Zo‘ravonlikdan himoyalana olamizmi?
Xotin-qizlarga nisbatan turli xil tazyiq va zo‘ravonlik holatlari ko‘plab uchramoqda. Bu ushbu holatlarni sodir etayotgan shaxslar qilmishining oqibatlarini anglamasligi, bunday harakatlar uchun qanday javobgarlik borligini bilmasligiga borib taqaladi.
Qachonki, shaxs biror qilmishning oqibatini chuqur anglasa, uni sodir etmaslikka harakat qiladi. Buning uchun inson yoshlikdan yomon ishlar va uning oqibatlari haqida tushunchaga ega bo‘lib borishi, unda atrof-muhitga bo‘lgan mas’uliyat hissi shakllantirilishi kerak.
Ammo oramizda bundan mosuvo odamlar ham uchraydi. Aynan shunday kishilar ko‘p hollarda ayollarga zo‘ravonlik qilish, tajovuz kabi tuban ishlarga jazm qilishdan tap tortmaydi.
Shuning uchun ham bunday holatlarning oldini olish, sodir etilgan taqdirda munosib jazo berishga qaratilgan qonunchilik yaratilgan. Bu yo‘nalishdagi qonuniy me’yorlar barcha davlatlar, xalqaro hujjatlarda ham deyarli bir xil bo‘lib, ularda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, shaxsning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatini turli jinoiy tajovuzlardan himoya qilish nazarda tutilgan.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida “Insoniyat oilasining hamma a’zolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi ekanligi” qayd etilgan.
Albatta, zo‘ravonlikdan himoyalanish uchun ham, avvalo, qonuniy me’yorlarni bilish zarur.
- Xotin-qizlarning zo‘ravonlikka uchrashi, ayniqsa oilada ularning ko‘p hollarda kamsitilishi haqida ilgari ochiq gapirilmas edi. Shuning uchun go‘yoki bizda bunday jinoyatlar yo‘qdek edi, — deydi Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva. – Ochiqlik siyosati tufayli bu borada o‘tkir muammolar borligi ayonlashdi. Ularni bartaraf etish, muhimi, xotin-qizlar huquqlarini himoyalash maqsadida qator qonun hujjatlari qabul qilindi.
Xususan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” qonunlar hamda xotin-qizlar manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan Prezident hujjatlari qabul qilindi.
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar tegishli organlarga yoxud sudga murojaat etish, bepul huquqiy maslahat, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish huquqiga ega.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar ariza bilan sudga murojaat etganida davlat boji to‘lashdan ozod qilingan.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan beriladi. (2020 yilda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 14 ming 774 xotin-qizga himoya orderi berilgan).
Himoya orderini olish uchun tazyiq va zo‘ravonlik qurbonining murojaati, jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar, tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organ va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi, davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar asos bo‘lib xizmat qiladi.
Himoya orderi tazyiq va zo‘ravonlik fakti yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida va 30 kun muddatgacha berilishi lozim.
Qonunchilikka ko‘ra, tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ushbu qilmishni sodir etgan shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlanadi.
Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlar maqsadida Prezidentimizning joriy yil 19 mayda “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha 29 ta namunali markaz tashkil etildi.
Bundan tashqari, ushbu qaror asosida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish uchun mo‘ljallangan, 24 soat uzluksiz ishlaydigan “ishonch telefoni” faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Qaror bilan joriy yil 1 iyundan boshlab himoya orderi nusxasini olgan, ya’ni tazyiq o‘tkazgan yoki zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar profilaktik hisobga olinadi. Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga murojaat qilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining yo‘qotilgan biometrik pasportlarini (identifikatsiya ID-kartalarini) tiklab berish tartibi joriy etiladi.
Xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish borasida ham yangi tizim yaratildi. Xususan, ijtimoiy yordamga yoki tibbiy himoyaga muhtoj bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilmoqda.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar har tomonlama himoyalanib, ijtimoiy qo‘llab-quvvatladi. Jumladan, ushbu daftarga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha miqdorda 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda kreditlar ajratiladi. Bundan tashqari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga turar joy ijara kompensatsiyasi to‘lab beriladi.
Qonunchilikka ko‘ra, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan to‘rt baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam beriladi.
Xulosa o‘rnida aytib o‘tish kerakki, yaratilayotgan imoniyat, huquqlardan har bir xotin-qiz xabardor bo‘lib, ulardan unumli foydalansa, o‘zini o‘zi himoya qilgan bo‘ladi.
Biroq turli vaziyatlar sabab baribir zo‘ravonlikka duch kelganda esa o‘zini huquqiy himoyalashga kirishish, tegishli organlarga murojaat qilish zarur.
Yon-atrofimizdagi xotin-qizlarga ham befarq bo‘lmaylik. Kimdir jabr chekayotgani, zo‘ravonlikka duchor bo‘layotganidan xabardor bo‘lganda bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor qilish maqsadga muvofiq.
Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA