O‘zbekiston milliy metrologiya institutida Germaniyaning “Atlas International” kompaniyasi bilan hamkorlikda foto-video fiksatsiya tizimi texnikasi va uskunalarini o‘lchash bo‘yicha respublikada yagona maxsus laboratoriya tashkil etildi.
Loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 30 oktyabrdagi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirildi. Laboratoriyada harakatlangan holatda tezlikni aniqlovchi radarlarning to‘g‘ri va aniq ishlashi sinovdan o‘tkaziladi.
Germaniya hukumati tomonidan ajratilgan 1,4 million yevro miqdoridagi mablag‘ loyiha bo‘yicha ishtirokchi davlatlar –O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘izistonning sifat infratuzilmasini mustahkamlashga yo‘naltiriladi.
Foto-video fiksatsiya tizimi texnikasi va uskunalarini o‘lchash bo‘yicha laboratoriyani tashkil etish uchun “O‘zstandart” agentligi, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti va Germaniyaning “Atlas International” kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolangan edi. Shu asosda 2018-2019 yillarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida mazkur investitsiyaviy loyiha amalga oshirildi.
– "Metrologiya to‘g‘risida"gi qonunning 20-moddasiga muvofiq, transport harakati xavfsizligini ta’minlashda foydalaniladigan o‘lchash vositalari, jumladan, fotoradarlar davriy ravishda metrologik tekshiruvdan o‘tkazib turilishi lozim, – deydi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti geometrik va magnit kattaliklarni o‘lchash bo‘limi boshlig‘i Oybek Xalilov. – Yangi laboratoriya avtotransport vositalarini foto-video fiksatsiya tizimini metrologik tekshiruvdan o‘tkazishda foydalaniladigan namunaviy o‘lchash vositalari bilan ta’minlangan. Bu yerda 1 oyda 500 ta radar tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Avtotransport vositalari harakat tezligini o‘lchash bo‘yicha zamonaviy laboratoriyaning afzalligi, u to‘liq onlayn tartibda ishlaydi, ya’ni inspektor aralashmaydi. Shuningdek, u qoidabuzarliklar haqidagi xabarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yo‘l xarakati xavfsizligi boshqarmasining bazasiga yo‘naltiradi. Loyiha doirasida germaniyalik hamkorlar foto-videoradarlarga to‘liq servis xizmatlarini ko‘rsatadi.
Ushbu zamonaviy harakat tezligini o‘lchash vositalarining amaliyotga tatbiq etilishi barcha xarakat ishtirokchilarining nazoratini ta’minlash imkonini beradi. Bundan tashqari, mazkur tizim xavfsizlik nuqtai nazaridan ham muhim.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA