Zelenskiy BMTda: Putin urush g‘oyasini dunyoga yoymoqda (+video)
– Rossiya Prezidenti Vladimir Putin urush g‘oyasini butun dunyoga tarqatayotgan manba, – dedi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida. – Putinning harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, bunday yovuzlikni yanada kengroq tarqatishiga imkon bermaslik kerak. Bu haqda DW xabar bergan.
Kiyev Rossiya energetika tizimiga zarba berish bilan tahdid qildi. Zelenskiyning aytishicha, Rossiya tarixida birinchi marta mamlakatning “g‘ururi” hisoblangan neft sanoati so‘nggi kuchini sarflamoqda.
– BMT Xavfsizlik kengashida doimiy o‘ringa ega, neft eksporti bilan g‘oyat faxrlanadigan mamlakat uchun bundan-da tahqirli mag‘lubiyatni tasavvur qilish qiyin, – dedi Ukraina yetakchisi.
Uning ta’kidlashicha, neft Kiyev uchun maqsad emas. Benzin, dizel yonilg‘isi, zavod va portlar ham zarba berish uchun asosiy nishon hisoblanmaydi. Maqsad – Rossiyaning urushni moliyalashtirish va cho‘zish imkoniyatini cheklash.
Zelenskiy ruslar urushni tugatishga tayyorligiga shubha bildirib, Putinni tinchlik izlash o‘rniga mojaro ko‘lamini kengaytirishda davom etayotgan rahbar sifatida ko‘rsatdi. Shuningdek, ukrainaliklarni yana bir og‘ir qish kutayotganidan ogohlantirdi. Moskva hujumiga javob tariqasida issiqlik ta’minoti tizimi va energetika infratuzilmasiga yana zarba berilishi mumkinligini aytdi:
– Ukrainaliklar bu qish biz uchun juda og‘ir kelishini tushunadi, ammo bizda bu qishni RF uchun ham og‘riqli qilishdan boshqa chora yo‘q.
Zelenskiy yanvar-avgust oralig‘ida Rossiya Qurolli kuchlari jang maydonida 248 964 harbiy yo‘qotganini eslatdi. Qo‘shimcha qilinishicha, rus armiyasi safida, jang maydonida halok bo‘layotganlar orasida 47 davlat fuqarolari bor. Prezident ogohlantirishicha, kelasi yildayoq front uchun qarorni nafaqat insonlar, balki sun’iy intellekt ham qabul qila boshlashi ehtimoli yaqin.
– Biz o‘sha nuqtaga yetib bormasdan oldin tinchlikka erishishimiz kerak, – dedi u.
Ayni payt Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov BMT minbaridan turib jangda tanaffus bo‘lmasligini bildirdi.
Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, (+video) O‘zA