Zoyir Mirzayev: “Fermerlarimiz ko‘p yo‘nalishlarda klasterlar faoliyatidan norozi”
Toshkent viloyati hokimligida paxta va g‘alla yetishtiruvchi tumanlarda faoliyat olib borayotgan klasterlarda amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi, tarmoq xo‘jaliklarida belgilangan rejalarning amaldagi ijrosi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev boshqargan yig‘ilishda sektorlar rahbarlari, agroklasterlar mutasaldilari va tegishli boshqarma va tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi. Hozir hududda 40 ga yaqin klasterlar, jumladan, paxta-to‘qimachilik, g‘allachilik va meva-sabzavotchilik taromqlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususan, o‘tgan yili paxtachilik klasterlariga 28 ming gektar yer maydoni, 1 ming 196 ta fermer xo‘jaliklari biriktirildi. Ular tomonidan jami – 335 milliard so‘m investitsiya kiritildi, 450 ta ish o‘rni yaratildi, 3 million dollarga teng mahsulot eksport qilindi.
G‘allachilik klasterlariga 24,1 ming gektar yer maydoni, 2 ming 576 ta fermer xo‘jaliklari biriktirilgan bo‘lib, ular tomonidan jami – 319,2 milliard so‘m investitsiya kiritildi. 1 ming 412 ta ish o‘rni yaratildi. Viloyatda 6 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyat yuritadi. Lekin, yetishtirilgan paxtani qayta ishlab, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan bosqichlar faqatgina “Real agro Sotton” tomonidan yo‘lga qo‘yilgan xolos. Joriy yilda paxtachilik klasterlari tomonidan qiymati 1 trillion 203 milliard so‘m bo‘lgan 23 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Natijada 15 ming ta yangi ish o‘rni yaratilib, eksport kamida 3 barobarga oshiriladi.
Yig‘ilishda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida mavjud muammolar ko‘rib chiqildi. Dastlab Oqqo‘rg‘on tumanida faoliyat olib boruvchi “ABS Oqqo‘rg‘on klaster” paxtachilik klasteri faoliyati tahlil qilindi. Qayd etilganidek, 2021 yilda tumanda mazkur klaster tomonidan 2 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish belgilangan bo‘lib, amalda ishlar 36,2 foizga bajarilgan, xolos. Joriy yilda 3 ming gektar yer maydonida tomchilatib sug‘orish belgilangan bo‘lib, ayni paytda bu boradagi ishlar muddatidan kechikayotgani aytib o‘tildi. Shuningdek, “APK Bo‘ka” UK tomonidan yillik quvvati 35 ming tonna bo‘lgan 44 milliard so‘mlik paxtani qayta ishlash loyihasi va yillik quvvati 50 ming tonna bo‘lgan 60,5 milliard so‘mlik donni qayta ishlash loyihalari haligacha ishga tushirilmagan. 2021 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsion loyihalarning shu paytgacha qilinmagani sababli klasterda 500 ta ish o‘rinlari yaratilmagan. Boshqa yo‘nalishlarda ham ishlar ko‘lami qoniqarli emas.
– Fermerlarimiz ko‘p yo‘nalishlarda klasterlar faoliyatidan norozi, – dedi Zoyir Mirzayev. – Bizga sohada sog‘lom raqobat kerak. Mehnat qilgan, halol ishlagan odam har qancha e’tirof va e’tiborga munosib. Ammo berilgan ishonchni suiste’mol qilgan, ayniqsa, yerga xiyonat qiladigan odamni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi.
Yig‘ilish davomida Qibray, Quyi Chirchiq, Ohangaron va Piskent kabi qator tumanlardagi klasterlarning ishi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish yuzasidan takliflar bildirildi. Berilgan ishonch va imkoniyatdan samarali foydalana olmayotgan klasterlar o‘rniga istiqbolli loyihalarni joriy etish va tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan kelgusi rejalar belgilab olindi.
A.Musayev,O‘zA.