Milliy matbuot markazida Adliya vazirligi tomonidan “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi faoliyati va unga yuklatilgan vazifalar, “Ochiq Adliya” tizimi mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Qonunlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lish bugun har qachongidan-da zarur. Shu bilan birga, ularga amal qilish majburiyati ham muhim sanaladi. Qonunlar ishlagandagina ularning targ‘ibotidan ma’no bo‘ladi. Qonunga itoatkorlikka chaqirib tursagu, fuqarolar o‘z kundalik hayotida boshqa manzarani ko‘rsa, unda qonunga bo‘lgan ishonch so‘nadi.
Bugun ushbu qonun hujjatlaridan aholi qanchalik xabardor? Targ‘ibot tadbirlari o‘zini oqlayaptimi? Adliya vazirligi bu boradagi mavjud kamchilik va muammolarni tahliliy o‘rganib chiqdi.
Tahlil natijalari, birinchi navbatda, davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyati yetarli darajada emasligi ustida ishlash zarurligini ko‘rsatdi. Chunki millionlab aholining o‘z huquqlarini bilishini ortidan quvishdan ko‘ra, davlat organlarida qonuniylikni ta’minlagan afzalroq. Davlat organlari va xizmatchilari o‘z vazifalarini to‘g‘ri bajarishi, fuqarolar huquqlarini poymol qilmasliklari kerak.
Yana bir muammo, noqonuniy qarorlar qabul qilish amaliyotining mavjudligidir. Bu holat mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida ko‘proq kuzatilgan.
Shuningdek, aksariyat vazirlik va idoralar o‘zlariga tegishli qonun hujjatlarini aholiga to‘g‘ri tushuntirish masalasiga ikkinchi darajali ish sifatida qarab kelmoqda. Huquqiy axborotni tarqatishda, ularning mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirishda ommaviy axborot vositalarining, jurnalist va blogerlarning roli benihoya katta. Biroq ayrim hollarda talqin qilinishidagi noaniqlik oqibatida jamoatchilik fikri chalg‘ishi aholining davlat organlariga ishonchsizligiga olib kelishi mumkin.
Mavjud muammolarni bartaraf etish va huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarining mas’uliyatini, ularning qonunga itoatkorligini yanada oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Huquqiy axborot tarqatishni kuchaytirish maqsadida Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tashkil etildi. Mazkur qaror asosida markazga huquqiy axborotlarni tarqatish, targ‘ibot yo‘nalishida kreativ g‘oyalar asosida, zamonaviy standartlarni qo‘llagan holda, o‘zgacha yondashuvlardan foydalanish kabi muhim vazifalar yuklandi.
Ishsiz ayollar va yoshlar, kambag‘allikka qarshi kurash, nogironlar, migrantlar va boshqa ijtimoiy qatlamlarni qamrab olishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida “Gender-madad” huquqiy maslahat portali ishlab chiqiladi. “Shu yerda va hoziroq” tamoyili asosida fuqarolarga barcha dolzarb va zarur huquqiy ma’lumotlarni taqdim qiluvchi yangilangan e-maslahat.uz interaktiv huquqiy portalini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Pandemiya vaqtida ham ular uchun dolzarb va kundalik hayotda ko‘p duch kelinadigan holatlar bo‘yicha vazirlik veb-saytida 21 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oluvchi alohida “So‘ragan edingiz” bo‘limi ochildi. Fuqarolarga masofadan turib savollariga javob olish imkoniyatini yaratadigan telegram messenjerida @huquqiy_maslahatbot, @notariusmaslahatibot, @davxizmataloqa_bot kabi telegram botlari ishga tushirildi.
Shuningdek, barcha aholi qatlamlarini bepul huquqiy maslahat bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi 5 ta huquqiy portal (advice.uz – e-maslahat.uz, Milliy huquqiy internet portali, bolahuquqlari.uz, test.adliya.uz, hudud24.uz) hamda tadbirkorlar uchun bepul huquqiy ma’lumot va maslahat oladigan “Advice for business” yuridik portali ham ishga tushirildi.
Shu bilan birga, istalgan vaqtda huquqiy ma’lumot bilan tanishish imkoniyatini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston qonun hujjatlari milliy bazasi – “LexUZ” faoliyati ham yanada takomillashtirildi. Bir kunda Lex.uz saytidan 45 minggacha odam foydalanmoqda.
“Madad” nodavlat tashkiloti va uning hududiy byurolari tomonidan 12 mingga yaqin savolga, “Advice.uz” huquqiy axborot portali orqali 60 mingdan ortiq savollarga onlayn rejimda javob berilgan. Sayyor huquqiy maslahat berish tizimi yo‘lga qo‘yilib, vazirlik rahbariyati tomonidan bevosita hududlarda o‘tkazilgan 40 dan ortiq sayyor qabullar jarayonida jami 3 ming 799 nafar jismoniy va yuridik shaxs qabul qilingan.
Vazirlik tomonidan imkoniyati cheklangan, ko‘zi ojiz shaxslarga o‘z huquqlarini tushuntirishga ko‘maklashish maqsadida grant mablag‘larini jalb qilgan holda ko‘zi ojiz shaxslarning huquqlariga oid 2 tomdan iborat normativ-huquqiy hujjatlar to‘plami brayl alifbosida 2 ming adadda nashr etildi va u ko‘zi ojiz shaxslarning huquqlariga oid 29 ta qonun hujjatlaridagi normalarni o‘z ichiga olgan.
Nurillo NASRIEV, O‘zA