14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Jizzax viloyati Zomin tumanida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topganining 31 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara Qo‘shinlariga qarashli “n” harbiy qism harbiy xizmatchilari uchun yangidan barpo etilgan turar joylarning kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Mudofaa vazirligi, viloyat, tuman hokimliklari, sektorlar, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, front orti mehnat faxriylari, Chegara Qo‘shinlariga qarashli “n” harbiy qism xizmatchilari va ularning oila azolari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev va boshqalar Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining yorqin samaralarini berayotgani, davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari, harbiy xizmatdan rezervga (iste’foga) bo‘shatilgan (chiqarilgan) fuqarolar va ularning oila a’zolarini uy-joy bilan ta’minlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida qator ishlar amalga oshirilayotgani, harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirish barobarida ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilashga e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Rasmiy marosimdan so‘ng alvon bog‘ich qirqilib, tadbir ishtirokchilari tumandagi “Duoba” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi DXX Chegara Qo‘shinlariga qarashli “n” harbiy qism harbiy xizmatchilari uchun qurib bitkazilgan turar joylarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.
Turar joylarda barcha zarur sharoitlar mujassam etilgan. Quvonarlisi, harbiylarning farzandlari uchun ham barcha jihatlar hisobga olinib, o‘yin maydonchalari barpo etilgan. Har bir xonadon barcha zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.

– O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 31 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida 22 nafar harbiy xizmatchi oilasiga yangi uylarning kaliti topshirilishi mamlakatimizda harbiy xizmatchilarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin namunasidir, deb o‘ylayman, – deydi Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev.
Endi harbiylar uy to‘ylarini 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan qo‘shaloq qilib o‘z yangi uylarida nishonlaydigan bo‘ldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA