Zelenskiyning do‘stlaridan biri korrupsiya ishida gumonlanmoqda
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’muriyati atrofida yangi korrupsiya mojarosi avj olmoqda: sobiq administratsiya rahbari Andrey Yermak yirik korrupsiya tergovida rasman gumonlanuvchi sifatida tilga olindi.
Milliy korrupsiyaga qarshi byuro va Korrupsiyaga qarshi maxsus prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, tergovchilar tomonidan 2021-2025-yillar orasida Kiyev yaqinidagi nufuzli ko‘chmas mulk loyihasi orqali qariyb 9 million yevro “yuvilgani” aniqlangan.
Tergov hisobotida noqonuniy harakat ofshor kompaniyalar, naqd pul aylanmasi va soxta moliyaviy hujjatlar orqali amalga oshirilgani qayd etilgan. Gumonlanuvchilar qimmatbaho xususiy saroylar va SPA majmuasi qurishni rejalashtirgani aytilmoqda.
Mahalliy OAV bayonotda tilga olingan shaxs aynan Yermak ekanini yozmoqda. Gumondor jurnalistlar savoliga qisqa javob berib, tergov yakunlanmaguncha izoh bermasligini bildirgan.
Kuzatuvchilar fikricha, bu ish Ukraina hukumati uchun urush davridagi eng og‘ir siyosiy zarbalardan biriga aylanishi mumkin. Zero, avval ham Zelenskiyga yaqin bir necha amaldor va sobiq hamkorlar jinoiy tergovga tortilgan edi.
Musulmon Ziyo, O‘zA