Jurnalist, “Saodat” jurnalining ilk tashkilotchilari va muharrirlaridan biri Saodat Shamsiyeva 1908 yilda To‘rtko‘l shahrida, oddiy novvoy oilasida tug‘ilgan. Hayot qiyinchiliklariga qaramay, o‘qib, ishlab, o‘z davrining faol ayollaridan bo‘lgan.
Ammo qatag‘on davrining o‘tkir tig‘i Saodat Shamsiyevani ham chetlab o‘tmadi. O‘zbekiston KP Markaziy Komitetining 1937 yil oxirgi Plenumida yoshlar masalasi ko‘rib chiqilganida ko‘plar qatori Saodatni ham ayg‘oqchilikda ayblashdi. Unga ko‘ra, uning akasi Madamin chet el ayg‘oqchisi bo‘lib, Saodat unga ma’lumotlar yetkazib turar emish...

Bugungi kunda qatag‘on qurbonlari nomini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar natijasida bu mash’um davrning aybsiz aybdorlari bo‘lgan yurtdoshlarimiz nomi oqlanmoqda. Tarixchi olim va olimalarimizning izlanishlari, ilmiy tadqiqotlari samarasi o‘laroq, ular haqidagi ma’lumotlar yuzaga chiqmoqda, chuqur o‘rganilayapti.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi tadqiqotchisi Aziza Ahrorova ham qatag‘on davrini o‘rganayotgan olimalardan biri. U bizga ushbu dahshatli davrning mazlumalaridan biri Saodat Shamsiyeva haqida batafsil so‘zlab berdi:
— O‘tgan asrning katta qirg‘in davri minglab beayb vatandoshlarimizning, millatdoshlarimizning boshiga yetdi. Ko‘plab millat fidoyilari “ayg‘oqchi”, “sotqin” degan zo‘rma-zo‘raki tamg‘alar bilan ne-ne azob-uqubatlarga qoldi. Hatto ko‘plab xotin-qizlar ham bu davrning qurbonlaridan, aybsiz aybdorlaridan bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq SSRdan 18 mingga yaqin xotin-qizlar surgunga yoxud qatag‘onga uchragan.

Jurnalist Saodat Shamsiyeva 1908-1999 yillarda yashab o‘tgan, mash’um qatag‘on davrining alamlarini, azoblarini “totgan” onaxonlarimizdan biridir. Otasi Polvon Allaqulov 1916 yilda vafot etib, onasi va katta akasining qaramog‘ida o‘n nafar farzand qolishgan. Bolalar kiyim-kechak uchun ip yigirar, ona esa sut sotib kun kechirar edilar.
Saodat voyaga yetganidan so‘ng taqdir taqozosi bilan qo‘qonlik Zokirjon Shamsiyev bilan turmush qurib, matbuotchilar oilasiga kelin bo‘ladi. Taqdir uni ma’rifat o‘chog‘iga — yangi zamon ziyolilari qurshoviga uloqtirdi. Qaynisi Husanjon (bo‘lg‘usi adib Husan Shams) shoir edi. U kelin oyisining savodliligidan behad xursand bo‘ladi. Aka-uka Saodatga yaxshi kitob, she’rlar olib kelishardi. Shunday qilib, Saodat muhit ta’sirida she’rlar mashq qilib, maqolalar yoza boshladi.
Umr yo‘ldoshi Zokirjon Shamsiyev 1924 yilda Toshkentning Eski Jo‘va mahallasida qurilgan birinchi bosmaxonaga direktor etib tayinlanadi. Shu sabab Qo‘qondan Toshkentga ko‘chib kelishadi. Shu yili Saodat turmush o‘rtog‘ining qistovi bilan xotin-qizlar bilim yurtida o‘qidi. O‘qishni tugatgach, Xiva xotin-qizlar bilim yurtiga direktor qilib tayinlandi va u yerga turmush o‘rtog‘isiz, bir yashar qizi Nodira bilan jo‘nab ketdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Zokirjon olamdan o‘tadi. Saodat bu yo‘qotishdan uzoq vaqt o‘ziga kelolmay yurdi.
Saodat 1928 yilda Samarqand pedagogika institutining tashkilotchi fakultetida o‘qidi. Uni Samarqand eski shahar komsomol komitetining sekretari qilib saylashdi. Oradan bir yil o‘tgach, Saodatni O‘zbekiston SSR komsomol komitetining Maorif ministrligidagi vakili etib tayinlashdi. Bu joyda bilimga chanqoq yoshlar turli mamlakatlarga ilm olishlari uchun yo‘llanardi. Fayzulla Xo‘jayevning shaxsiy tashabbusi bilan 63 o‘zbek yigit-qizlari Germaniyada ta’lim olib, o‘qituvchi, harf teruvchi, tarbiyachi, suv injeneri kabi turli kasblarni o‘rganib qaytganlar.
1930 yilda Saodat Shamsiyeva Moskvada SSSR Markaziy Ijroiya komiteti (SIK) qoshida tashkil etilgan “Pravda” nomidagi Butunittifoq jurnalistika institutiga yo‘llanma olib, o‘qishga qabul qilindi. 1933 yilda o‘qishni tugatgandan so‘ng, Saodatga Andijon rayon MTSi qoshidagi “Mo‘l hosil uchun” gazetasi redaktorligiga yo‘llanma berildi.
1936 yilning bahorida Andijon rayon sholipoyalarida suv kechib yuraverib, uzoq vaqt bezgak bilan og‘rib yotganini hisobga olib, Saodatni Toshkentda ishlashiga ruxsat berishadi. “Qizil O‘zbekiston” gazetasining madaniyat bo‘limida ishlay boshladi. Bir kuni redaksiyaga O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi sekretari Akmal Ikromov keladi. Saodatga “Bormisiz, qizim. Qayerlarda ko‘rinmay ketdingiz” deya, uni Markaziy Komitetning bosmaxona ishlari bo‘limiga ishga taklif qiladi. O‘shanda “Saodat” jurnali “Yangi yo‘l” nomi bilan chiqardi. Saodat bir vaqtning o‘zida ham bo‘limda ishlab, ham jurnalga muharrirlik qila boshladi.
Saodat Shamsiyeva Fayzulla Xo‘jayev va Akmal Ikromovlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, gaplashgan, birgalikda ishlagan safdosh sifatida ular haqida iliq fikrlarni yozib qoldirgan.
Afsuski, sovuq epkinlar Saodat Shamsiyevani ham “bebahra” qoldirmadi. Unga ayg‘oqchilik aybi qo‘yildi — go‘yoki akasi Madamin chet el ayg‘oqchisi, Saodat unga ma’lumotlar yetkazib turadi.
Shundan keyin Saodat yashirincha kun kechirishga majbur bo‘ladi. Dastlab qizi Nodira va o‘g‘li Bahodirjonni olib, singlisi bilan Orjonikedze rayonidagi bir qishloqda egasiz xaroba uyda yashay boshladi. O‘sha yili qish qattiq kelishiga qaramay, bir buxanka non olish uchun Saodat va singlisi yarim beligacha loy kechib, dalaga mahalliy o‘g‘it chiqarardi. Shundan keyin Saodat ikkinchi marta bezgakka chalinib yotib qoladi. Yana shaharga hech kim bilmas tarzda ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lishadi. U sog‘ligi biroz yaxshilangach, “Tashkentprom”da shisha idishlarga siyoh quyuvchi, non zavodida yuk tashuvchi bo‘lib ishladi.
Arab tilini yaxshi bilgani uchun 1945 yilda Sharqshunoslik institutiga ish so‘rab boradi. U yerda odam boshiga 300 grammdan non berishardi. Tabiiyki, bu bilan ikki bolasi, singlisi va o‘zini to‘ydirolmasdi. Shuning uchun boshqa ish qidirishga majbur bo‘ladi. Keyinchalik Saodat O‘zTAG, O‘zbekiston radiosi, Parkent rayon gazetasi, Angren ko‘mir koni gazetalarida ishlaydi.
Saodat Shamsiyeva 1955 yilda o‘z nomini oqlash maqsadida Moskvaga boradi. Repressiya qilinganlar ro‘yxatida uning ham familiyasi bor ekan. O‘shanda sekretar unga hayron tikilib qolib, “Siz partiyadan o‘chirilib, ishdan olingan, 1937 yilda otishga hukm qilingan ekansiz. Qanday tirik qoldingiz?” deydi. Buni eshitgan Saodat oyoq-qo‘lidan darmoni ketib, o‘tirib qoladi.
1956 yilga kelib, ko‘plar qatori S.Shamsiyeva ham to‘liq oqlandi va shu yili O‘zbekiston hotin-qizlari jurnali “Saodat” tahririyatida muharrir o‘rinbosari lavozimida ishlay boshladi. Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist degan unvonga sazovor bo‘ldi.
Ammo o‘z hayotida kechgan zulmat davrlarning aziyati, yoshligining 17 yilini yig‘lab, azobda o‘tkazgani, “xalq dushmani” degan yuzqarolik Saodat Shamsiyevaning yurak-bag‘rini o‘rtab o‘tdi. U bu haqda o‘z xotiralarida yozib qoldirgan.
1960 yili keksalik nafaqasiga chiqqan Saodat Shamsiyeva kitoblarni tarjima qilish, radio uchun materiallar, teleko‘rsatuvlar tayyorlash, respublika gazetalariga maqolalar yozish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Onaxon 1999 yili vafot etdi. Tariximizni o‘rganish jarayonida Saodat aya hayoti ko‘z oldimizda matonat, iroda va sabotning yorqin namunasi kabi bo‘y ko‘rsatadi, — deydi Aziza Ahrorova.
O‘zA muxbiri
Muhtarama Komilova
yozib oldi.