“ZiyoNET” kutubxonasi imkoniyatlarini kengaytirmoqda
O‘zbekiston Aloqa tarixi muzeyida Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan “ZiyoNET” milliy jamoat ta’lim axborot tarmog‘i elektron kutubxonasini rivojlantirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Aloqa tarixi muzeyida Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan “ZiyoNET” milliy jamoat ta’lim axborot tarmog‘i elektron kutubxonasini rivojlantirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.Zamonaviy texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib borayotgan asrimizda mamlakatimiz axborot-kutubxona muassasalari zamon bilan hamnafas bo‘lishga harakat qilmoqda, o‘z resurslarining elektron talqinlarini kengaytirmoqda. O‘quv muassasalari, turli tashkilotlar saytlarida, alohida portallarda mustaqil elektron kutubxonalar paydo bo‘lmoqda. “ZiyoNET” milliy jamoat ta’lim axborot tarmog‘i shunday ixtisoslashtirilgan resurslardan biridir. Uning fondida 55 mingdan ziyod turli elektron adabiyotlar mavjud.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Fayzullayev, “ZiyoNET” tarmog‘i resurs markazi boshlig‘i T.Mirzaqulov va boshqalar portalning kutubxona bazasini boyitish, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi rejalar haqida so‘z yuritdi.
ZiyoNET elektron kutubxonasida turli elektron materiallar o‘zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, tojik, ingliz va boshqa tillarda taqdim etilgani ta’kidlandi. Bular darslik, o‘quv va metodik qo‘llanmalar, referat, taqdimot, lug‘at, bakalavrlarning bitiruv ishlari va boshqalardan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi xodimlari kutubxona fondini boyitishga munosib hissa qo‘shmoqda. Ular tomonidan ilmiy jurnallar, byulletenlar va nomzodlik hamda doktorlik dissertatsiyalarining 2000 dan ortiq avtoreferatlari elektron kutubxonaga joylashtirilmoqda.
Kutubxonaga yoshlarni ko‘proq jalb etish, ular uchun zamonaviy va amaliy resurslar yaratish maqsadida joriy yilning may oyida ZiyoNET portali tubdan modernizatsiya qilindi. Elektron kutubxonada ham o‘zgarishlar yuz berdi. Jumladan, oliy o‘quv yurtlari va boshqa ilmiy-ta’lim muassasalarining shaxsiy kabinetlari tashkil etildi. Shaxsiy kabinet yordamida ta’lim muassasalari barcha materiallarni mualliflik huquqlariga rioya qilgan holda joylashtirishi mumkin. Shuningdek, materiallarni mavzusi va tili bo‘yicha qidirish imkoniyati ham yaratildi. O‘zgarishlar joylashtirilayotgan materiallarning shakliga ham ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, materialni arxivlangan holda joylashtirish o‘rniga doc. va pdf. shaklida kiritish imkoniyati yuzaga keldi.
Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan “Chet tillar” bo‘limiga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu yerda bolalar, o‘qituvchilar, o‘quvchi va talabalar uchun qulay havolalar mavjud. Ushbu havolalar yordamida sermazmun materiallar, keng turdagi dasturlar, jumladan, o‘qitish jarayonini sezilarli yengillashtiradigan o‘yinlar ochiladi. Bo‘limda chet tillarni o‘rganishga ko‘maklashadigan 500 dan ortiq darslik, o‘quv qo‘llanmalar va ma’lumotlar to‘plandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ZiyoNET kutubxonasida umumta’lim maktablari darsliklarini umumiy foydalanish hamda axborot materiallarini on-layn rejimida o‘qish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, ZiyoNET kutubxonasini boshqa elektron kutubxonalarga integratsiyalash ko‘zda tutilayotir. Bu materiallar sonini ancha kengaytirish imkonini beradi. Kutubxonadan foydalanishni soddalashtirish maqsadida barcha resurslarni foydalanuvchilar guruhiga qarab taqsimlash rejalashtirilmoqda.
Bugungi kunda ZiyoNET kutubxonasi fondini yanada boyitish ishlari davom etirilmoqda. Matbuot anjumani tashkilotchilari ta’kidlaganidek, yaqin vaqtlarda bu yerda badiiy adabiyotlar ham joylashtiriladi. Bu yoshlarning kutubxonaga qiziqishini oshirish, foydalanuvchilarning ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.