqat negativlarni ko‘ryapmiz...
To‘g‘ri, mamlakatimizda korrupsiya darajasi yuqori, ijtimoiy, iqtisodiy sohalarda ham muammolarimiz bor. Biroq, islohotlar qilinayotgani, xalq turmush tarzi yaxshilanayotgani ham haqiqat. Bank sohasi, valyuta bozori, chegaralar ochilib qo‘shnilar bilan do‘stona aloqalar tiklanishi, so‘z erkinligi, ijtimoiy sohalardagi o‘zgarishlar, OTMlar soni oshayotgani, ta’limga sifat qaytayotgani bular siljishlar...
Men jurnalistman, so‘z erkinligi tarafdoriman, lekin...
Bugun meni kasbimdagi ba’zilarga haqiqat kerakmas, u o‘z haqiqati uchun lozim barcha ishni qiladi. Oqni qora, qorani oq deyishga "vijdon" topadi. Shaxsiy g‘arazi va xalq manfaatini aralashtirib qo‘yadi. Agar bolaga doimiy “sen nodonsan” desak, u vaqt kelib bu so‘zga ishonadi. Tasavvur qilaylik, har kun negativ kayfiyat bilan yurgan xalq erta-indin nimaga ishonadi, kimga tayanadi...
Kennoyim telefon qildilar: «Ertaga jiyaningiz qishloqdoshlar oldida sahnaga chiqadi. Shunaqa hayajonlanayapman. Tadbirga Toshkentdan shoirlar, artistlar ham kelarkan. Biz ham boramiz. Hozir qishloqdoshlar hamma tayyorgarlik ko‘ryapti...» Ularning ovozi menga boshqacha tuyuldi. Bu kennoyim uchun baxt edi...
Aminman, mehmonlar oldiga sahnaga chiqqan bolaning ham endi orzulari, maqsadlari boshqacha bo‘ladi...
Fikrlarim yozildi, ora-orada issiqqina xonada orom olayotgan farzandimning beshigini tebratdim. Qaysidir jamiyatda fikrlar aytilib, beshik tebratilsa, o‘sha millat yashaydi.
Tong otadi, bunga ishonish kerak.
Aytgancha, bugun qishlog‘imizda deyarli hech kimning tomidan chakki o‘tmaydi...
Gulchehra ASHUROVA,
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi
axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i.
O‘zA