Zo‘ravonlik – eng og‘ir jinoyat
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 35 foiz xotin-qizlar hayoti davomida yaqin kishisi yoki boshqa shaxs tomonidan jismoniy, jinsiy zo‘ravonlikka uchragan.
Dunyoda ayollar qotilliklarining 38 foizgacha bo‘lgan qismi erkak sheriklari tomonidan sodir etilar ekan. Zo‘ravonlik nafaqat jabrdiydalarning o‘zlariga, balki ularning oilalari hayoti va sog‘lig‘iga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashamiz” hamda “Oila huquqining dolzarb masalalari” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatlarida zo‘ravonlikni keltirib chiqaruvchi sabablar va ularni bartaraf qilish bilan bog‘liq ilmiy o‘rganishlar xususida fikr-mulohazalar yuritildi.
Barchamizga ma’lumki, BMTning 1999 yil 17 dekabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, ko‘plab davlatlarda “16 kun zo‘ravonliksiz!” deb nomlangan aksiya o‘tkazilmoqda.
— Yurtimizda ham so‘nggi besh yil davomida mazkur aksiya keng targ‘ib qilinib, ko‘plab tadbirlar tashkillashtirilmoqda, — deydi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Nodira Egamberdiyeva. — Maqsadimiz muammoga davlat va jamoatchilik e’tiborini tortish, mazkur yo‘nalishda mavjud masalalarni hal etish va to‘siqlarni bartaraf qilish bo‘yicha samarali choralar ko‘rishdan iborat.
Bundan tashqari, kunning ikkinchi yarmida “Oila huquqining dolzarb masalalari” mavzusida konferensiya o‘tkazildi. Unda oila huquqining dolzarb masalalari hisoblangan er va xotin o‘rtasidagi mulkiy hamda shaxsiy nomulkiy munosabatlarga oid muammolar, sud-huquq amaliyoti bo‘yicha fikr mulohazalar bildirildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA