Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona tili – millat ruhi
11:23 / 2022-10-21

...So‘zi qudratli, sirli, Ham go‘zal, ham sehrli, Go‘yoki tirik jondek, Muhabbatli, mehrli, Go‘zal jonona tilim, Asl durdona tilim...

Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir shoirning ona tilimizni madh etuvchi ushbu misralari bilan boshlandi.

21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat maqomi berilganligining 33 yilligi hamda O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Qadring baland bo‘lsin – ona tilim” shiori ostida “Ona tilim – millat ruhi” deb nomlangan tadbir o‘tkazildi. Unda kombinat yoshlari, kasaba uyushmasi faollari, shahrimizdagi kollejlar o‘quvchilari, MTTU MISiS hamda Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiallarining talabalari ishtirok etdi.

Tadbirda “Kamalak” havaskorlik drama to‘garagi a’zolari ona tilimizning tarixi va bugunini aks ettiruvchi kompozitsion sahna ko‘rinishini namoyish etdi. OKMK bosh muhandisining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari, taniqli olim, akademik Abdurashid Hasanov o‘zbek tili va uning tarixi haqida ma’lumot berdi.  

Tadbirda A.Hasanov tomonidan yaqinda nashrdan chiqqan “Ruscha-o‘zbekcha kon-metallurgiya atamalari izohli lug‘ati”ning taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur kitobni yaratilishida faol ishtirok etgan bir guruh ijodkorlar e’tirof etilib, rag‘batlantirildi.

Tadbir davomida OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi, Yoshlar ittifoqi hamda Axborot xizmati tomonidan tashkil etilgan “Tilga e’tibor” viktorinasi, “Eng yaxshi she’r”, “Eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi fleshmob”, “Eng yaxshi targ‘ibotchi” kabi tanlovlar hamda kombinat va Olmaliq shahri yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yini g‘oliblari taqdirlandi.

“Metallurg” madaniyat saroyi badiiy jamoalari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

OKMK Axborot xizmati

O‘zA