BMT Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq 1997 yildan buyon butun dunyoda har yili 16 noyabr – “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanib kelinadi.
Mamlakatimizda ham Prezidentimizning 2019 yil 15 noyabrdagi “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlangan “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkaziladi.
Joriy yilning 9-16 noyabr kunlari o‘tkaziladigan haftalik doirasida “Millatlararo totuvlik va do‘stlik – taraqqiyot omili” mavzusida turli millat vakillarining kitob ko‘rgazmasi, do‘stlik jamiyatlari faoliyatiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma, shuningdek, xalqaro onlayn konferensiya va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan.
Mazkur tadbirlar Tashqi ishlar, Adliya, Madaniyat, Xalq ta’limi vazirliklari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etiladi.
Ushbu tadbirlar aholi, ayniqsa yosh avlodni respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirishga, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga, jamiyatda ko‘p millatli katta oila tuyg‘usini, millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA