Zelenskiy: Kiyev va Vashington urushni qishgacha tugatmoqchi (+video)
AQSH va Eron delegatsiyalari vositachilar orqali qariyb uch soat muzokara olib bordi va yakun samarali bo‘ldi, dedi Donald Tramp. Bundan avval u Eronni yo‘q qilish bilan tahdid qilgan edi, deyilgan DW tarqatgan xabarda.
AQSH va Eron rasmiylari 22-sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasi doirasida uchrashdi. Bu bir necha oy ichidagi ilk muloqot, dedi Prezident Donald Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, qariyb uch soat davom etgan uchrashuv samarali kechgan.
Muzokarada AQSH tomonidan maxsus vakillar Stiv Uitkoff va Jared Kushner, Eron tomonidan esa tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy ishtirok etdi. Tadbirga Qatar va Pokiston vositachilik qilgan.
«Bugun BMT Bosh Assambleyasi doirasida Eron delegatsiyasi bilan uzoq muzokara o‘tkazdik. Vositachilar kun davomida tomonlar o‘rtasida qatnab, muloqotni ta’minladi. Muhokamaning navbatdagi bosqichini muvaffaqiyatli yakunladik. Vositachilar ishni davom ettiradi», — degan Uitkoff.
Amerika yetakchisi BMT Bosh Assambleyasi doirasida Fors ko‘rfazi davlatlari rahbarlari bilan uchrashuv chog‘ida Tehron bilan kelishuvga erishish uchun yaxshi imkoniyat paydo bo‘lganini aytdi. Davlat OAV ma’lum qilishicha, Eron muzokara davomida Vashingtonga nisbatan Hurmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovini qayta tiklash shartini ilgari surgan. Ya’ni, AQSH tomonidan joriy etilgan dengiz qamalini zudlik bilan bekor qilish, sanksiya tufayli muzlatilgan Eron aktivini to‘liq yechish va har qanday harbiy harakatni to‘xtatish.
Muzokaradan oldin AQSH rahbari BMT minbarida, davlat va hukumat rahbarlari qarshisidagi nutqida Islom Respublikasini «yo‘q qilish» bilan tahdid qilgan.
«Biz Eronga tiklanish va qudratli davlatga aylanish imkonini berish yoki Eronni yo‘q qilish tanlovi oldida turibmiz. Endi bu mamlakat odamlarni o‘ldirish, boshqa davlatlarni vayron qilish imkoniga ega bo‘lmaydi», — dedi AQSH prezidenti.
Xabarlarga ko‘ra, Tramp nutq so‘zlayotgan payt Tehron delegatsiyasi zalni tark etgan.
K.Bekjonov, O‘zA