Zukkolar «Zakovat»da bellashishdi
Guliston shahridagi Istirohat bog‘ida bolajonlarning bilimga qiziqishini oshirish, mantiqiy va ijodiy fikrlash, kuzatuvchanlik hamda jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida 5–7 yoshli tarbiyalanuvchilar o‘rtasida «Zakovat» intellektual o‘yini: bolalar nigohida tanlovining viloyat final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryo viloyatining tuman va shaharlarida o‘tkazilgan saralash bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 11 ta jamoa bosh sovrin uchun o‘zaro bellashdi. Kichik yoshdagi ishtirokchilarning katta qiziqish bilan qatnashgani, savollarga tezkor javob berishi va topshiriqlarga ijodiy yondashishi tanlovga o‘ziga xos ruh bag‘ishladi.
Bellashuv to‘rtta shart asosida tashkil etildi: «Tasvirni top» shartida bolalarning kuzatuvchanligi va diqqati, «Topqir bolajon» da zukkoligi va topishmoqlarni yechish mahorati, «Savol-javob»da bilimi va tezkor fikrlashi sinovdan o‘tkazildi. «Mening LEGO uyim» sharti esa ularning ijodiy tafakkuri, tasavvuri va yaratuvchanligini namoyon etish uchun imkoniyat yaratdi.
[gallery-31588]
Qizg‘in kechgan bellashuvda jamoalar har bir shartda o‘z imkoniyatlarini ishga solib, bir-birini qo‘llab-quvvatlagan holda g‘alaba uchun harakat qildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Mirzaobod tumanidagi 15-sonli DMTT jamoasi birinchi, Shirin shahridagi 2-sonli DMTT jamoasi ikkinchi, Guliston tumanidagi 23-sonli DMTT jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va faol ishtirokchilar faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA