Jizzax viloyat turizm boshqarmasi tomonidan markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun Zomin tumanidagi turizm va sog‘lomlashtirish maskanlariga info-tur tashkil etildi.
Tog‘li Zomin tumanining tabiat ato etgan tabiiy imkoniyati – kislorod va ozonga boy archazorli tog‘lari havosi ifloslangan va yirik sanoat shaharlari aholisini doimo o‘ziga jalb qilib kelgan.
Bugun Zominga kelgan sayyoh nafaqat toza va musaffo havodan bahramand bo‘ladi, balki dam olish bahonasida salomatligini tiklab olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilganiga guvoh bo‘ladi.
Keyingi 7 - 8 yil davomida tumanning tog‘li va tog‘oldi hududlarida nafas yo‘llari va tayanch-harakatlanish tizimi xastaliklarini davolash uchun yangi tibbiyot va turizm maskanlari ochildi. Ushbu tog‘oldi hududidagi yangi archazor o‘rmonlari poyida qad rostlagan “Azim Zomin shifo” sog‘lomlashtirish maskani keyingi yillarda qurib foydalanishga topshirilgan eng zamonaviy, xalqaro standartlarga to‘la javob bera oladigan ob’ektlardan biridir. 10 gektarlik yer maydoniga ega mazkur klinikada yurak- qon tomir, asab, nafas yo‘llari tizimi, ginekologiya, urologiya xastaliklari hamda umumiy sog‘lomlashtirish bo‘yicha muolajalar, tabiiy muolajalarning mavjudligi tahsinga loyiq.
– Ushbu klinikamizda davolanuvchilar sig‘imi 150 o‘rinli bo‘lib, yil davomida 2 ming nafardan ortiq dam oluvchini qabul qildik, – deydi “Azim Zomin shifo” sog‘lomlashtirish maskani direktori o‘rinbosari Begzod Xo‘jakeldiyev. – Ular orasida yaqin va uzoq xorij davlatlaridan vakillar bor. Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya kabi davlatlardan aynan davolanish maqsadida klinikamizga murojaat qiluvchilar soni ortib borayapti.
[gallery-20895]
Davolanuvchilar 8 nafar shifokor ko‘rigidan o‘tib, tahlillar olingach, zarur muolajalar tayinlanadi. Ular uchun suvli muolajalar, fizioterapiya, massaj kabi 10 dan ortiq muolaja turlari mavjud. Ayniqsa, shifobaxsh terrinkur – tuz g‘ori, ko‘pchilikning e’tiborini jalb etmoqda. Shifokor tavsiyasiga ko‘ra, nafas yo‘li xastaliklariga chalingan bemorlar tuz g‘orida 20 daqiqa nafas olish evaziga turli xastaliklar asoratlaridan batamom qutulmoqda.
Sanatoriy tuman markazidan atigi 4 kilometr uzoqda joylashgan bo‘lishiga qaramay tabiati ham juda go‘zal – Turkiston tog‘ tizmasining shimoliy o‘rmonlari tabiiy holda saqlab qolingan. Ularning go‘zalligidan unumli foydalangan holda sayr uchun yo‘laklar qurilib, obodonlashtirishga katta e’tibor qaratilgan.
Info-tur ishtirokchilarining keyingi tanishuv manzili dengiz sathidan 2000 metr balandlikda joylashgan “Zomin NKMK ” sihatgohi bo‘ldi. Bu bino qurilganidan boshlab hozirgi kungacha yuqori Zominning eng ulug‘vor va yirik sog‘lomlashtirish maskani bo‘lib turibdi. 150 o‘rinli ushbu sihatgohda Navoiy kon metallurgiya kombinati xodimlari va faxriylari dam olishadi. O‘tgan yildan boshlab esa O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan boshqa soha xodimlari ham yo‘llanma olish imkoniyatiga ega bo‘lgani ayni muddao bo‘ldi. Shu o‘rinda, ushbu maskandan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari uchun ham 25 ta o‘rin ajratilganini ta’kidlab o‘tish joiz.
– Shifo maskanimizda bemorlar asosan nafas yo‘li va asab tizimi xastaliklari bo‘yicha dardlariga shifo topmoqda, – deydi “Zomin NKMK ”sanatoriyasining uchastka rahbari Husniddin Jumanazarov. – Dam oluvchilarga 4 nafar shifokor, 118 nafar hamshira va ishchi-xodimlar jamoasi xizmat ko‘rsatadi. Sihatgohimizda massaj, fizioterapiya, umumiy sog‘lomlashtirish muolajalari amalga oshiriladi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yanvar – sentyabr oylari davomida 81 ming 700 nafar xorijiy davlatlar fuqarolari davolanish maqsadida O‘zbekistonga kelib, dardlariga shifo topib ketgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 36 ming 300 nafarga yoki 80,2 foizga ko‘p demakdir.
Bu ko‘rsatkichning yanada ortishi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali mavjud imkoniyatlar keng va samarali targ‘ib qilinishiga ham bog‘liq. Shu sababli, Jizzax viloyat turizm boshqarmasi shu kabi info-turlarni keyingi yillarda ham rejali ravishda tashkil etib borishni maqsad qilgan.
Tadbir ishtirokchilari info-tur davomida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan javoblar oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari