Zohid Kenjayev jahon chempionatida ishtirok etadi
AQSHning Xyuston shahrida 23-29 noyabr kunlari stol tennisi bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Unda dunyoning 128 nafar eng kuchli tennischisi g‘oliblik uchun kuch sinashadi.
Mazkur musobaqada mamlakatimiz sharafini Zohid Kenjayev himoya qiladi. Kuni kecha Z.Kenjayev musobaqada ishtirok etish uchun AQSHga jo‘nab ketdi. Shuningdek, u bilan birga delegatsiya tarkibida O‘zbekiston stol tennis federatsiyasi bosh kotibi Oybek Boymuhamedov va murabbiyi Georgiy Soy ham okean orti tomon yo‘l oldi.

Musobaqa qur’a natijasiga ko‘ra, Zohid Kenjayev dastlabki turda fransiyalik Emanuel Lebessonga qarshi raqobatlashadi. E.Lebesson hozirgi kunda Xalqaro stol tennisi federatsiyasi yangilangan jahon reytingining 39-pog‘onasida bormoqda. Z.Kenjayev esa 115-o‘rinni egallab turibdi.
Stol tennischimiz ushbu jahon chempionati oldidan mamlakat birinchiligida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Jahon chempionatiga tayyorgarlikni O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi Toshkent viloyati bo‘limida olib bordi. Umid qilamizki, tennischimiz musobaqada munosib ishtirok etadi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA