Zelenskiy: Ukraina o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor, agar...
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatning Rossiya bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarga ochiq ekanini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, agar RF tomoni ham shunday iroda ko‘rsatsa, Ukraina istalgan vaqtda o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga tayyor.
Zelenskiyning bayonotida asosiy e’tibor uchta muhim masalaga qaratildi. Birinchidan, agar Rossiya Ukrainaning energetika tizimiga hujumlarni to‘xtatsa, Ukraina ham javob zarbalaridan voz kechadi.
Ikkinchidan, u Rossiya hududiga berilayotgan zarbalar faqat mudofaa va munosib javob hisoblanishini ta’kidladi, bu tajovuz emas, balki o‘lka xavfsizligini ta’minlash chorasi sifatida qaraladi.
Uchinchidan, Ukraina tomoni to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish, energetik xavfsizlikni ta’minlash va global oziq-ovqat xavfsizligini kafolatlash bo‘yicha kelishuvga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
– Biz muloqot uchun ochiqmiz va barcha takliflarimizni ilgari surdik. Agar Rossiya tomoni tayyor bo‘lsa, bu masalani istalgan muddatda va tezkorlik bilan hal qilishga sobitmiz, -dedi Zelenskiy.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA