Bokschilarimiz yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida munosib ishtirok etmoqda
Boks bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari Sankt-Peterburg shahrida davom etayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashmoqda.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari Sankt-Peterburg shahrida davom etayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashmoqda.Dunyoning oltmishdan ziyod davlatidan uch yuzdan ortiq sportchi ishtirok etayotgan nufuzli musobaqaning vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bellashuvlarda Otabek Xolmatov qirg‘izistonlik Fathiddin Hamroyev va vengriyalik Istvan Szakani yengib, navbatdagi bosqichga chiqdi.
Vazni 56 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Shunqor Abdurasulov italiyalik Matteo Pirrerani, 60 kilogrammgacha vazn toifasidagi bokschilar bahsida Bilolbek Mirzarahimov qozog‘istonlik Sanatali Toltayevni, vazni 64 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bellashuvida Behruz Rahmonov ozarbayjonlik Baxtiyor Gazibekovni mag‘lubiyatga uchratdi.
69 kilogrammgacha vazn toifasida iqtidorli bokschimiz Ulug‘bek Sobirov yaponiyalik Jen Kuroyanagi va jazoirlik Samir Mekauxe ustidan g‘alaba qozondi. Vazni 75 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Shohrux Rustamov belaruslik Yegor Skomorox va ozarbayjonlik Rasim Chobanliga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Yosh sportchimiz Sanjar Tursunov 81 kilogrammgacha vazn toifasida litvalik Vilandas Valsiukasni, vazni 91 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida Shohro‘z Rahimov xitoylik Remula Abudorexituni mag‘lub etdi.