Maktabga bormasdan, nega bozorda yuribsan. 15 daqiqadan keyin dars boshlanadi-ku, – dedim qo‘limdagi soatimga qarar ekanman.
Erta tongdan mayingina yomg‘irning yog‘ishiga qaramasdan ish vaqtim boshlangunga qadar zarur bo‘lgani uchun bozorlik qilib kelishga otlandim. Bozorda odam gavjum. Kimdir tibbiy niqob taqqan kimdir yo‘q. Buni qarangki, boshqa sotuvchilardan ko‘ra arzonroq narxda sotilayotgan yarmarkadagi narx-navo ham nomigagina ekan. Qog‘ozdagi narxlar sotuvchining aytgan narxlaridan anchagina arzon. Sababini so‘rasangiz, ko‘zlarini pirpiratmay sizga qarab turgan sotuvchidan “Bu narxda sotolmaymiz. Rastamizga bu qog‘ozni tuman hokimligi yozib, yopishtirib qo‘yibdi” degan javobni olasiz.
Ro‘zg‘orga kerakli narsalarni olib chiqar ekanman, yupungina kiyingan, yo‘limni arava bilan to‘sgan yigitcha e’tiborimdan chetda qolmadi.
– Maktabga bormasdan, nega bozorda yuribsan. 15 daqiqadan keyin dars boshlanadi-ku, – dedim qo‘limdagi soatimga qarar ekanman.
– Men an’anaviy darsga bormayman, uyda onlayn o‘qiyapman. Bo‘sh vaqtimda esa arava tortib, pul topaman. Onlayn darsimizning esa aniq o‘tiladigan vaqti yo‘q. O‘zimiz xohlagan vaqtda ustozimiz bergan vazifani bajarib, rasmini telegrammdan yuborsak bo‘ldi. Tekshirmasdan ishonadi. Sinfimizdagi a’lochi qiz vazifani bajaradi, qolganlarimiz uni ko‘chirib ustozimizga yuboramiz. Vazifani bir xil bajarganimiz bilan hammamizga har xil baho qo‘yiladi. Mening bahom “4”. Dars qilsam qilmasam shu bahoni olaman.
– Onlayn o‘qish uchun senda sharoit bormi? Masalan daftar, kitob, ruchkadan tashqari senda noutbuk, planshet, uzluksiz internet tarmog‘i bo‘lishi kerak.
– Aytgan manzilingizga yetib keldik. Xizmat hakimni bering, qaytib ketaman.
– Mayli. Xizmat haqingni aytganingdan ko‘ra ko‘proq beraman. Lekin savolimga javob bermading-ku. An’anaviy o‘qishning o‘zgacha gashti bor. Hozir sening asosiy vazifang ishlash emas, o‘qish shuni bilasanmi?!
– Bilaman. Ammo, o‘qishim uchun yaxshi o‘qitadigan ustoz yo‘q. Karantin sababli televideniye orqali onlayn dars o‘tildi. Ushbu darslarning har birini diqqat bilan ko‘rib, o‘zlashtirib oldim. Yaxshi o‘qiganligimga qaramay yakunda ustozimiz past baho qo‘yib berdi. Sentyabr oyida karantin qoidalari asosida maktabimiz o‘z faoliyatini boshladi. Bundan biz juda xursand bo‘ldik. An’anaviy darsga borishimiz bilan ustozimizning “Onlayn o‘qinglar, maktabga kelganlaringni foydasi yo‘q. Uyda ota-onalaringni yonida mashg‘ulotlarni o‘rganib, vazifalarni bajarsalaring ham baho qo‘yib beramiz”, degan gaplari bizni maktabga borish fikridan qaytarolmadi.
Sinfimiz bilan o‘zgacha zavq, kayfiyat bilan bir oy maktabga qatnadik. Biror bir foydasi bo‘lmadi. Darslarimiz o‘lda-jo‘lda o‘tilardi. Ustozimiz mavzuni tushuntirishdan ko‘ra, uni kitobdan ko‘chirishimizni ma’qul ko‘radi. Biz kitobdan mavzuni ko‘chirayotgan vaqtimizda esa o‘zi telefoni orqali serial ko‘radi. Bora bora biz ham dars vaqtida serial ko‘rishda odatlanib qoldik. Hozir bilsangiz sinfimizdagi 9 nafar bola bozorda arava tortadi. 7 nafari "avtomoyka"da mashina yuvadi. To‘g‘risi, darsga borib serial ko‘rgandan bozorda arava tortib, pul topganim menga foydaliroq. Planshet telefonim ham noutbugim ham yo‘q. Arava tortib topgan pulimga sotib olaman. Ortganiga esa kitob-daftar, ruchka olaman. O‘qishga keladigan bo‘lsak, ustozlarimning dars o‘tishi meni qoniqtirmaydi. Sizga aytsa, darsga borib vaqtimni bekor o‘tkazgandan ko‘ra, bir soat bo‘lsa ham arava tortib pul topganim yaxshiroq. Kerak bo‘lganda mavzularni kitobdan o‘qib olaman.
O‘sha kuni tushgacha qo‘lim ishga bormadi. Nahotki, maktab o‘quvchisi o‘qishdan ko‘ra pul topishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsa? Nahotki, ustozlarimiz dars vaqtida serial ko‘rishga odatlanib qolishgan bo‘lsa? To‘g‘risi, savollarimga kimdan javob, izoh so‘rashni bilmay rosa o‘ylandim. Oxiri savollarimga javob topish maqsadida tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta’lim maktablari tomon yo‘l oldim.
Shahar markazidagi hashamatli bino. Raqamlari zarhal harfda yozib qo‘yilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi. Tanaffus bo‘lgan shekilli, maktab hovlisida o‘quvchilar bilan gavjum. Meni ko‘rib o‘quvchilarning 5-6 nafari bo‘ynida osig‘liq turgan niqobini taqib oldi. Dars boshlanganidan so‘ng, o‘quvchilar qatori maktab binosiga kirdim. Tashqi ko‘rinishidan zamonaviy qiyofa kasb etgan ma’rifat maskanidagi ichki holat ta’bimni xira qildi. Bu yerda tozalik ishlari olib borilmaganiga kun emas hafta bo‘lgan, shekilli.
– Maktabimizda ishchi kuchi yetishmaydi, - deydi maktab direktori. – Bu yog‘i karantin bo‘lsa. Ishchilarimiz ham navbatma-navbat ishlashyapti. Rosti ikki yil oldin ta’mirlanishi kerak bo‘lgan maktabimizda sharoit og‘ir. Bir amallab ishlayapmiz. Shunday sharoit bo‘lishiga qaramay internet tarmog‘i uzluksiz ishlaydi. O‘qituvchilarimiz ham an’anaviy ham onlayn darslarni o‘z vaqtida o‘tishyapti. Nokamtarlikka yo‘ymang, bu yil 7 nafar o‘quvchimiz shartnoma asosida oliygoh talabasi bo‘ldi. Ularning orasida xorijda o‘qiydiganlari ham bor. Yuring, birgalikda sinflarga kirib chiqamiz. Qarang, faqatgina tashqarisi ta’mirlangan bo‘lishiga qaramay, maktabimizda har bir o‘qituvchimiz astoydil mehnat qilmoqda. Mana bu ko‘rgazmali o‘quv qurollari o‘quvchilarimizni fanga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi. Bu xonada 7-sinflar tahsil olishadi. O‘qituvchisi ham juda mahoratli, mohir pedagog. Informatikani shunchalik ham zo‘r o‘tadiki, hech bir o‘quvchi dars qoldirishni o‘ziga ep ko‘rmaydi, – deya xona eshigini ochgan direktor mulzam bo‘lib qoldi. Sababi, bir sinf o‘quvchi dars vaqtida kompyuter orqali kino ko‘rish bilan band edi. Bizni ko‘rgan ustoz o‘tqizishga joy, aytishga so‘z topolmadi. Navbatdagi xonada esa chamasi 15 nafar o‘quvchi ustozsiz o‘zlaricha nimalarnidir muhokama qilishardi. O‘quvchilarning aytishiga qaraganda o‘qituvchisi “javob olish” maqsadida direktorning xonasiga chiqib ketganmish. Ortimizdan yugurgilab kelgan informatika o‘qituvchisi o‘zini oqlagan bo‘ldi.
– O‘zi aslida, darslarimiz siz ko‘rgandek bo‘lmaydi. O‘quvchilar nazariy emas, amaliy dars o‘tishimni so‘rashgandi. Maktabimiz uzluksiz internet tarmog‘iga ulanganligi sabab, televizion darslarni ko‘rmoqchi edik. O‘quvchi yigitlarimizning iltimosi bilan amaliy dars o‘tayotgandim. Siz noto‘g‘ri tushunmang...
Kutilmaganda mening yonimda mulzam bo‘lib qolgan direktor ustoz bilan "Sen-men"ga borib rosa tortishdi. Ularning dahanaki jangi haqiqatdan ham serial qahramonlarini eslatadi.
Xullas, bu yerdan savolimga javob olib emas, aksincha yangi savollar bilan ortimga qaytdim.
2016 yil davlat dasturi asosida qurilgan zamonaviygina bu maktab qishloqqa ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Atrofi obodonlashtirilgan. Did bilan ekilgan gullar oxirgi marotaba qiyg‘os ochilgandek, tovlanib turibdi. Kuz bo‘lishiga qaramay, maktab hovlisida bir dona ham sarg‘aygan barg yo‘q. Farroshlarga balli. Uning mehnati eshikdan kirgan kishini quvontirmay qolmaydi.
Sinfdagi bolalar diqqat bilan doskada misol yechayotgan ustozni kuzatishmoqda. Xonada pashsha uchsa bilinadigan darajada tinchlik saqlangan. O‘qituvchi mavzuni shu darajada mahorat bilan tushuntirdiki, o‘zim ham o‘quvchiga aylanib qoldim.
– O‘quvchilarimizda onlayn o‘qish uchun sharoit yo‘qligi sababli, hammasi darsga keladi, – deydi direktor opa. – Qishloq sharoiti bo‘lgani sababli internet tarmog‘i yaxshi ishlamaydi. Buning ustiga ota-onalar farzandini o‘qishi, bilim olishi uchun barcha imkoniyatni yaratib berishgan. Guvohi bo‘lganingizdek, o‘qituvchilarimiz karantin talablari asosida dars o‘tishadi. O‘quvchilarimiz ham karantin qoidalariga amal qilib maktabga kelib ketishadi.
Kuz. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ib olish mavsumi bo‘lishiga qaramay, barcha bolalar o‘qishga jalb qilingan. Maktabda zavq bilan o‘qiyotgan o‘quvchilar kishini havasini keltiradi. Ularni ustozning so‘zlarini diqqat bilan tinglashi, o‘tilgan mavzu yuzasidan bahslashishi, kutubxonalarni to‘ldirib o‘tirishi yana o‘quvchi bo‘lishga undaydi kishini. Ammo... shahar maktablaridagi o‘quvchilar nega darsga kelmaydi? Ular o‘qishdan ko‘ra arava tortib pul topishni ma’qul ko‘rishayotganining asl sababi nimada?
– To‘g‘risini aytsam, qishloqdan shaharga kelin bo‘lib kelganimga va shahar maktabidagi o‘quvchilarga dars berayotganimga 5 yil bo‘ldi, – deydi ismini yozishimizni istamagan ustozlardan biri. – Qishloq maktabidagi o‘quvchilar juda beg‘ubor, ilmga chanqoq, o‘qib-o‘rganishga ishtiyoqi baland bo‘ladi. Shaharliklar esa buning aksi. Kitob o‘qishga vaqti yo‘q. Hamma bilimni ijtimoiy tarmoqdan, internetdan olaman deb o‘ylashadi. Aslida kitobdan o‘qib o‘rganish, daftarga yozib dars vaqtida mashg‘ulotlarda ishtirok etishning o‘zgacha zavqi quvonchi bor. Bu so‘zlarim bilan shaharliklar o‘qimaydi, demoqchi emasman. Besh barmoq barobar bo‘lmaganidek, o‘quvchilar orasida o‘qiydigan va o‘qimaydiganlari bor. O‘zi xohlab, astoydil o‘qishni istamagan o‘quvchining o‘qishi uchun gapirish, kuch ishlatish xato. Bu usul o‘zini oqlamaydi.
Darhaqiqat, har kimning o‘z fikri, o‘z haqiqati bor. Zero, bilimni kimdir miyani ochib joylab qo‘ymasligini, ilmga o‘qish va o‘rganish orqali erishish mumkinligini o‘quvchilarimiz, o‘quvchiga dars mazmunini o‘rgatish uchun seriallarni emas, kitoblarni varaqlashni o‘qituvchilarimiz anglab yetishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Nigina SHOEVA, jurnalist