Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani Sohibkor koʻchasida bir xonadon bor.
Qahramonlik unutilmaydi
Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani Sohibkor koʻchasida bir xonadon bor. Unda xalqimizning mard oʻgʻloni, marhum katta leytenant Shermuhammad Ashirov yashagan. 1975-yil 23-yanvar kuni ziyoli oilada tugʻilgan qahramonimiz halol, toʻgʻri soʻz va jasur boʻlib ulgʻaydi.
1999-yili u bolaligidan beri oʻqishni orzu qilgan Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini bitirib, harbiy uchuvchi mutaxassisligini egalladi.
2000-yilning avgust oyida Surxondaryo viloyatining togʻli hududlarida bir guruh gʻalamislarga qarshi toʻqnashuvlar kunu tun davom etar edi. Vatanimizga suqilib kirgan xalqaro terrorchi jangari toʻdalarga qarshi kurashda dushman joylashgan bazalarni qidirib topish va havodan turib yakson qilish boʻyicha jangovar vazifani bajarishda Shermuhammad ham faol ishtirok etdi.
Katta leytenant Sh.Ashirov uchuvchi-shturman tarkibida boʻlgan vertolyot ekipajiga navbatdagi jangovar topshiriq berildi. Mamlakat mustaqilligi va el tinchligini saqlashni muqaddas burch deb bilgan oʻgʻlon bu topshiriqni bajarishga jiddiy kirishdi. “Mi-8” rusumidagi jangovar vertolyot ekipaji togʻli hududning qiyin sharoitida jangarilar guruhini aniqlab, yovga katta talafot yetkazdi. Lekin jangarilar tomonidan otilgan avtomat oʻqi vertolyotning oʻng dvigateliga jiddiy shikast yetkazdi.
Vertolyot toqqa qulay boshlaydi. Vaziyatni tushungan Shermuhammad darhol quroldoshlariga vertolyotdan parashyut bilan sakrashlarini aytadi. Ungacha vertolyotni boshqarib, oʻzi eng oxirida sakrashini maʼlum qiladi. Pastda dushman hujumi tinmaydi. Harbiylar sakraguncha vertolyot togʻ qoyasiga yaqinlashib qoladi. Shermuhammad eng oxirida qolgan texnik xodimga ham sakrashini aytadi. Quroldoshlarining barchasi sakrab boʻlganiga ishonch hosil qilgan dovyurak uchuvchi oʻrnidan turmoqchi boʻlganida, oyoqlari gʻanim otgan oʻqlar tufayli vertolyotning qaysidir qismida qisilib, kabinada qolib ketadi...
Boshqaruvni yoʻqotgan vertolyotni yerga qoʻndirish vaqtida sherdil oʻzbek lochini qahramonlarcha halok boʻldi. Qutqaruvchilar yetib kelganida vertolyot qoyaga urilib, jarlikka qulagan edi. Tinchlikni taʼminlash, barqarorlik va jamoat tartibini mustahkamlash borasidagi xizmat burchini bajarish chogʻida mardlik, jasorat va fidoyilik koʻrsatgani uchun u Prezident farmoniga muvofiq, II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlandi.
Umri qisqa boʻlsa-da, turmush oʻrtogʻi bilan baxtli hayot kechirdi. Otasining diydoriga toʻya olmagan qizalogʻi Mahmuda oʻsha paytda bir yoshda edi. Undan yolgʻiz yodgor boʻlib qolgan qizi otasiga quyib qoʻygandek oʻxshaydi. Shermuhammad Ashirovga oid yorqin xotiralarni uning yaqinlaridan eshiting:
Ona
Turmush oʻrtogʻidan erta ayrilgan Munisxon Ashirova ikki oʻgʻlini alpqomat, sherdil qilib voyaga yetkazdi. Uch qizi ham munosib tarbiya topdi. Onaxon farzandlarini doim duo qiladi. Shermuhammad bilan bogʻliq voqealarni tez-tez eslaydi:
– Kenjatoyimning yurishiga ham, kiyinishiga ham hamma havas qilar edi. U bolaligida harbiy uchuvchi libosini kiyib suratga tushgan. Nuridiydam yuragida uchuvchi boʻlish istagi ana shunda paydo boʻlgan. Rahmatli dadasi ham uchuvchi boʻlishni niyat qilgan. Shu bois bu yoʻlda oʻgʻlimga faqat yordam bergan.
Bir kuni hech uyqum kelmadi. Hamma uxlagan. Bir payt koʻzim ilingan ekan, “Shermuhammad!” deb baqirib yubordim. Nega? Nima uchun? Bilmayman. Oʻsha kuni oʻgʻlimning joni uzilgan ekan, ertasiga bildim buni…
Vatanni himoya qilishdek sharafli ishiga juda mehr qoʻygan edi. Bir kuni taʼtilga kelganida, onaman-da, charchab, qiynalyapti, deb oʻyladim. “Bolam, hadeb ish-ish, deyaverasanmi? Mazam yoʻq deb, har zamon dam ol”, desam, Sher oʻgʻlim: “Aya, menga hamma narsani oʻrgatgansiz-u, faqat yolgʻon gapirishdan dars bermagansiz”, deydi. Ana shunday bir dunyo edi bolaginam.
Oʻgʻlimdan mingdan-ming roziman, umri qisqa boʻlsa-da, chaqmoqdek yashadi, tinim neligini bilmadi. Haligacha doʻstlari, safdosh oʻrtoqlari kelib, yoʻqlab turadi. Mendan yiroqda boʻlganida, qanday xizmat qilganini shular soʻzlab beradi. Er yigit elning bolasi, tinchlik va osoyishtalikni shular saqlayapti-da.
Oʻqituvchi
Qahramonimiz maktabda boshlangʻich taʼlimni birinchi muallimi Roza Abdiyevadan olgan.
– Maktabga ishga kelganimda ilk bor Shermuhammad oʻqiyotgan sinfga rahbarlik qilganman, – deydi tajribali pedagog Roza Abdiyeva. – Aʼlochi oʻquvchilarimdan edi. U bilan hamisha faxrlanaman. Ogʻir, vazmin, mehribon oʻquvchi sifatida bir nimani maqsad qilsa, shunga erishmasdan qoʻymasdi. Chinakam vatanparvar, yolgʻon-yashiq soʻzlarga toqat qilmas, bir soʻzli yigit edi. Haqiqat uchun jon kuydirardi hamisha.
Nurli chehrasi hozir ham koʻz oldimda turibdi, toʻrtinchi partada oʻtirardi. Bir kuni “Qani, bolalar, his-hayajon gapga kim misol keltiradi?” desam, u qoʻl koʻtarib javob berdi. “Yashasin, 8-mart va onajonlarimiz!” dedi baralla. Hamma kulib, qarsak chalib yubordi.
Shermuhammad haqida tarix fani oʻqituvchisi Muhabbat Turgʻunboyeva shunday deydi:
– Dars vaqtida sarkardalar, ayniqsa, moʻgʻullarga qarshi kurashgan Jaloliddin Manguberdi haqida koʻp savol berardi. Maktabni bitirayotganda, qaysi kasbni egallashi toʻgʻrisida soʻraganimizda, ulugʻlarimiz kabi yurtimizni koʻz qorachigʻidek asrab, harbiy uchuvchi boʻlaman, goʻzal Vatanimizni osmon uzra koʻrsam, derdi hayajon bilan. Bunday yigitlar kamdan-kam tugʻiladi, menimcha. Kursantlik paytida tashakkurnomalar olganini eshitganimizda biz ham koʻp quvonganmiz. Maktabimiz uning nomi bilan ataladi. Shermuhammad har doim, har on yodimizda.
Saboqdosh
– U bilan bir partada oʻtirar edim, – deydi Shermuhammad Ashirovning sinfdoshi Mukarram Yusupova. – Ona tili va adabiyoti, tarix va geografiya fanlariga juda qiziqar edi. Sinfdoshlarimiz biror nimani tushunmasa, birinchilardan boʻlib yordam berardi. Bilmagan narsasi yoʻq edi uning. Biz uni ismi bilan emas, “Polvon” deb chaqirardik. Chunki oʻqishda ham, jamoat ishlarida ham, sinfdosh qizlarni himoya qilishda ham polvon edi-da. Kursantlik davrida, keyin harbiy xizmatni oʻtayotganda, taʼtilga kelganida ham, albatta, bizni, sinfdoshlarni toʻplardi. Doʻstlarimiz orasida mustahkam oqibat rishtasini bogʻlagan edi.
Podpolkovnik Sherali Choriyev kursdoshini shunday xotirlaydi:
– Xushchaqchaq, doʻstlariga yordam qoʻlini choʻzadigan, bilimga chanqoq, chin maʼnodagi vatanparvar bu kursdoshimning insoniy fazilatlari, yuksak bilimi va tugʻma isteʼdodini hozirgacha qadrlayman. Kursantligimizda qidirib topa olmagan kitoblarni undan olib oʻqir edik. Uning shaxsiy kutubxonasida havo navigatsiyasi, aerodinamika, uchish qoidalariga oid darsliklar bisyor edi. Erkin Vohidov, Pirimqul Qodirov kabi shoir va yozuvchilarning kitoblari qoʻlidan tushmas edi. Favqulodda iqtidori, vazminligi, tirishqoqligi bilan yoʻriqchi ofitserlarning maqtovlariga koʻp bor sazovor boʻlgan.
Rais
Yangiyoʻl tumani “Xalqobod” qishloq fuqarolar yigʻini raisi Joʻraboy Ishonqulovning mulohazalari ham Shermuhammadning oʻzidan yaxshi iz qoldirganini tasdiqlaydi:
– Qishlogʻimizdan chiqqan birinchi harbiy uchuvchi Shermuhammad Ashirov oʻgʻlim bilan sinfdosh edi. Rahmatli otasi Ergashali aka ham, bobosi Ashirali ota ham oʻqituvchi, elning hurmatiga sazovor kishilardan edi. Akasi Nurmuhammad ham koʻp yillar Yangiyoʻl tumanidagi 51-umumtaʼlim maktabida direktorlik qildi. Ziyoli oilada voyaga yetib, tinch va osoyishta hayotimiz, mustaqilligimizni asrash yoʻlida aziz jonini ayamagan bu oʻgʻlonimiz jasoratini hamisha yoshlarga oʻrnak qilib koʻrsataman. Ha, bugungi zamon har birimizdan ogoh va sergak boʻlishni talab qilmoqda. Chunki Oʻzbekiston biz uchun har nedan aziz va mukarramdir.


