Zulfiya tavalludiga 110 yil to‘ldi
Vatanimiz tarixidagi 1 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1405 yil (bundan 620 yil oldin) – otasi Amir Temurning vafot etgani haqidagi xabarni olgan yigirma sakkiz yoshli temuriyzoda Shoxruh Xuroson o‘lkasida o‘z nomiga xutba o‘qittirib, tanga zarb etishni boshladi. U Xuroson muhofazasi uchun ayrim beklarni tayinlab, o‘zi Hirotdan Movarounnahrga otlandi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, o‘rta asrlarda xutbaning muxim siyosiy ahamiyati bo‘lgan. Xutbada hukmdor ismining yodga olinishi hukmdorning mustakil ekanligining asosiy tashqi belgilaridan biri hisoblangan.
1871 yil (bundan 154 yil oldin) – Qo‘qon xonining akasi Sulton Murodbek Xudoyorxon sharafiga poyga uyushtirdi. Tarixchi olim Haydarbek Bobobekovning “Turkestanskiye vedomosti” gazetasiga tayanib yozishicha, g‘oliblar uchun sovrinlar, xususan, birinchi sovrin juda ko‘p edi.
U bir g‘ulom, bir cho‘ri, 129 so‘m turadigan 1 ta katta yombi, 1 ta chodir, 1 ta arab gilami, 2 ta qipchoq gilami, 3 ta ko‘rpa, 2 ta chinni lagancha, 9 ta kosacha, 2 ta ot oltinli jihoz va kumush hal bilan qoplanib tikilgan yopiq (juli), 2 ta tuya, 2 bog‘lam to‘n (chopon), 25 ta har xil narsalar: qumg‘on (choynaklar), patnislar, laganchalar, qozonlar va boshqalardan iborat bo‘lgan. Oxirgi, ya’ni kirqinchi sovrin uchta to‘n (ip aralash shoyi va olacha beqasam), 1 ta qo‘y, 1 ta echkidai iborat bo‘lgan.
1900 yil (bundan 125 yil oldin) – davlat va siyosat arbobi Usmon Yusupov tavallud topdi (vafoti 1966 yil). U 1937 – 1950 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi, 1953 – 1955 yillarda esa O‘zbekiston Ministrlar Sovetining raisi bo‘lib ishlagan. Usmon Yusupov respublikaga rahbar bo‘lgan yillarda O‘zbekistonda xalq hashari yo‘li bilan yirik suv inshootlari qurilgan. Ikkinchi jahon urushi davrida mamlakat g‘arbidan ko‘chirib keltirilgan korxonalarni ishga tushirish, yangilarini qurish, frontni oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan muntazam ta’minlash, o‘zbekistonliklarni fashizmga qarshi kurashga safarbar qilish, urush tufayli uyjoy va boshpanasiz qolgan aholi hamda yetim qolgan bolalarga mehribonlik va insonparvarlik qilishda Usmon Yusupov bosh-qosh bo‘lgan. U o‘z siyosiy faoliyati davrida imkoniyat doirasida O‘zbekiston xalqi manfaatlarini himoya qilishga intilgan bo‘lishiga qaramay ommaviy qatag‘on siyosatida Markaz farmoyishlarini bajarishga majbur bo‘lgan.
1915 yil (bundan 110 yil oldin) – o‘zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova tavallud topdi (vafoti 1996 yil). Uning “Hayot varaqlari” nomli ilk to‘plami o‘n yetti yoshida nashr etildi. U 1950 – 1953 yillarda “O‘zbekiston xotin-qizlari” (hozirgi “Saodat”) jurnalida bo‘lim boshlig‘i, 1953 – 1985 yillarda esa bosh muharrir bo‘lib ishladi. U o‘ttizdan ziyod she’riy va nasriy kitoblar muallifi. Badiiy ijod sohasidagi xizmatlari uchun Davlat mukofoti, 1968 yil Javoharla’l Neru nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi. Tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi asarlari hamda taraqqiyparvar Osiyo va Afrika yozuvchilari harakatidagi faol ishtiroki uchun esa 1970 yilda xalqaro “Nilufar” mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Mustaqillik yillarida ibratli hayot kechirgan, keng ijtimoiy faoliyat olib borgan shoira Zulfiya betakror iste’dodi, Vatanga muhabbati, oliyjanob insoniy fazilatlari, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishdagi xizmatlari uchun yuksak hurmat va e’zozga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston hukumati atoqli shoiraning madaniyatimiz tarakqiyotidagi katta xizmatlarini e’tiborga olib 1999 yili Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etdi.
1919 yil (bundan 106 yil oldin) – Turkiston respublikasi Xalq maorifi komissarligi kollegiyasining qarori bilan Toshkentda o‘qituvchilar tayyorlash bo‘yicha olti oylik kurslar ochildi.
1975 yil (bundan 50 yil oldin) – Yangiyo‘lda Usmon Yusupovning uy-muzeyi ochildi. Yangiyo‘l shahrining markazidagi Bog‘ ko‘chasi 6-uyda joylashgan bir gektar yer maydoniga ega ushbu muzeyning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston hukumati, Fanlar akademiyasining prezidiumi a’zolari, Yangiyo‘l shahri rahbarlari, maorif va madaniyat xodimlari, Usmon Yusupovning qarindoshlari, do‘stlari va safdoshlari ishtirok etishdi. Uy-muzey ikkita bino va uchta bo‘limdan iborat bo‘lib, asosiy bino – memorial kompleksdan iborat oltita xonada 500 dan ortiq eksponatlar joylashgan. Ayni paytda muzey fondida to‘rt mingga yaqin noyob buyumlar saqlanmoqda.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – “O‘zbekiston pochtasi” davlat konserni tashkil etildi. U 1997 yildan davlat aksiyadorlik kompaniyasi; 2004 yildan ochiq aksiyadorlik kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasining milliy operatori bo‘ldi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatildi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston tarixi muzeyi ashyolari haqida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga binoan, O‘zbekiston tarixi muzeyining Oxunboboyev ko‘chasi 15-uydagi omborxonada joylashgan tarixiy ashyolari Sharof Rashidov ko‘chasi 3-uydagi yangi binoga ko‘chirildi.
1996 yil (bundan 29 yil oldin) – Farg‘ona viloyati hokimining viloyat hududida mumtoz shoir Muhammad Aminxo‘ja Muqimiyning “Sayohatnoma” asaridagi manzilgohlar bo‘ylab ilmiy-adabiy ekspeditsiya tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Tarixchi Qobuljon Akbarovning qayd etishicha, qaror asosida tashkillangan ekspeditsiya 3 kun davom etdi.
Uning a’zolari Muqimiyning “Sayohatnoma”sida tasvirlangan shahar va qishloqlarda bo‘lishib, uning bugungi kundagi qiyofasi, xalqning o‘z yurtdoshiga bo‘lgan ehtirominnng guvohi bo‘ldilar. Qo‘qon, Yaypan, Bag‘dod, Rishton, Oltiariq, Chimyon, Vodil va Shohimardonning obod go‘shalarida adabiy davralar qurildi. Muqimiy ijodining hali kashf etilmagan qirralari, yangi topilgan g‘azallari haqida adabiyotshunos olimlar bilan bahs-munozaralar, shoirlar o‘rtasida mushoiralar o‘tkazildi.
2011 yil (bundan 14 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi hududiy organlari tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2012 yil (bundan 13 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida xalqaro darajadagi mehmonxona qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zargarlik sanoatini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi