Bu xaqda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Buxoro viloyati boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi tezkor xodimlari hamkorligida viloyat hududida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli tezkor va profilaktik tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Fuqaro Q.M.ning arizasi yuzasidan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda, 2020 yil 07 noyabr kuni taxminan soat 09:20 larda Buxoro viloyati davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘i Buxoro tumani Chorbakr MFYda yashovchi, 1967 yilda tug‘ilgan Q.R. o‘z xizmat lavozimidan foydalangan holda Buxoro shahridagi «Jamila Jahoni Lazzat Omad» MCHJ rahbari Q.M. dan Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan karantin qoidalariga rioya qilinmaganligi holati bo‘yicha joriy yilning 22 sentyabr kuni tuzilgan dalolatnoma bo‘yicha jarima tayinlamaslik evaziga pul talab qilib, tamagirlik yo‘li bilan kimyoviy ishlov berilgan 400 dollar va 500.000 so‘m naqd pullarni o‘zining xizmat xonasida pora tariqasida olayotgan vaqtida jinoyat ustida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-modda 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.