Qashqadaryoning tog‘li hududlarida yashovchi aholining holidan xabar olish, ularning tashvish va muammolarini o‘rganib, yechim topish maqsadida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi sektor rahbarlari 22-23 yanvar kunlari Maydanak tog‘i yon bag‘rida joylashgan Qamashi tumaniga qarashli olis Katta o‘ra qishlog‘ida ommaviy qabul o‘tkazdi.
Katta O‘ra mahalla fuqarolar yig‘ini Katta Tosh, Ko‘kbuloq, Yangi qishloq, Yangi ariq, Qo‘g‘a, Chit, Katta O‘ra qishloqlaridan tarkib topgan bo‘lib, ularda 3 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu qishloqlar makon topgan tog‘lar dengiz sathidan qariyb 2700 metr balandlikda joylashgan. Musaffo tabiatli hudud ahlining muammolari, ayniqsa, qishning ayozida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu bois ommaviy sayyor qabul qor-qirovli kunlarga belgilandi.

Viloyat hokimi boshchiligidagi sektorlar rahbarlari, korxona, tashkilot va idoralar mutasaddilaridan iborat jamoaning dastlabki manzili Ko‘kbuloq qishlog‘idagi tibbiyot bo‘limi bo‘ldi. Shifo maskani hududidagi Gulbuloq chashmasi yonida qishloq oqsoqollari bilan birga qurbonlik keltirilib, Qur’on tilovat qilindi.
Mazkur qishloqda 20 dan ortiq buloqlar bor. Mehmonlarga shu bois ham bu manzil Ko‘kbuloq deb nomlanishi, buloqlardan biri tibbiyot bo‘limi hududida joylashgani, Gulbuloq deb nomlangan bu buloqda qishda issiq, yozda sovuq suv sizib chiqishi haqida ma’lumot berildi.

Tibbiyot bo‘limi o‘tgan yilda rekonstruksiya qilingan ambulatoriya va yangidan bunyod etilgan 15 o‘rinli shifoxona binolaridan iborat. Bu yerda tog‘ qishloqlari aholisiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Viloyat hokimi boshchiligidagi sektor va idoralar rahbarlari shifoxonani ko‘zdan kechirib, bemorlardan hol-ahvol so‘rashdi. Tog‘lik keksalar bilan sog‘lom turmush tarzini tashkil etish, sog‘lom ovqatlanish mavzularida suhbat qurishdi. Qishloq oqsoqollari shifoxonada tez tibbiy yordam shaxobchasini tashkil etib, og‘irlashib qolgan bemorlarni tuman markaziga eltish uchun yo‘ltanlamas tez tibbiy yordam mashinasi bilan ta’minlash masalasida yordam so‘radi. Mazkur shifoxonada shifokor mutaxassislar yetishmasligini ma’lum qilishdi. Mutasaddilar tomonidan tez orada bo‘limga maxsus avtomashina ajratish va malakali shifokor jalb qilish choralari belgilab olindi.

Shundan so‘ng shu qishloqda joylashgan 29-umumiy o‘rta ta’lim maktabida qishloq xotin-qizlari va yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Dildan suhbat, samimiy muloqotlar jarayonida tog‘lik ayollarning muammolariga yechim izlandi. Ularning moddiy yordam, tadbirkorlik qilish uchun kredit ajratish, bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish, aholi bandligini oshirish yuzasidan murojaatlari bo‘yicha ayrim masalalar shu yerning o‘zida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha tushuntirish berilib, amaliy natijasi ma’lum qilinishi belgilab olindi.
Misol uchun, nogironligi bo‘lgan va boquvchisini yo‘qotgan Mavjuda Abdurahmonova 5 nafar farzandi borligini va ularni tarbiyalash uchun mablag‘ masalasida qiyinchilikka duch kelayotganini bildirdi. Unga 3 bosh qo‘y va tikuv mashinasi beriladigan bo‘ldi. Aziza Samadova pishiriq sexi ochish niyatida ekanini, buning uchun kredit zarurligini ma’lum qildi va tijorat banklari tomonidan unga zarur miqdorda kredit ajratiladigan bo‘ldi. Kasalmand qaynona-qaynotasiga qaraydigan Dildora Umirovaga oylik maosh va ish staji tayinlash belgilab olindi. Xotin-qizlarning bolalar bog‘chasi tashkil qilish bo‘yicha bir nechta murojaatlariga javoban, qishloqda oilaviy bog‘cha tashkil etish istagida bo‘lgan tadbirkor Abubakir Normurodovga 15 million so‘mlik mebel va jihozlar bepul yetkazib beriladigan bo‘ldi.

Shu maktabda tashkil qilingan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida qishloq yoshlari intiluvchan va tashabbuskor ekanliklarini yaqqol namoyon etdi. Baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik yo‘nalishlarida o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ymoqchi, mehmonxona, uy-mehmonxona qurmoqchi bo‘lgan o‘ndan ortiq yoshlarga mazkur yo‘nalishlarning afzallik jihatlari batafsil tushuntirilib, zarur miqdorda kredit mablag‘lari ajratiladigan bo‘ldi. Dehqonchilik va bog‘dorchilik qilish maqsadida yer so‘ragan yoshlarga esa yaxlit hudud tanlab olinib, “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida intensiv bog‘ tashkil qilish va mazkur bog‘ni yoshlarga bo‘lib berish belgilab olindi. Katta O‘ra mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 29- hamda 85-maktablarda sun’iy qoplamali stadion barpo etish, aholining uzog‘ini yaqin qilish uchun bu yerda davlat xizmatlari markazining filialini ochish choralari ko‘riladigan bo‘ldi.
Ma’lumotlarga qaraganda, mazkur mahalla fuqarolar yig‘inida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar soni 11 tani tashkil etadi. 9 ta boquvchisini yo‘qotgan oila, 19 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar, 2 nafar og‘ir ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar istiqomat qiladi. “Hokim va yoshlar” uchrashuvi allamahalgacha davom etib, qosh qorayib qolganiga qaramay, viloyat sektorlari rahbarlari mazkur oilalar holidan xabar olishni unutmadi. Ularning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishib, un, yog‘ va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tunga borib, ommaviy qabul o‘ziga xos tarzda tashkil etilgan qor sayliga ulanib ketdi. Sektor rahbarlari qishloq ahli bilan gurungni gulxan atrofida davom ettirdi. Taniqli san’atkorlar, shoir va baxshilar o‘z chiqishlari bilan barchaga xushnudlik ulashdi. Tanasi boshqa dard bilmas, deydi dono xalqimiz. Tog‘li qishloqlar aholisining tashvishini yurakdan his qilish uchun ular bilan birga yashab ko‘rish kerak edi. Viloyat hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlari shunday qilishdi. Ko‘kbuloq qishlog‘idagi xonadonlarda bir kecha tunab qolib, hudud ahli qish-qirovli kunlarda qanday hayot kechirishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.
Ommaviy qabulning ikkinchi kuni ishchi guruh a’zolarining hududda joylashgan Maydanak observatoriyasi safari bilan boshlandi. 2 soatlik urinishlardan so‘ng, tog‘ yo‘lini qoplagan qalin qor tozalandi. Rahbarlar Maydanak tog‘larining eng baland cho‘qqisigacha maxsus mashinalarda chiqib bordilar. Qalin qor cho‘qqilar ortidan chiqib kelayotgan quyoshning zarrin nurlarida tovlanib, ajib manzara kasb etdi. Biroq observatoriyasigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tishning imkoni bo‘lmadi. Chunki kuni kecha ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida kuchli qorning qalinligi yarim metrga yetgandi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan viloyat rahbarlari ortga qaytishga majbur bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘zlangan maqsadga erishildi: shu yerda xizmat burchini o‘tayotgan harbiylarga mo‘ljallangan sovg‘a-salomlar o‘z egalariga yetkazildi.

Shundan so‘ng Maydanak hududidagi voqeliklar Qo‘g‘a qishlog‘idagi katta ko‘pkari bilan davom etdi. Unda viloyat va tuman rahbarlari, tadbirkorlar hamda el kayvonilari tomonidan zotlar aytildi. Bu zotlar uchun nafaqat qashqadaryolik, balki qo‘shni viloyat va respublikalardan kelgan chovandozlar murosasiz kurash olib bordi. Uloq-ko‘pkarining bosh sovrini – viloyat hokimi tomonidan qo‘yilgan zot – bir toy, bir million 500 ming so‘m pul, bir televizor, bir gilam, bir mikropechga dehqonobodlik Dilshod polvon "Qorato‘ra" laqabli oti bilan ega chiqdi. Ko‘pkaridan keyin yana 29-maktabga qaytgan viloyat hokimi maktab yoshlariga dutor, tambur, doira, gitara kabi jami o‘ttizdan ortiq musiqa asboblarini sovg‘a qildi. Viloyat sudi raisi o‘quvchilarga kitob jamlanmasini topshirdi. Yoshlar bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, bilimlarni puxta o‘zlashtirishga, o‘z ansambllarini tashkil qilishga va’da berishdi.
Zoyir Mirzayev maktabda yoshlar bilan voleybol o‘ynadi. Shundan so‘ng ommaviy qabul yana Ko‘kbuloq qishlog‘idagi tibbiyot bo‘limida davom etdi. Sektor rahbarlari fuqarolarning turli yo‘nalishdagi murojaatlarini qabul qildi. Eng muhimi, bu murojaatlarda shikoyatdan ko‘ra takliflar ko‘proq bo‘ldi.

Ommaviy qabul chog‘ida mazkur qishloqlar aholisiga arzon narxlarda un tarqatildi, “Hududgaz Qashqadaryo” filiali tomonidan qo‘shimcha gaz ballonlari yetkazib berildi, Qo‘g‘a qishlog‘i aholisi uchun yangi transformator o‘rnatildi. Bir so‘z bilan aytganda, ommaviy qabul chog‘ida Katta O‘radagi bir qancha muammolar o‘sha zahoti hal etilgan bo‘lsa, yana bir qanchasini bartaraf etish choralari belgilab olindi. Qo‘shimcha o‘rganish lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha tushuntirish berilib, amaliy natijasi ma’lum qilinadigan bo‘ldi.
Aholining yashash tarzi bilan yaqindan tanishish, ularni qiynab kelayotgan muammolarga o‘z vaqtida yechim topish maqsadida o‘tkazilgan sayyor qabul odamlarning hayotga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, turmush farovonligini yaxshilashga xizmat qiladi.
O‘.BAROTOV, O‘zA